07:47 / 01.01.2022
34125

«Samarqand darvoza» majmuasi oldida o‘t o‘chirish moslamasining portlashi oqibatida 3 kishi jarohat oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «Samarqand darvoza» savdo majmuasi oldida o‘t o‘chirish moslamasini yoqib, uning portlashi natijasida odamlar jarohatlangani haqida ma’lumotlar va videotasvirlar tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

IIV matbuot kotibining ma’lum qilishicha, joriy yilning  1 yanvar kuni tungi soat 00:45 larda Shayxontohur tumani  Qoratosh ko‘chasi avtoqatnov yo‘lida aholi yig‘ilib, bir necha fuqarolar avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan o‘t o‘chirgich moslamasini joylashtirib, moslamani tagidan yoqishi oqibatida moslama chaqnashi kuzatilgan.

Natijada, mushakbozlikni telefoni kamerasiga tasvirga olayotgan fuqarolar, 1997 yilda tug‘ilgan M.S. (tashxis: qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi), 1999 yilda tug‘ilgan M.A. (tashxis: o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati) hamda 2006 yilda tug‘ilgan X.N. (tashxis: o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi) turli ko‘rinishdagi jarohat olgan.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan moslamani tayyorlagan hamda uni yoqqan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top