16:54 / 02.01.2022
13817

JSST rahbari: Pandemiya 2022 yilda tugashi mumkin

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus agar vaksinalar taqsimotidagi adolatsizlik va notenglik bartaraf etilsa, 2022 yil koronavirus pandemiyasining so‘nggi yili bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: voanews.com

O‘zining Yangi yil murojaatida Gebreyyesus kovidning yangi “Omikron” varianti paydo bo‘lishi sababini “tor millatchilik va ayrim davlatlar tomonidan vaksinalarning haddan ziyod zaxira qilingani” bilan tushuntirdi, deb yozadi BBC.

JSST bir necha bor o‘z fuqarolariga so‘nggi vaqtlarda uchinchi buster emlashni taklif qilayotgan boy davlatlarni tanqid qilgan, holbuki jahonning ko‘plab mintaqalarida aholining katta qismi hali birinchi emlashdan ham o‘tishmagan.

JSST rahbarining fikricha, bunday yondashuv «Omikron» paydo bo‘lishi uchun ideal sharoitlarni yaratgan». «Adolat prinsipi qanchalik uzoq poymol etilar ekan, bu virusning kelgusi o‘zgarishlari tahdidi shunchalik yuqori bo‘ladi va uni biz na bartaraf eta olamiz, na oldindan ayta olamiz», — degan Gebreyyesus.

Ekspertlarning fikricha, virusning yangi mutatsiyalari uning faol tarqalish jarayonida — jahonning turli davlatlarida ko‘proq insonlar yuqtira boshlasa, paydo bo‘ladi. «Omikron»ning tarqalishi jahonda kasallanish darajasini keskin oshirib yubordi, lekin dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu variant kasallikning yengilroq kechishiga sabab bo‘lmoqda va virus yuqtirganlar kasalxonalarga kamroq tushishmoqda.

Lekin jahon davlatlari hukumatlarining xabar berishlaricha, kasallanganlar va o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishga majbur bo‘layotganlarning soni ortib borayotganligi sababli davlat va xususiy korxonalarning, jumladan, aviatransport, sog‘liqni saqlash, politsiya va o‘t o‘chirish xizmatlarining ish rejimi buzilmoqda. So‘nggi kunlarda “Omikron” sababli jahon bo‘ylab minglab reyslar bekor qilingan.

Gebreyyesusning ta’kidlashicha, pandemiyaning uch yili mobaynida dunyo kovidga qarshi ko‘plab ta’sir choralari ishlab chiqqan, jumladan, 8,5 milliarddan oshiq emlash amalga oshirilgan, bu esa millionlab hayotni saqlab qolgan. «Biz hozir pandemiyaning uchinchi yiliga qadam bosmoqdamiz, aminmanki, bu yil ichida biz uni yengamiz, faqat bu ishni hamjihatlikda amalga oshira olsak, — degan JSST rahbari. — Agar biz adolatsizlikka chek qo‘ya olsak, pandemiyani ham bartaraf eta olamiz».

Avvalroq, JSST jahonning butun davlatlarida kamida 40 foiz aholini vaksinatsiya qilish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan edi, biroq Afrikaning katta qismida bu maqsad amalga oshmagan. Endi tashkilot pandemiyani tugatish uchun 2022 yilning iyuliga qadar sayyoramizning 70 foiz aholisini emlash kerak, deb hisoblamoqda.

Jon Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha jahonda kovid yuqtirishning 288,3 million holati qayd etilgan va 5,4 million kishi vafot etgan.

Pandemiya bo‘yicha boshqa xabarlar:

  • Omikron ilk bor aniqlangan JARda tunda ko‘chaga chiqishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Hukumat yangi variant pik davridan o‘tganini aytmoqda.
  • Germaniyalik virusolog Xristian Drosten ZDF telekompaniyasiga bergan intervyusida omikron sog‘liq uchun og‘ir oqibatlar keltirib chiqarmasligini e’tiborga olgan holda, joriy qish «avvalgilariga qaraganda normal» kechishi haqida gapirgan.
  • Dunyoning bir necha mamlakatida, jumladan Buyukbritaniya, Italiya va Gretsiyada kasallanish holatlari bo‘yicha pandemiya boshidan buyon rekord ko‘rsatkichlar qayd etildi.
  • Butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar xodimlari kasallanishi tufayli reyslar bekor qilinishi davom etmoqda, shunday minglab holatlarning yarmi AQShga to‘g‘ri keladi.
  • Fransiya sog‘liqni saqlash xizmati vakillari ma’lum qilishicha, omikron mamlakatda eng keng tarqalgan variantga aylandi. Prezident Emmanyuel Makron keyingi bir necha hafta mamlakat uchun qiyin kechishini aytdi.
  • Isroil kovidga qarshi vaksinaning to‘rtinchi dozasi ma’qullangan ilk davlatlardan biri bo‘ldi.
Top