18:48 / 04.01.2022
40507

«Tavakkal qildim va pand yedim» - O‘tgan mavsumda shov-shuv ko‘targan Islombek Ismoilov o‘zbek futbolidagi qing‘irliklar haqida

Foto: Tribuna.uz

Pro ligada chiroyli o‘yinlari orqali nafaqat Yaypan, balki boshqa hududlar muxlislari e’tiboriga sazovor bo‘lgan, shiddatli kurashlar bilan sensatsion tarzda Superligaga yo‘l olgan «Turon» klubi bir mavsumdayoq yuqori divizionni tark etdi. Superliga yangi vakilini o‘z oilasiga qabul qilmadi yoki «Turon» bu oilaga ko‘nika olmadi. Islom Ismoilovning yil boshida shov-shuvga sabab bo‘lgan flesh-intervyusi ham yuqoridagi gaplarga isbot, go‘yo. Nohaqliklarga chidamay, gapirib, ko‘p o‘tmay lavozimidan ketgan yosh murabbiy bilan suhbatlashdik. U Tribuna.uz saytiga o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni aytib berdi.

«Turon» murabbiyligidagi mojaro haqida

- Futbolda shuncha ishlagan bo‘lsam, hech qachon bunday holatga tushmagandim. Jamoamni hech kim bunchalik «chopib» tashlamagandi. O‘zi tabiatan qiziqqonman. O‘shanda futbolchilarimning kiyim almashtirish xonasidagi holati juda ayanchli edi. Buni ko‘rgach, chidab turolmadim, chiqib gapirishga qaror qildim. Shunchalik his-tuyg‘ularga berildimki, borini gapirib tashladim. 

Eng katta xatosi haqida

- Jamoaga futbolchilardan birini tanlashda xato qildim. Birgina futbolchi ko‘p narsani o‘zgartirib yubora olar ekan. Birgina odamning jamoaga ta’siri kuchli bo‘lishi mumkin ekan. O‘sha futbolchi muhitga yaxshigina ta’sir qila oldi. Buni ishdan ketganimdan keyin o‘tirib, tahlil qilib, tushunib yetdim. O‘sha futbolchi guruhbozlikni yuzaga keltirgan, jamoani ikkiga ajratib qo‘ygan edi. 

Yana bir xatom shuki, o‘ta hujumkor futbolni targ‘ib qildim. Jamoam imkoniyatidan kelib chiqishim kerak edi. Himoya chizig‘imiz bunga tayyor emas ekan. Hech qachon o‘yinoldi «ustanovka»da himoyaviy o‘ynashni, hisobni ushlashni aytmaganman. Ana shu bizga pand berdi. Tajribali jamoalar bizni jazoladi. Masalan, «Qizilqum» bilan o‘yinni olaylik. Biz oxirigacha g‘alaba uchun o‘ynadik, juda xohladik yutishni, raqib esa o‘yin oxirida qarshi hujumda gol urib, jazolab ketyapti. Bunday o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Durang uchun o‘ynasak ham bo‘lardi... 

Foto: Turon

«Kelishib o‘ynasam bo‘lardi – Pro ligada o‘yinni sotishim borasida takliflar bo‘lgan»

- Superliga uchun hammamiz yangi edik. Men ham, rahbariyat ham, jamoa ham ligada ilk bor ishtirok etayotgandik. To‘g‘ri, Superligada o‘ynagan futbolchilar bor edi tarkibimizda, biroq jamoa sifatida baribir yangi edik. Albatta, Superligani tashqaridan kuzatganmiz, biroq ichkariga kirib, ko‘p narsani ko‘rdik. 

Biz ham kelishib o‘ynasak bo‘lardi, masalan, «3x3» kelishsak bo‘lardi (raqib bilan o‘zaro o‘yinlarda bir g‘alaba va bir mag‘lubiyatga kelishish – muallif), chunki ligada har bir jamoaga ochkolar kerak. Durang o‘ynab 1 ochkoga ega bo‘lgandan ko‘ra, 3 ochko olgan yaxshi, lekin oxirigacha bu haqda hatto o‘ylamadim. Shaxsan o‘zimga kelishish borasida taklif bo‘lmagan. Balki bu yosh, kelishmaydi, ko‘nmaydi, deb o‘ylashgandir. 

Quyi ligalarda, deylik, 1-ligada, Pro ligada o‘yinni sotishim borasida takliflar bo‘lgan. «Yozyovon»da ishlayotgan paytimda, qizig‘i, yutishim uchun taklif bo‘lgan. Yutasan, faqat biz aytgan hisobda yutsang kifoya, deyishgandi. Hisob 2:1 bo‘lishi kerak edi, lekin ko‘nmagandim. Ha, bu totalizator uchun tikilgan hisob bo‘lgan, ehtimol. Bekorga birov bunday taklif bermaydi-ku! 

«2000 dollardan boshlangan taklif oxiriga borib 6000 dollargacha chiqdi»

- 1-ligada ko‘p takliflar bo‘lgan, bunday ishlarni ko‘p ko‘rganman. «Obod» bilan o‘yindagi voqeani aytay. Toshkentda o‘yin boshlanishidan oldin qandaydir begona odam kelib, menga pul taklif qildi. Avvaliga 2000 dollardan boshlangan taklif oxiriga borib 6000 dollargacha chiqdi. Men aytgan hisobni qayd etasan, shu pul seniki, dedi. Ko‘nmadim.  

Foto: Tribuna.uz

«Tayyor daromadli ishni tashlab, tavakkal qildim va pand yedim»

- «Paxtakor» akademiyasida ishlab yurgan paytlarimda daromadim hozirgidan yaxshi edi. 1 million so‘mlik oylik maosh va individual mashg‘ulotlar o‘tardim – har bir bola uchun 50 dollardan. Ota-onalar o‘zlari iltimos qilishardi, alohida mashg‘ulot o‘ting bolam uchun, deb. Shuncha sharoit bo‘la turib «Atlaschi»dan taklif bo‘lganida ketdim. Axir bu bosh murabbiy bo‘lib ishlash uchun imkoniyat edi. Mendek yosh bir yigit – bosh murabbiy! Tasavvur qilyapsizmi? Bordim. Ko‘rdim. Ahvol chatoq. 1-liga jamoasiga mashg‘ulot uchun maydon yo‘q. U maydondan bu maydonga sarson bo‘lib, har yerdan haydalib, 6 oy yurdim maoshsiz, sharoitsiz. Aldanganimni bildim. Shunday yaxshi joyimni tashlab kelganimga pushaymon bo‘ldim.  

«Qarshida mehmonxonadan chiqarib yuborishgandi»

- Men yarim hazil, yarim chin ko‘pchilikka aytaman: futbolning qadriga yetmoqchi bo‘lsangiz, Yozyovonga borib ishlang. Futbolchilar o‘yin kuni ertalabdan borib bozorda patta puli yig‘ishardi. Holatimiz juda xarob edi. Tushunaman, oddiy bir kichik tuman jamoasi, rahbarlar ham imkon qadar harakat qilishgan. Men o‘sha futbolchilarga rahmat aytaman, ularga haykal qo‘yish kerak. Futbolni pul uchun o‘ynashmagan. O‘zim ham pul uchun ishlamasdim-da. 

Yillar davomida sharoitlar bo‘lmagan, katta pullar yo‘q. Deylik, 1-liganing boshqa klubi futbolchilari safar o‘yinlarida bitta «Lacetti»ning orqasida 2 kishi yurishsa, biz eski, shaldiroq «Nexia»larda tiqilishib 4 kishi bo‘lib ketardik. Unday mashinalarda 10 kilometr yurishning o‘zi qahramonlik aslida. 

Bir voqeani aytib beray. Safar o‘yiniga ketyapmiz. Klub rahbarlari qo‘limga plastik karta berib, ichida pul bor, shundan ishlatinglar, deyishdi. Qarshiga ketdik «Nasaf-2» jamoasiga qarshi o‘yin uchun. Mehmonxonaga joylashib olib, pul to‘layman desam, plastik bo‘m-bo‘sh. Bizni chiqarib yuborishdi. Boshqa mehmonxonaga bordik ertalabgacha turaylik, pul tashlashadi kartaga, to‘laymiz, deb. Yo‘q, ko‘chada qolib ketdik. O‘yin kuni. Yigitlar na uxlashgan, na nonushta va na tushlik qilishgan. Shu holimizga raqibni mag‘lub etib, qaytdik. Plastikda pul yo‘qligini, pul tushirib berishlarini aytay deb rahbariyatga qo‘ng‘iroq qilaman, na klub xo‘jayini, na administrator, na buxgalterning telefoni yoqiq.  

Nukusga «Orol» bilan o‘yinga borishimiz kerak. Dastlab, pul yo‘q deyishdi. Keyin imkon topib ozroq pul berishdi. 12 kishi borishga yetarli pul. Jamoada o‘zi asosiy tarkibning 11 a’zosi va zaxira o‘yinchilari bo‘ladi. Bizda esa men va 12 futbolchi. Kimdir jarohat olsa, almashtirishga o‘yinchi yo‘q. Tasavvur qiling, Yozyovondan Nukusgacha eski mashinalarda yo‘l yurishni. Azob! 1000 kilometrlik azob! Bordik. O‘yin boshlandi. «Orol» futbolchilari zaxiramiz yo‘qligini ko‘rib, atayin jarohat yetkazishga harakat qilishadi-da. Futbolchilarning shilinmagan va ko‘karmagan joylari qolmadi hisob. Amallab o‘yinni o‘tkazib oldik. G‘alaba qozonib qaytdik. Javob o‘yinida futbolchilarimiz «Orol»dan o‘ch olish uchun kutishgan. «Nastroy» dahshat. Lekin «Orol» Yozyovonga kelmadi. 

«Farg‘onadagi stadionga kiritishmadi»

- Prinsiplarim o‘zimga pand bergan vaqtlar bo‘lgan. Murabbiy ishiga aralashuvni yomon ko‘raman. «Yozyovon»da ham tarkibga rahbar aralashgan. Yo‘q, o‘zim tanlagan tarkib maydonga chiqadi, deb qat’iy turganman. Keyin Farg‘onaning «Istiqlol» klubidan taklif bo‘ldi. U yerda esa ishimga aralashuv va kelishmovchilik tufayli atigi 2 o‘yinda ishladim. Ular men istagan talablarda ishlashni xohlashmadi. Bir kun stadionga borsam, ichkariga kiritishmayapti. Klub rahbari esa men bilan gaplashishni ham istamadi. Qattiq xafa bo‘lgandim o‘shanda. Va’dalar quruq bo‘lib chiqdi, ishonuvchanligim pand berdi. Oddiy gapga ishondim, pand yedim. 

«Sendan yaxshi futbolchi chiqmaydi!»

- Futbolda qing‘irliklar ko‘p, lekin men u ko‘chalarga kirmadim. Mening futbolim toza. Prinsiplardan voz kechmasligim, birovning gapiga unamasligim o‘zimga zarar yetkazardi, shu tufayli dadam nasihat qilardi, maslahat berardi, biroq... 

Futbolchi bo‘lishni xohlab, shug‘ullanib yurganimda bir kuni dadam maslahat berdilar: sendan yaxshi futbolchi chiqmasa kerak, boshqa ishning boshini tut. Xo‘p, dedim. Murabbiylikni tanladim. Bilasizmi, juda ko‘pchilik mana shunday maslahatlarni qabul qilmaydi, eshitgisi kelmaydi, futbolchi bo‘laman, deb turib oladi. Men ham aytsam bo‘lardi dadamga «yo‘q, men futbolchi bo‘laman, siz murabbiysiz, meni biror klubga joylashtirib qo‘yasiz», deb. Bunday qilmadim. Futbolda tanish-bilishchilik yaxshi emas. Ha, iqtidori bo‘lsa, kimning o‘g‘li bo‘lishidan qat’i nazar – o‘ynasin. 

«Bolalar futbolida katta futboldagi murabbiylardan ko‘proq pul topadiganlar bor»

- Bolalar futboli og‘riqli nuqtamiz. U yerdagi murabbiylar jig‘ildonini o‘ylashadi. Hammasi demayman, biroq men juda ko‘p ko‘rganman shundaylarni. Misol uchun, farzandingizni futbolga berdingiz, murabbiyi esa sizni u zo‘r futbolchi bo‘ladi, deb ishontirib, yillar davomida sizdan pul olib yuradi. Turnirma-turnir yetaklab, to‘p tepishni tuzukroq o‘rganmagan futbolchining ota-onasidan pul undirib yuraveradi. 

Afsuski, ayrim ota-onalarga qayoqdagi arzimagan shaqir-shuqur medallar-u faxriy yorliqlar muhim. Ular xursand o‘g‘lim futbolchi bo‘lyapti, deb. Agar o‘sha murabbiy insofli bo‘lganida boshidayoq aytardi: bundan futbolchi chiqmaydi, boshqa kasb qilsin. Lekin bolaning 8-10 yil umri o‘tadi shu zaylda. Bunday murabbiylar bolaning va futbolning zavoli. Hamma narsaning javobi borligini bilmasmikin?  

Foto: Turon

Oddiy arifmetika: bir murabbiy qo‘l ostida 100 nafar bola. Bitta turnirga boshqa shaharga olib borish uchun, deylik, har bir bolaning ota-onasidan 30 ming so‘mdan yig‘adi. 3 million so‘m yig‘ildi. Avtobus gaplashadi. Avtobus nari borsa 350 ming so‘mga Marg‘ilondan Qo‘qonga yo Andijonga olib boradi. Qolgan pul cho‘ntakka. Bir oyda 3-4 ta shunaqa «turnir» bo‘lib tursa, bolalar murabbiyining oshig‘i olchi. Ishonasizmi, katta jamoalar murabbiylaridan ko‘proq pul topadigan murabbiylar bor bolalar sport va futbol maktablarida. 

«4-5 bekorchini yig‘ib, rasmga olib, shu jamoani yutdik, deb hisobot to‘ldirishadi va maoshga ustamani olib yuraverishadi»

- Yana bir qing‘irlikni aytay. BO‘SMlardagi murabbiylar shogirdlari turnirlarda g‘alaba qozonsa, o‘sha murabbiylarning oylik ish haqiga ustama to‘lanadi. O‘sha ustama uchun soxta turnirlar va g‘olibliklar uyushtirishadi. Qay bir mahallaga borib, 4-5 bekorchini yig‘ib, rasmga olib, shu jamoani yutdik, deb hisobot to‘ldirishadi va maoshga ustamani olib yuraverishadi. Eh, gapirsa gap ko‘p... 

«Avvalgidek ishtiyoqim yo‘q, faoliyatimni yakunlasammikin deb turibman...»

- Futbolda ishlashga avvalgidek ishtiyoqim yo‘q. Balki biror yaxshi taklif bo‘lsa o‘ylab ko‘rarman, ammo nohaqliklarni ko‘raverib, ishlagim ham kelmay qoldi. Yakunlasammikin bu faoliyatimni, deb o‘ylab turibman. Shukr, daromadim futboldangina emas. Gaplarimda yolg‘on bo‘lsa, men bilan ishlagan biror futbolchi chiqib aytsin. Biror futbolchining, men bilan ishlagan biror odamning haqiga xiyonat qilmadim. Ketsam ham toza vijdon bilan ketaman. 

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Operator va montaj ustasi – Azimjon Abduvohidov. 

Intervyuni to‘liq ko‘rinishda Tribuna.uz saytining YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top