10:07 / 31.12.2021
34571

Ukrainaga chindan Lenin asos solganmi – Putinning matbuot anjumani haqida ekspertlar nimalar dedi?

Foto: Sergey Karpuxin / TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bu galgi yillik matbuot anjumanida asosiy mavzular xalqaro siyosat, koronavirus pandemiyasi va mamlakat iqtisodiyotining hozirgi holati haqida bo‘ldi. VVS Putin keskin gapirgan ba’zi mavzularga OAV yetarlicha e’tibor bermadi deb hisoblab, ekspertlardan ularni tahlil qilib berishni so‘radi.

Putin matbuot anjumani davomida «yangi etika» iborasini tez-tez ishlatdi, lekin OAV chindan bu narsaga jiddiy e’tibor qaratmadi. Shuningdek, Rossiya prezidenti Ukraina qanday paydo bo‘lgani haqida ham «tomdan tarasha tushgandek» gapirgani yo‘q, axir shu kunlarda navbatdagi anneksiya haqida tobora ko‘proq gapirishmoqda. VVS g‘arblik harbiy ekspertlardan Putinning G‘arb manziliga yog‘dirgan tanqidlarini ham tahlil qilib berishni so‘ragan.

«Yangi etika»: Putin nima dedi va ekspertlar qanday fikrda?

Matbuot anjumanida Putindan Rossiyada paydo bo‘lgan «yangi etika» haqida so‘rashdi. Rossiyada zamonaviy illatlarni shunday atash urfga kirdi (bir vaqtlar O‘zbekistonda buni ommaviy madaniyat deb atashardi – tarj.). Putin «yangi etika»ni koronavirus paydo bo‘lishi va uning yangi shtammlari tarqalishiga o‘xshatib, unga qarshi milliy qadriyatlardan tashkil topgan himoya vositasi shakllantirish lozimligini aytdi.

«Ko‘p millatli davlat sifatida shakllangani Rossiyaning kuchi va o‘ziga xosligi hisoblanadi. Rossiyadagi hamma millat vakillarida bu illatlardan ichki himoya mavjud. Biz bir-birimizning qadriyatlarimizni hurmat qilishga odatlanganmiz», dedi Putin.

Sankt-Peterburg Yevropa universiteti sotsiologiya fakulteti ilmiy xodimi Darya Litvinaning aytishicha, Rossiyada ma’lum yosh, jins, tabaqa va guruhlar o‘rtasida shakllangan muammolar jamlanmasiga «yangi etika» deb nom berish odat tusiga kirdi. Uning aytishicha, zamonaviy odatlarga qarshi bo‘lish faqat Rossiyada shakllangan emas, AQShda ham mamlakatning yarmi ularga qarshi, ammo ziyolilar va OAVda zamonaviy odatlar tarafdorlari ko‘proq.

Darya Litvinaning fikricha, G‘arbda bu boradagi munozaralar Rossiyada bo‘lgani kabi bir nom ostida birlashmagan: «Yangi etika» anchadan buyon mavjud bo‘lib yaqinda «muammo tug‘dirishni boshlagan» illatlarni yo‘naltirishga urinishdir. Bu terminni aynan nimagadir bog‘lash qiyin, shu sabab uni ishlatganda doim gap nimada ekanini izohlashga majburmiz».

Ukraina tarixi: uni Lenin qurganmidi?

Matbuot anjumanida Putin Ukraina qanday paydo bo‘lgani haqida ham gapirdi. «Ukrainani kim qurgandi? Lenin Vladimir Ilich, sovet ittifoqiga asos solgan vaqtida. 1922 yil kelishuv bo‘lgan, 1924 yil konstitutsiyaga kiritilgan. To‘g‘ri, bu ish Leninning o‘limidan keyin, lekin uning prinsiplari asosida», dedi Rossiya prezidenti.

Foto: kremlin.ru

Harvard universiteti professori bo‘lgan Ukraina tarixi bo‘yicha mutaxassis Sergey Ploxiy esa bunday fikrda emas: «Lenin Ukrainani qurmagan, bu aniq. U 1918 yil mustaqil Ukraina davlatiga hujum qilib, keyin USSR nomli qo‘g‘irchoq davlatga aylantirib qo‘ydi. 1922 yilda esa Lenin Ukrainadan rasmiy mustaqilligini olib qo‘yib, sovet ittifoqi bilan integratsiyani amalga oshirdi.

Lenin qurgan yagona davlat – Rossiya Federatsiyasi. Bu davlat 1918 yil o‘z konstitutsiyasiga ega bo‘lib, 4 yildan keyin sovet ittifoqiga kirgan. Yelsin esa 1991 yil bu davlatni SSSR tarkibidan chiqarib olib, amalda ittifoq parchalanishiga yo‘l ochdi. Shunday ekan, Lenin Ukraina emas, zamonaviy Rossiya asoschisi», deydi Ukraina tarixi bo‘yicha professor.

Yana bir tarixchi professor Aleksey Miller (Gazprom rahbari emas) ham Putinning fikriga qo‘shilmaydi.

«Putinning ko‘plab dabdabali chiqishlari kabi bu galgisi ham to‘g‘ri emas. Bir narsani unutmaslik kerak: Lenin nimadir tuza oladigan vaqtda hozir Ukraina deb ataladigan hududlarda birinchi jahon urushi va keyinchalik kuzatilgan fuqarolik urushidan keyin bir nechta davlatchilik ko‘rinishlari paydo bo‘lib ulgurgandi.

Birinchidan, Lenin kichikruslar, kattaruslar, belaruslarni bir millatning uch novdasi deb qarashni rosa targ‘ib qilgan. Bu imperiya vaqtida rus millatchiligi o‘zagi bo‘lgan. Uning paydo bo‘lishini esa Lenin buyukrus shovinizmi deb atagan. Kichikrus iborasini ishlatish esa deyarli taqiqlangan».

Ikkinchidan, Lenin SSSR teng huquqqa va o‘zini boshqarish huquqiga ega ittifoqchilardan iborat davlat bo‘lishi kerak deb turib olgan. Stalin esa barcha mamlakatlar Rossiya SSR tarkibiga avtonom bo‘lib kirishi kerakligini aytgan. Shunday ekan, Putin yana kimningdir ustidan kulishni istasa, Ukrainaga Stalin asos solgan deb bemalol aytishi mumkin. Chunki hozirgi Ukraina yerlarini aynan Stalin umumlashtirgan. Bugun Volin va Galitsiya deb nomlanadigan joylarni 1939 yil Polshadan, Bukavinani 1940 yil Ruminiyadan, Karpatortini esa Vengriya hamda Chexoslovakiyadan tortib olgan.

Ko‘rinib turibdiki, Putin tarixdan imtihon topshirmagan», deydi Miller.

Rossiyaning G‘arb bilan qarama-qarshiligi

Ukraina qanday paydo bo‘lgani borasidagi gapni Putin bu davlatga bostirib kirish ehtimoli haqidagi savolga javob berish vaqtida ko‘tardi. Rossiya Ukrainaga bostirib kiradimi yo‘qmi degan savolga Putin baribir aniq javob bermadi. Buning o‘rniga NATO sharqqa qarab kengayishi xato ekani haqida aytdi. Bu borada gapirar ekan, Putin G‘arb Rossiyaga xavfsizlik borasida kafolat berishi kerakligini aytdi. «Siz bizga kafolat berishingiz kerak, ha, siz! Tezda, hoziroq», dedi Putin.

Foto: Aleksandr Zemlyanichenko / AP / Scanpix / LETA

Britaniyaning Belarusdagi sobiq elchisi Nayjyel Guld-Devisning fikricha, Putinning G‘arb haqidagi fikrlari qarama-qarshi signallarga ishora bermoqda: «Putin oxirgi vaqtlarda AQSh va NATOga qarshi ichida yig‘ilib qolgan hamma gaplarini aytib olmoqda. Ayrim talablari anchadan buyon aytiladi, ba’zi iddaolar esa yangilik bo‘lyapti. Ularning aksari sovuq urushdan keyin yaqqol ko‘zga tashlangan NATO kengayishini bas qilish kerak degan xulosaga olib boradi».

Guld-Devisning fikricha, Rossiya NATO va AQShdan talab qilayotgan narsalar imkonsiz ekanini bilaturib ularning ijrosini tezlashtirishni talab qilmoqda. Muzokaralarni tezda boshlash haqida talab ham o‘rinsiz, ular shundog‘am yanvarda boshlanadi.

«Putinning bayonotidan Rossiya G‘arbning ko‘plab vakillari bilan muzokara o‘tkazmoqchi ekanini anglash mumkin. Boshlanishiga Rossiya faqat AQSh va Yevropaning «tanlangan» davlatlari Germaniya yoki Fransiya bilan gaplashishni istagan bo‘lsa, hozir gap NATO va YeXHT doirasidagi keng qamrovli muzokaralar haqida ketmoqda», deydi ekspert.

AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi Semyuyel Sharap esa Kremldan tarqalayotgan signallarda qarama-qarshilik ko‘rmayotganini aytadi. «Putin diplomatiyaga oxirgi imkonni berish barobarida [harbiy] harakatga hozirlanmoqda», deydi tahlilchi. Uning fikricha, Putin amalga oshishi imkonsiz talablarni aytib, yana kutib tura olmasligini iddao qilyapti. Vaholanki, ikki tomonlama qurol nazorati to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqlashning o‘zi kamida bir yil vaqt oladi.

Janob Sharapning aytishicha, Putinning Ukraina tomonidan provokatsiya bo‘lishi mumkinligi haqida so‘zlari ayniqsa xavotirli. Ekspertga ko‘ra, Putin hali Ukrainaga bostirib kirish borasida aniq fikrga kelmagan, lekin shunday vaziyat paydo qilganki, harbiy harakatni istagan vaqtida boshlay olishi mumkin. «Diplomatiya esa vaqtni cho‘zish uchun imkon», deydi Semyuyel Sharap.

Rossiya va NATO munosabatlarini tahlil qilgan ko‘plab ekspertlar bir narsaga e’tibor qaratgan: Putin davrida harbiy operatsiyalar doim kutilmaganda sodir bo‘lgan va hozirgi kabi uzoq tayyorgarlig-u shov-shuv bilan anons qilinmagan. Semyuyel Sharap bu faktlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasligiga kafolat bo‘la olmasligini aytgan. Uning fikricha, Qrimni bosib olish, Suriyaga qo‘shin kiritish va Qorabog‘ga yollanma askarlar yuborish kabi oldingi harbiy harakatlar ularga sabab bo‘lgan voqealar bevosita Rossiya ishtirokisiz boshlanganiga javob tariqasida kutilmaganda amalga oshirilgan.

«Men 1991 yildan boshlab Rossiya amalga oshirgan harbiy amaliyotlar haqida ilmiy ish qilganman. Ularning deyarli barchasi nimagadir javob tariqasida amalga oshirilgan. Rossiya Qorabog‘dagi urushni boshlagani yo‘q, Asadga qarshi harakatni ham ruslar boshlamadi, Maydan ham Rossiyaning ishtirokisiz yuzaga kelgandi.

Hozir esa vaziyat boshqacha: Ukraina o‘z chegarasida qo‘shinlar to‘planayotganini izohlaydigan hech qanday harakat qilmadi. Bu gal Rossiya qaysidir ma’noda voqealar rivojidan ilgarilab ketdi. Odatda Rossiya qaysidir voqeaga javob o‘laroq harbiy harakat amalga oshirgan bo‘lsa, hozir o‘sha keskinlikni, o‘sha asos bo‘lgich voqeani o‘zi yaratmoqda. Shu bilan hozirgi holat boshqalaridan farqlanadi va shu sabab u xavfli», deydi AQSh Davlat departamentining sobiq xodimi.

Sobiq elchi Guld-Devis ham Putin kutilmaganda harbiy operatsiya amalga oshirib o‘rganganini aytadi. «Hukumat tepasiga kelganidan buyon Putin harbiy kuchni kutilmaganda va ogohlantirishsiz ishlatgan. G‘arbni qo‘rqitib, shu orqali uning siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun harbiy rejalarini ochiqchasiga namoyish etishi Putin uchun yangilik, u avval bunday qilmagan», deydi tahlilchi.

Rossiya bo‘yicha mashhur tahlilchi Sem Grinning fikricha, Rossiya Ukraina va ittifoqchilarining yuragiga g‘ulg‘ula solgan siyosatni mamlakat ichidagilar uchun qilmoqda: «Bu harakatlardan maqsad rossiyaliklarga mana, biz hech kimga tegmayapmiz, aksincha, ular bizga hujum qilmoqda, deyish. Ammo Ukraina suvereniteti qanaqasiga Rossiyaga xavf solayotgani, G‘arb qanday qilib Rossiyani bu mavjud bo‘lmagan xatardan ihotalashi mantiqsiz holat, shubhasiz. Bu holatda Putin matalnavislik bilan shug‘ullanib, uydirma to‘qiyotganga o‘xshaydi. U xayoliy ajdarho borligiga hammani ishontirib, keyin muzaffar jangchi bo‘lib o‘sha mavjud bo‘lmagan ajdarni o‘ldirmoqchi (Rossiya gerbida ajdarhoni o‘ldirayotgan muzaffar Georgiy tasvirlangan, ekspert shunga kinoya qilmoqda)», deydi ekspert.

Katta matbuot anjumani: u nimaga kerak o‘zi?

VVS faylasuf Grigoriy Yudindan Putin har yil o‘tkazadigan yillik matbuot anjumani nega o‘tkazilishini tahlil qilib berishni so‘radi.

«Bunday matbuot anjumanlari Putinning jonli muloqoti kabi bir xil formatda bo‘lib o‘tadi. Ularda Putin nima deyishi emas, qanday gapirishi birinchi planga chiqadi. Anjuman boshlanmay kim akkreditatsiyadan o‘tishi, kim qanday plakat ko‘tarib, mikrofon berilishiga erishishi kabi narsalar muhokama qilinadi. Keyin kimdir kiyimining ostidagi futbolkada nima yozilganini ko‘rsatishi kutiladi (deputat Darya Besedina Putin ishtirok etgan yig‘ilishda «Öbnulis» yozuvli futbolka bilan kelgandi. O‘shanda Putinning vakolatlari konstitutsiyaga ko‘ra yangilanishi kutilayotgandi. Bu so‘z bir o‘qishda «noldan boshlash», boshqacha o‘qiganda «bezor bo‘ldik» ma’nosidagi so‘kinishni anglatadi).

Foto: Videodan kadr

Putin bilan matbuot anjumanida savol berish imkonini qo‘lga kiritgan baxtli inson faqat savol bera oladi, undan mikrofonni darrov olib qo‘yishadi. Qayta savol berish, aniqlashtiruvchi savol berish imkonsiz. Monarx savolni tushunmasa, bu jurnalistning baxsizligi.

Insonlar o‘rtasidagi normal muloqot boshqacha shakllangan, biz nimanidir aniqlashtirishimiz, izohlashimiz mumkin, ammo Putin ishtirokidagi anjumanlarda buning iloji yo‘q. Taqqoslash uchun, Amerika prezidentlarining matbuot anjumanlarini oling: birinchidan, u yerda matbuot anjumanlari doimiy o‘tkaziladi, ikkinchidan, jurnalistlarning siz uchun noqulay savollariga javob bermay mamlakatni boshqara olmaysiz. AQShda jurnalistlar doim qo‘shimcha savol berishadi.

Putin har qanday savolga raqamlar bilan javob berishining ham «siri» oddiy: barcha «o‘tkir» savollar oldindan tayyorlab qo‘yiladi, xuddi javoblar kabi. Bu uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan yolg‘on.

Putin odamlar bilan muloqotga kirishish borasida kuchsiz siyosatchi. U tayyorlanmagan odamlar, tayyorlanmagan savollar oldida ojiz bo‘lib qoladi. Ammo Putinga xalq qo‘llab-quvvatlovi sun’iy ko‘rinishda bo‘lsa ham kerak. Bu matbuot anjumanlari kabi soxta marosimlarda ishtirok etadigan hamma o‘zgacha olamga kirib qolishga mahkum. Televizor qarshisida hech nimani hal qilmaydigan oddiy xalq esa go‘yoki hamma narsani biladigan Putinning nutqidan mast bo‘lib, u o‘zgacha odamligi, o‘zi esa ikkinchi klassning oddiy vakili ekanini his qilishi lozim. Mana shuning uchun o‘tkaziladi bunday ko‘zbo‘yamachiliklar. Sotsiolog sifatida bunday marosimlarda qatnashmaslikni maslahat beraman. Agar sizda uni qanday yo‘qqa chiqarish haqida qandaydir fikr bo‘lmasa, albatta».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top