09:52 / 07.01.2022
24120
«Aksilterror harakatlar jangarilar to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom etishi kerak». To‘qayev terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shtab yig‘ilishini o‘tkazdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 7 yanvar kuni ertalab soat 7:00 da Oqo‘rdada prezident ma’muriyati rahbariyati, Xavfsizlik kengashi va xavfsizlik kuchlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: ORDA

«Mamlakatning deyarli barcha hududlarida konstitutsiyaviy tuzum tiklandi. Mahalliy hokimiyat organlari vaziyatni nazorat qilmoqda. Ammo terrorchilar qurol ishlatishda va fuqarolarning mulkiga zarar yetkazishda davom etmoqda. Shu bois aksilterror harakatlar jangarilar to‘liq yo‘q qilinmaguncha davom etishi kerak», dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

U Qozog‘istonning barcha hududlarida konstitutsion tartib o‘rnatilishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ichki ishlar va mudofaa vazirlari vazifasini bajaruvchi, shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi hisobot berdi, deyiladi Orda xabarida. 

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2 yanvar kuni boshlangan namoyishlar 4 yanvarda avj olib, butun mamlakatga tarqaldi, 5 yanvar kuni butun Qozog‘iston bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilindi.

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqarish ortidan o‘zi Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida Nazarboyevning o‘rnini egalladi va KXShTdan yordam so‘radi.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top