22:14 / 31.12.2021
6587

Elektr energiyasi ta’minotida monopoliyani bekor qilish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda sanoatning yetakchi tarmoqlari va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish hamda transformatsiya jarayonlarini yakunlash mo‘ljallanmoqda. 

Foto: Getty Images

Mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, transport kabi tarmoqlardagi 23 ta yirik korxona xalqaro kredit reytinglarini olish orqali ichki va tashqi moliyaviy bozorlarga mustaqil chiqib, investitsiya loyihalari uchun o‘zi mablag‘ jalb qilishini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Energetika sohasida transformatsiya jarayonlari jadallashtiriladi. Bunda, elektr energiya ta’minotida monopoliya bekor qilinadi hamda sohaga bozor mexanizmlari joriy etiladi, jumladan:

  • energetika bozori regulyatorini tashkil etish;
  • “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJdan elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasini ajratish;
  • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablarni belgilash;
  • “O‘zbekgidroenergo” AJ kichik va o‘rta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etish ko‘zda tutilgan.

Neft-gaz sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish orqali tabiiy gaz ta’minotida bozor mexanizmlari joriy etiladi, jumladan:

  • “O‘ztransgaz” AJni faqat gazni transportirovka qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga aylantirish;
  • tabiiy gazning raqobatli ulgurji bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish;
  • “O‘zbekneftgaz” AJning tashkiliy-huquqiy tuzilmasini dunyoning yetakchi neft-gaz kompaniyalari standartlariga muvofiqlashtirish, bunda jamiyat tasarrufidagi korxonalarda kooperatsiya va autsorsing xizmatlarini joriy etish;
  • “Hududgazta’minot” AJ faoliyati yo‘nalishlariga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablarni belgilash nazarda tutilgan, jumladan: suyultirilgan gazni aholiga yetkazib berish tizimiga; tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazib berish tizimiga.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlari jadallashtiriladi. Bunda, sohada xususiy yuk tashish operatorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, asosiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan aktivlarni maqbullashtirish, yuk tashish xarajatlarini kamaytirish, yangi servis takliflarini joriy etish rejalashtirilgan.

Kimyo sohasidagi korxonalar xususiylashtiriladi, jumladan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022 yilda “Farg‘onaazot” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xususiylashtiriladi.

Mavzuga oid
Top