19:15 / 05.01.2022
16301
Umra safarini tiklash va ilk ziyoratchilarni yuborish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakat mo‘min-musulmonlarini norasmiy shaxslar aldoviga uchib, Umra safariga bora olmay qolayotgan holatlardan ogohlantirdi. Umra safariga boruvchilarning ro‘yxati esa, pandemiyadan oldingi holat bo‘yicha qayta shakllantiriladi.

Foto: AP

O‘zbekistonda Umra safarini tashkil etish choralarini ko‘rish, hududlarda COVID pandemiyasidan avval navbatda turgan fuqarolarning safar imkoniyatlarini o‘rganish, ro‘yxatlarni qayta shakllantirish, aviaqatnovlar jadvalini ishlab chiqish va ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Axborot xizmati xabar qilmoqda.

2022 yil 5 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov hamda Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati rahbari Abusarhad Nosir Abdulloh “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish bo‘yicha shartnomani imzolagan.

Shuningdek, umra ziyoratini yuqori darajada tashkil etish uchun ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan “Abu Sarhad” hamkor shirkati Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlarni hozirlash, ikki Haram masjidiga yaqin bo‘lgan mehmonxonalarni tanlash, zamonaviy transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Qisqa fursatlarda umra safarlari boshlanib, hududlardagi navbatlar asosida belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan, tegishli vaksinani olgan va Saudiya Arabistonining karantin talablarini bajargan fuqarolar tartib bilan muborak safarga jo‘natiladi.

Shuningdek, idora, Toshkent xalqaro aeroportida norasmiy shaxslar aldoviga uchib, noqonuniy yo‘llar orqali safarga otlangan kishilarning soxta hujjatlari sababli muborak safar oxiriga yetmay qolgan holatlari aniqlanayotganini ham ma’lum qilgan.

“Mo‘min-musulmonlarni umra kabi ibodat masalalarida juda ehtiyot bo‘lishlari va bu borada vakolatli tashkilot bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarlarni ado etishlariga chaqiramiz”, - deyiladi xabarda.

Top