22:46 / 01.01.2022
4663
YUNISEF: 2005 yildan buyon Afg‘onistonda 28,5 ming bola qurolli to‘qnashuvlar qurboni bo‘lgan
Foto: REUTERS/Omar Sobhani

Oxirgi 16 yilda Afg‘onistonda 28 500 nafar bola qurolli to‘qnashuvlar sabab halok bo‘lgan. Mazkur raqamlar ushbu yillarda dunyo bo‘ylab urushlar oqibatida vafot etgan bolalar sonining 27 foizini tashkil etadi. Bu haqda YUNISEF yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan hisobotida ma’lum qildi.

Tashkilot butun dunyo bo‘ylab bolalar huquqlari qo‘pol tarzda buzilayotgani, bolalar o‘limi, ularni olib qochish, jinsiy zo‘rlash holatlari kamaymayotganidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. Hisobotda yozilishicha, o‘tgan hafta Myanmadagi 35 kishi qurbon bo‘lgan fojiada 4 nafar bola, 2 nafar «Bolalarni qutqaring» xalqaro tashkiloti xodimlari qurbon bo‘lgan. «Yildan yilga mojarodagi tomonlar bola huquqlarini tobora ko‘proq buzishda davom etmoqda. Bu noinsoflik sabab bolalar o‘lmoqda», deydi YUNISEF ijrochi direktori Henriyetta For.

2020 yil BMT bola huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 26 425 ta holatni qayd etgan. Bolalarga jinsiy zo‘ravonlik qilish holatlari xavotirli tarzda o‘sib bormoqda. Eng ko‘p bolalarni o‘g‘irlash holatlari Somalida qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Kongo Demokratik Respublikasi, Chad, Nigeriya, Kamerun va Niger qayd etilgan. Bolalarga eng ko‘p Kongo Demokratik Respublikasi, Somali va boshqa Markaziy Afrika respublikalari hududida jinsiy zo‘ravonlik qilingan.

YUNISEF 16 yil davomida Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdagi mojaroli hududlarda 266 mingdan ortiq bolalarga zo‘ravonlik ishlatilgan holatlarni qayd etgan. Birgina Afg‘onistonning o‘zida 2005 yildan buyon qurolli to‘qnashuvlar sabab 28 500 bola halok bo‘lgan. 2015 yil boshlangan qurolli to‘qnashuvlar sabab Yamanda 10 mingdan ortiq bola halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan. Bu kuniga 4 nafardan bola degani.

2020 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, yil davomida bolalar halokatli o‘limi bilan bog‘liq holatlarning 50 foizi portlovchi vositalar ishlatilishi oqibatida sodir bo‘lgan. 3 900 nafar bola shu sabab halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan.

Top