09:01 / 01.01.2022
77661

«Menga ikki daqiqa vaqt berishdi». Ashraf G‘ani Kobuldan qanday qochgani haqida ilk marta so‘zlab berdi

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani BBC bilan suhbatda uning avgust oyida Kobuldan qochishi mamlakat poytaxtini vayronagarchiliklardan saqlab qolish uchun zarurat bo‘lgani haqida gapirdi.

Foto: Reuters

G‘ani BBC Radio 4 radiostansiyasining Today dasturi efirida Afg‘oniston rahbari sifatidagi so‘nggi daqiqalari haqida so‘zlab berdi. U dasturda Britaniya quruqlik qo‘shinlari bosh shtabining sobiq rahbari Nik Karter bilan birgalikda ishtirok etdi.

G‘anining so‘zlariga ko‘ra, u toliblar Kobulni egallagan 15 avgust kunida bu kun prezident lavozimidagi so‘nggi kuni bo‘lishi haqida «mutlaqo tasavvurga ega bo‘lmagan» holda uyg‘ongan. G‘ani uni Afg‘onistondan O‘zbekistonga, keyin Birlashgan Arab Amirliklariga olib ketgan samolyot bortida ketarkan, endi amaldagi prezident emasligini tushungan.

Sobiq prezidentni ko‘p bor hal qiluvchi pallada Kobuldan qochib ketgani uchun tanqidlar yog‘dirishdi, uning o‘zi esa bu nafaqat o‘z xavfsizligi uchun, balki shaharni saqlab qolish uchun zarur chora bo‘lganini aytdi.

Uning aytishicha, avvaliga «Tolibon» tarafdorlari Kobulga kirmaslikka rozi bo‘lgan, «ammo ikki soatdan so‘ng bu va’dadan asar ham qolmagan».

«Toliblarning ikkita turli guruhi ikki tarafdan hujum qildi. Ular o‘rtasida aholisi besh millionlik shaharni vayron qiladigan va odamlar hayotini izdan chiqarib yuboradigan keng miqyosli to‘qnashuv kelib chiqishi xavfi bor edi», dedi G‘ani.

G‘anining so‘zlariga ko‘ra, u Kobuldan turmush o‘rtog‘i va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi evakuatsiya qilinishiga rozilik bergan, o‘zi esa mudofaa vazirligiga borish uchun avtomobilni kutgan. Ammo davlat rahbari uchun mashina kelmagan. G‘anining aytishicha, haydovchi o‘rniga prezident qo‘riqchilari boshlig‘i «dahshat ichida» uning oldiga kelgan va agar G‘ani qarshilik ko‘rsatishda davom etsa, «hammani o‘ldirishlari»ni aytgan.

«Men pul olib ketganim yo‘q»

«U menga ikki daqiqadan ortiq vaqt bermadi. Dastlabki rejalarga ko‘ra, men Hostga [mamlakat janubi-sharqidagi yirik shahar] uchishga tayyorlanishim kerak edi. Ammo u Host ham, Jalolobod ham qulaganini aytdi. Men qayerga uchayotganimizni bilmasdim. Faqat parvozdan keyin Afg‘onistonni tark etayotganimiz ma’lum bo‘ldi. Bularning bari juda kutilmaganda ro‘y berdi», deya hikoya qiladi sobiq prezident.

Toliblar G‘anining prezidentlik saroyidagi kabinetiga kirishganida, stolda hali uning buyumlari va kitobi yotardi.
Zabi Karimi / AP / Scanpix / LETA

Uning qochishidan keyin ayrimlar G‘ani o‘zi bilan katta miqdorda naqd pul olib ketganini ta’kidlashdi, ammo sobiq prezident bu ayblovni rad etdi va bu bo‘yicha xalqaro surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi.

«Mamlakatdan hech qanday pul olib chiqib ketmaganimni qat’iyan ta’kidlamoqchiman. Mening qanday yashashimni hamma biladi. Pulni nima qilaman?» dedi G‘ani BBC efirida.  

Ashraf G‘ani prezidentlik davrida xatolarga yo‘l qo‘yganini, jumladan «xalqaro hamjamiyat sabri adoqsiz bo‘lishiga ishonib» adashganini tan oldi. 

Ammo u o‘z hukumati ag‘darilishiga Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish to‘g‘risidagi toliblar va AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Donald Tramp o‘rtasida tuzilgan kelishuv sabab bo‘lgan deb hisoblaydi.

«Tinchlik jarayoni o‘rniga chekinish jarayoniga duch keldik. «Tolibon» bilan kelishuv bizni Yer yuzidan supurib tashladi», deya qo‘shimcha qilgan G‘ani.

Tahlil: voqealar rivoji bo‘yicha turlicha versiyalar
Liz Dyuset, BBC tahlilchisi

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni bir kunda egallamadi. Ammo ko‘plar aytadiki, Ashraf G‘anining 15 avgust kuni maxfiy ravishda va kutilmaganda ketishi hokimiyatni nisbatan tartib bilan topshirish bo‘yicha tayyorlangan kelishuvni yo‘qqa chiqardi.

Toliblar har qanday holatda ham mamlakatda vaziyatni qo‘lga olgan bo‘lardi. Ammo shu vaqtgacha «o‘limiga qadar turib berish»ni va’da qilib kelgan shaxsning qochib ketishi hokimiyatda vakuum hosil qildi va xaosni kuchaytirdi. Lekin uni qochgani uchun emas, ko‘proq so‘nggi bir necha yil davomida prezidentlikda deyarli hech qanday natijaga erisha olmagani uchun tanqid qilishdi.

Tan olish kerak, amerikaliklardan unga yomon kartalar tegdi. Ammo u bu kartalardan ham juda muvaffaqiyatsiz foydalandi.

Siyosatchi emas, professor deb hisoblanadigan bu shaxsni AQShdagi siyosiy holatni hamda o‘z mamlakatidagi vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaganlikda ayblashadi. Mamlakat esa juda tez, hatto toliblar kutganidan ham ertaroq parokanda bo‘lib ketdi.

Voqealar rivojining G‘ani tomonidan aytilgan talqini hali ko‘p muhokama qilinadi, tahlil qilinadi va ishonchsiz deb rad etiladi.

Kelishuvga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondagi NATO harbiylari soni qisqartirilishiga, shuningdek mahbuslar almashishga rozilik bildirgandi. Shundan so‘ng toliblar afg‘on hukumati bilan muzokaralar boshlashi kerak edi.

«Meni barchasiga balogardon qilishdi»

Ammo bu muzokaralar hech qanday naf keltirmadi va 2021 yil yoziga kelib AQShning yangi prezidenti Jo Bayden barcha amerikalik harbiylarni mamlakatdan olib chiqishga va’da berdi, toliblar esa birin-ketin shaharlarni egallashga kirishdi.

Natijada, G‘anining so‘zlariga ko‘ra, «siyosiy kelishuv emas, zo‘ravonlik bilan davlat to‘ntarishi» ro‘y bergan. «Hech qanday siyosiy jarayon bo‘lmadi», deb hisoblaydi mamlakatning sobiq rahbari.

Ashraf G‘ani Kobulni tark etgan kuni Afg‘onistonda hokimiyat to‘liq toliblar qo‘liga o‘tdi. Mamlakatda keng ko‘lamli gumanitar va iqtisodiy inqiroz boshlandi, bunga xalqaro donorlar tomonidan yordam kelishi to‘xtab qolishi ham sabab bo‘ldi.

Bu voqealardan uch oy o‘tib G‘ani Kobul qulashi uchun aybni zimmasiga olishga tayyorligini, shu bilan birga, u «xalqaro hamkorlar»ga haddan tashqari ishonib qolganini aytmoqda. «Hayotimdagi barchasi yakson qilindi. Qadriyatlarim oyoqosti qilindi. Meni barchasi uchun balogardon qilishdi», deya fikrlarini yakunlagan sobiq prezident.

Top