22:04 / 03.01.2022
37476
Toliblar va Turkmaniston chegarachilari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi – OAV

Turkman chegarachilari va toliblar o‘rtasidagi otishma dushanba kuni Juzjon viloyatining Hamab tumanida sodir bo‘lgan.

Foto: AP

Afg‘on-turkman chegarasida "Tolibon" jangarilari va turkmanistonlik chegarachilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Hasht-e subh gazetasi.

"Uch kun avval Turkmaniston chegara xizmati xodimlari bir nafar tinch aholi vakilini o‘ldirgan va bir nafarini kaltaklagan. Voqeani o‘rganish vaqtida "Tolibon" jangarilari turkman chegarachilarining o‘t ochishiga javoban o‘q uzgan", - deya Juzjon viloyati axborot va madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Hilol Balxiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta.

Aniqlik kiritilishicha, turkman chegarachilari va toliblar o‘rtasidagi otishma dushanba kuni Juzjon viloyatining Hamab tumanida sodir bo‘lgan. Voqeaning boshqa tafsilotlari keltirilmagan.

O‘tgan yil dekabrida "Tolibon" jangarilari bilan shunga o‘xshash to‘qnashuvlar Afg‘oniston-Eron va Afg‘oniston-Pokiston chegaralarida yuz bergandi.

Mavzuga oid
Top