08:21 / 06.01.2022
1016
Qoraqalpog‘istonning 3ta hududida qo‘lbola aroq ishlab chiqarayotganlar ushlandi
Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

To‘rtko‘l, Chimboy tumanlari va Nukus shahrida qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan shaxslar aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, departamentning To‘rtko‘l tuman bo‘limi, DXX hamda IIB hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.

Unda Yu.R. o‘z uyida yashirin sex tashkil qilib, qo‘lbola usulda alkogolli ichimliklarni ishlab chiqarayotgani aniqlangan. Jami 2 203 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsuloti, 15 litr spirt va boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Shu kabi Chimboy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G.T. o‘z uyida yashirin sex tashkil etib, xaridor G.ga qalbaki aksiz markali 120 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsulotini 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Yashirin sexdan qalbaki aksiz markali jami 1 804 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro K.U. “Damas” rusumli avtotransport vositasida qalbaki aksiz markali jami 530 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsulotini o‘tkazish maqsadida olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan. Qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin To‘rtko‘l tumanidagi yashirin sexda voyaga yetmagan yoshlar qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishga jalb qilingani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid
Top