11:31 / 31.12.2021
3941
O‘zbekiston Tashqi siyosiy faoliyatining yangi konsepsiyasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 30 dekabr kuni O‘zbekistonning xorijdagi elchilari, konsullik muassasalari rahbarlari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakillari ishtirokida TIV Hay’ati majlisini o‘tkazdi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv davomida vazirlik va diplomatik vakolatxonalarning joriy yildagi faoliyati yakunlari ko‘rib chiqildi, 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi va aniq topshiriqlar berildi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hay’at yig‘ilishida O‘zbekiston Tashqi siyosiy faoliyatining yangi konsepsiyasi loyihasi ham muhokama qilingan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

“Iqtisodiy diplomatiya masalalariga, jumladan, diplomatik missiyalar rahbarlarining joylardagi vaziyatni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston viloyatlariga amalga oshirgan safarlari, savdo-iqtisodiy sohadagi loyihalarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun vazirlik va idoralarida o‘tkazgan uchrashuvlarining natijalariga alohida e’tibor qaratildi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 27 dekabr kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilarida ishonch yorliqlarini qabul qilib olgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishini ma’lum qilgan edi.

Konsepsiyani takomillashtirish 2021 yilgi davlat dasturiga ham kiritilgandi. Dasturda, 1 dekabrgacha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Kun.uz bilan muloqot qilgan Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusufbek Qobiljonovga ko‘ra, ayni damda Tashqi siyosiy faoliyatining yangi konsepsiyasi loyihasi elchilar, diplomatlar va boshqa mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

«Loyiha doirasida ishlar yakunlangan, u albatta jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi», dedi TIV rasmiysi.

Top