11:09 / 01.01.2022
33544

Bekobod shahar hokimligi bosh mutaxassisi 128 ming dollar bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati yer maydonlarining noqonuniy sotilishiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi.

Videodan kadr

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bekobod shahar hokimligining bosh mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, muqaddam bir necha bor sudlangan qarindoshi bilan birgalikda undan noqonuniy ravishda 128 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Aniqlanishicha, hokimlik vakili ushbu pul mablag‘i evaziga maktabgacha ta’lim muassasasi binosini xususiylashtirib olishda va shahar hududidan 1 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berishni va’da qilgan.

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda esa, Urgut tumanidagi uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 20 sotix yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelayotgan fuqaro, ushbu yerning 10 sotixini boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga undan 12 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Yana bir holatda, 1961 yil Jizzax viloyatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga Toshkent shahrida joylashgan va tender bahosi 5 mlrd so‘m bo‘lgan bino hamda yer uchastkasini olishda yordam berishni va’da qilib, evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 2 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi DXX xabarida.

Top