15:04 / 01.01.2022
10467
Hokimlar almashinuvidan quyosh stansiyasi ishga tushirilishigacha –  2021 yilda Navoiy viloyatida yuz bergan 8 ta muhim voqea

Yakuniga yetgan yilda navoiyliklar ham turli o‘zgarishlar va voqealar guvohi bo‘lishdi: rahbarlar almashdi, yangi zavodlar ochildi, turli jinoyatlar sodir etildi... Kun.uz 2021 yilda viloyatda yuz bergan 8 ta muhim voqeani e’tiboringizga havola qiladi.

1. 2021 yilda Navoiyda yuz bergan yangiliklarning eng muhimi viloyat rahbarining o‘zgarishi bo‘ldi. 2016 yilning dekabridan buyon viloyat hokimi sifatida ishlab kelgan Qobul Tursunov sog‘ligi davolanish talab etgani sababli o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi. Viloyatning yangi rahbari sifatida Normat Tursunov ish boshladi. U 2018 yil yozidan buyon Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Qobul Tursunov va Normat Tursunov

2. Viloyatning Karmana tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Uning ramziy ishga tushirilish marosimida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi 268 gektar maydonni egallagan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 110 mln dollarni tashkil etdi. Stansiyada yiliga 252 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi

3. Viloyat hayotidagi muhim voqealardan yana biri «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida biryo‘la ikkita zavod - azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalarining ish boshlagani bo‘ldi. Ushbu zavodlarning ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev qatnashdi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar «Navoiyazot»da mahsulot ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirib, bu ko‘rsatkichni yillik 150 million dollardan 410 million dollargacha olib chiqadi.

4. O‘tgan yilda viloyatda 2 ta tuman hokimi almashdi. Mart oyida Xatirchi tumani hokimi G‘afur Aliyev boshqa ishga o‘tgani sababli lavozimidan ozod etildi hamda uning o‘rnini Sayfiddin Nizomov egalladi. Noyabr oyiga kelib, viloyatning Qiziltepa tumaniga qariyb 25 yil hokimlik qilib kelgan Shabon Nabiyev ham ishdan ketdi. “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi, senator Ulug‘bek Fayziyev tumanning yangi rahbariga aylandi

5. Viloyatda sodir bo‘lgan shov-shuvli voqealardan yana biri Zarafshon daryosida ko‘plab baliqlarning zaxarlanib, nobud bo‘lishi bo‘ldi. Ekologiya qo‘mitasi bunga “Navoiyazot” korxonasining daryoga xavfli moddalarni belgilangan me’yorlardan ko‘p miqdorda oqizganligini sabab qilib ko‘rsatdi. Ammo korxona bu ayblovni rad qildi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

6. Avgust oyida Navoiyda yana bir yirik korxona – 7-gidrometallurgiya zavodi ish boshladi. Zarafshon shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Markaziy kon boshqarmasiga qarashli mazkur zavod yiliga 15 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega.

7. Noyabr oyida Navoiyda davlatning 1 mlrd 53 mln so‘mini talon-toroj qilgan mansabdorning hokim farmoyishiga asosan rag‘batlantirilgani voqeasi ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz surishtiruvida Navoiy shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yusuf Tursunov sud hukmi bilan mansabdor bo‘lish huquqidan mahrum qilinib, axloq tuzatish ishlari jazosiga tortilgan bo‘lsa ham, lavozimidan bo‘shatilmay kelgani aniqlangandi. Keyinchalik mazkur ish doirasida shahar hokimining qarori o‘zgartirildi, IIB probatsiya guruhi inspektori intizomiy javobgarlikka tortildi.

8. Viloyatda noqonuniy oltin qazib olish ortidan o‘lim holatlari aniqlandi. Xususan, iyun oyida Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida eski tashlandiq kondan oltin qazib olayotgan ikki nafar hamda ularni qutqarish uchun ortidan kirgan yana ikki yigit chiqindi gazdan bo‘g‘ilib, vafot etdi. 13 noyabr kuni esa shu kabi holat Konimex tumanining Karakata ovulida joylashgan Lolazor nomi bilan ataluvchi cho‘l hududida sodir bo‘ldi. Tarkibida oltin bo‘lgan rudani qazib olish jarayonida bir guruh kishilar qum ostida qoldi va buning oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top