12:38 / 06.01.2022
65363

Bu endi namoyish emas, boshboshdoqlik - Qozog‘istondagi dahshatli tun haqida o‘ylar

Qozog‘iston g‘arbida gaz narxi oshishiga e’tiroz tufayli boshlangan va butun mamlakatga yoyilgan norozilik namoyishlari boshlangach, 5 yanvar kuni 7 soatcha internet uzildi. Dunyo u yerda nimalar bo‘layotganidan bexabar qoldi.

Valeriy Sharifullin / TASS / Scanpix / LETA

Hammasi xayrli yakun topishidan umid qilib, faqat rasmiy xabarlar bilan cheklanib turdik. Garchi iqtisodiy talablar sekin-asta siyosiy talablarga aylana boshlagan bo‘lsa-da, Qozog‘iston rahbariyati zarur choralar ko‘ra boshladi.

Tunda Internet tiklangach, Qozog‘istondagi eng katta shahar Olmaotadan qo‘rqinchi kadrlar kela boshladi: tasvirlarda qandaydir talablar bilan chiqayotgan namoyishchilarni emas, ekskavatorlar bilan bank binolariga hujum qilayotganlar, hokimiyat va prokuratura binosiga o‘t qo‘yganlar, magazin va restoranlarning eshik-derazasini sindirib, talayotganlarga ko‘zimiz tushdi. Hatto, yong‘inlarni o‘chirish uchun kelgan o‘t o‘chirish mashinalariga ham o‘t qo‘yilibdi...

Jurnalistlar garovga olingan. Strategik obekt — Olmaota aeroportiga ham kirib borishgan, samolyotlar egallangan...

Shahar bo‘ylab tezroq harakatlanish uchun avtomashinalar olib qochilgan, ularning davlat raqami yulib tashlangan. Bularning barchasini «namoyishchilar» deb atalayotgan qurolli shaxslar (ularning aksariyati yoshlar) hech qanday to‘siqsiz va tartib posbonlarining yo‘q bo‘lib qolishlari fonida amalga oshirishgan...

Olmaotada yoqib yuborilgan avtobus. 5 yanvar
Valeriy Sharifullin / TASS / Scanpix / LETA

Tartibsizliklar qurbonlari soni tilga olinib, o‘ldirilganlarning tasvirlari tarqala boshlandi. Ko‘chalardan birida 12 yoshli bolaga qarata o‘q uzilgan video ham tarqaldi.

«Bunday bezbetlik va boshboshdoqlikdan lol-u hayron almatiliklar shokka tushib qolishdi, biroq qo‘llaridan hech narsa kelmasdi. Yaxshiyamki, masjid va cherkovlarda, metro va savdo markazlarida, konsert va ommaviy tadbirlarda terakt uyushtiradigan mutaassiblar emas, oddiy marginallar bu ishga qo‘l urayotgan edi. Aks holda nimalar yuz berishini tasavvur qilish ham qiyin.

Bu hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarining to‘liq tanazzuli! Ular qo‘llay olgan yagona chora — internetni uzib qo‘yish va aholi o‘rtasida yanada ko‘proq tahlika urug‘ini sochish bo‘ldi. Bo‘ldi! Ularni boshqa hech kim ko‘rgani va sezgani yo‘q», — deb yozadi qozog‘istonlik jurnalistlardan biri.

Qozog‘istonliklar odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan bu tartibsizliklarning ustida turgan va uni uyushtirganlar, tartibsizliklarning oldini olmaganlar topilib, jazolanishini istashmoqda.

Albatta, xalq u yoki bu masalada o‘z e’tirozlarini bildirishga, muammolarini bayon etishga haqli. Qolaversa, koronavirus pandemiyasi chog‘ida iqtisodiyot pasaydi, juda ko‘pchilikning doimiy daromadida uzilishlar paydo bo‘la boshladi. Asabiy va norozi kayfiyat hammada bor edi. Hatto atrofdagi respublikalarga nisbatan xalqining turmush darajasi yuqori bo‘lgan Qozog‘istonda ham. 

Biz esa «guruchning ortidan kurmak ham suv ichadi», degan maqolning yaqqol isbotini ko‘rib turibmiz. Qonuniy haq-huquqlarni talab qilish jinoyatlarga, noqonuniy xatti-harakatlarga, tinchlik vaqtida odamlar o‘limiga, urushga yo‘l ochib bermoqda. Bosqinchi va muttahamlar dastidan oddiy tadbirkorlar jabr va ziyon ko‘rishdi, ular talandi, xonavayron qilindi. Ularning aybi nima edi?

Olmaotada do‘konlar vitrinalari sindirilishi, 5 yanvar
Yerlan Dzhumayev / TASS / Scanpix / LETA

Bu satrlar ayrimlarga balandparvozdek ko‘rinar, lekin har qanday e’tiroz, talabni tinch yo‘l, sabr va sabot bilan izhor etish mumkin edi. Eng to‘g‘ri yo‘l ham shu.

Aslida, bunday paytda katta ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun hokimiyat tepasidagilar xalqqa peshvoz chiqishi kerak. Amin bo‘ldikki, Qozog‘istonda xalq bilan muloqot to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan ekan. Rahbarlar xalq bilan gaplashish, ularni eshitish ko‘nikmasiga ega emas. Olmaota shahar hokimi hattoki rasmiy chiqish qilishni ham o‘ziga ep bilmadi.

Albatta, Qozog‘istondagi voqealardan bizning odamlarimiz ham, rahbarlarimiz ham to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak. Bir ko‘ngilsizlikni bartaraf etishdan avval, barcha ochiq muhokama-yu murosa bilan uning kelib chiqmaslik choralarini ko‘rish ming chandon yaxshiroq ekanligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top