12:45 / 08.01.2022
58616

Nazarboyev Qozog‘iston uchun hamma edi. Endi esa shunchaki elboshi

Qozog‘istonning har yerida Nursulton Nazarboyevni uchratish mumkin. Uning nomi ko‘chalarga, shaharlarga berilgan, o‘zi esa «elboshi», «xalqning otasi» nomlarini olgan. 1989 yildan buyon mamlakatni boshqargan «millat otasi» ommaviy namoyishlar vaqtida yo‘qolib qoldi.

Foto: AFP

Avvaliga u oilasi bilan xorijga chiqib ketgani haqida xabarlar tarqalgandi, bugun uning matbuot kotibi elboshi poytaxtda ekani, qozog‘istonliklarni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev atrofida birlashishga chaqirayotganini aytdi.

BBC tahlilchisi Aleksey Kalmikov Qozog‘istondagi siyosiy vaziyat nega notinch bo‘lganini tahlil qildi.

Namoyishlar sabab o‘nlab qozog‘istonliklar halok bo‘ldi. Namoyishlar hali tinchigani yo‘q, lekin hukumat iste’foga chiqishga ulgurdi. Nazarboyev esa hukumatdagi yagona rasmiy lavozimidan ayrilib, Xavfsizlik kengashi raisligidan ketdi.

Endi Nazarboyev shunchaki elboshi

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Xavfsizlik kengashi raisligiga o‘zini tayinladi. Oldinroq Nazarboyev xalq assambleyasi kengashi hamda hukmron «Nur Otan» partiyasi raisligini ham To‘qayevga topshirgandi. Ammo «xalq otasi» nomini hech kimga berib bo‘lmaydi. Odamlar hozir mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni ham Nazarboyev, uning oila a’zolari va atrofidagilar bilan bog‘ladi. Namoyishchilar «Chol, ket!» deb baqirdi, haykallarini qulatishdi.

Qozog‘iston aynan Nazarboyev vaqtida hozir qanday bo‘lsa shunday holatga keldi. Imkoniyatlari, potensiali katta, aholisi kam, dunyo va mintaqadagi ta’siri ham kam xomashyo davlatiga aylanib qoldi. Uning davrida o‘zgacha fikrlovchi oz sonli odamlarga kun berilmadi, mulkiy tabaqalanish esa kuchayib boraverdi.

Oila, boylik, G‘arb

Qozog‘istonda 20 millionga yaqin odam yashaydi. KPMG audit kompaniyasi tahlilchilarining Credit Suisse Research Institute'ga asoslanib yozishicha, mamlakat qazilma boyliklarining yarmi soni 200 nafarga ham yetmaydigan odamlar orasida taqsimlanadi. Millionerlar mamlakat aholisining 0,2 foizini tashkil etadi. Ularning aksari xorijda yashashni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa Londonda.

Foto: Reuters

2008 yildan 2015 yilgacha Britaniya «saxiy investorlar»ga yashash uchun ruxsatnoma bergan vaqtda qozog‘istonliklar «oltin viza» olishda yetakchilar qatorida bo‘lishdi. Chathman House instituti ma’lumotlariga ko‘ra bu davr mobaynida 200 nafardan ortiq qozog‘istonlik millionerlar Britaniyada yashash huquqini qo‘lga kiritgan va fuqarolik olish uchun hujjat topshirgan.

Qozoq millionerlar Britaniyada yashash huquqini qo‘lga kiritgach, o‘zlarini ko‘chmas mulk sotib olishga urdi. Bu esa avvaliga jamoatchilikning, keyinroq huquqni muhofaza qiluvchi organlarning e’tiborini tortdi. Britaniya Nazarboyevning qizi Darig‘a va uning o‘g‘li Nurali Aliyevga tegishli ikkita uy hamda apartamentga cheklov qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ammo oila sudda uylarni Darig‘aning eri, Avstriya qamoqxonasida o‘lgan Rohat Aliyevning jinoiy pullariga emas, ishlab topgan puliga sotib olganini isbotlagandi.

AQShning Qozog‘istondagi sobiq elchisi Uilyam Kurtni mamlakatda bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi: «Nazarboyev hamda uning oilasi Yevropada ko‘chmas mulk sotib olgani haqida ko‘plab surishtiruvlar e’lon qilindi. Bu esa qozog‘istonliklar orasida norozilikni kuchaytirib yubordi. Aftidan, endi Nazarboyev barchasi uchun ortig‘i bilan to‘laydiganga o‘xshaydi».

G‘arbning ular ustida surishtiruvlar o‘tkazayotganiga qaramay, Nazarboyevlar oilasi hech qachon G‘arbdan uzoqlashmadi. AQSh va Yevropaning biznes nashrlarida tijoriy shartnoma asosida Qozog‘istonning erishgan yutuqlari haqida maqolalar chiqdi, yirik qozoq kompaniyalari aksiyalarini London birjasiga qo‘ydi. Qozog‘iston poytaxtida g‘arblik mashhur arxitektorlar binolar qurdi, u yerlarda ko‘p pul oluvchi ingliz sudyalarni chaqirib, tijoriy, fuqarolik va arbitraj ishlari bo‘yicha sud majlislarini ko‘rishdi. Mamlakat futbol ittifoqi ham piar uchun 2002 yil UYeFAga o‘tkazildi. Biroq hozirgacha Qozog‘iston birorta Yevropa chempionatida ishtirok etgani yo‘q.

Foto: Getty Images

Qashshoqlik, korrupsiya va illyuziya bilan xayrlashuv

Yevropacha hayotga intilishi Nazarboyevni mintaqadagi boshqa yetakchilardan ajratib turardi go‘yo. Ammo har safar «murvatlar qattiqroq buralayotganda» Qozog‘istondagi hayot Yevropadagidan uzoqlasha bordi. Mamlakat iqtisodiy jihatdan Xitoyga, siyosiy jihatdan esa Rossiyaga bog‘lanib qoldi. Hozirgi holat ko‘rsatdiki, Qozog‘iston Rossiyasiz hatto o‘z xavfsizligini ta’minlay olmadi.

To‘qayev namoyishchilarni terrorchi deb atab, ularga qarshi turish uchun chetdan yordam so‘radi. Agar hukumat va’da qilinayotgan islohotlar o‘rniga ichki siyosatni kuchaytirishga zo‘r bersa, Nazarboyev epoxasidagi g‘arbga intilish bilan bog‘liq oxirgi orzular ham elboshi bilan birgalikda ketadi.

«Bizdagi elita juda kosmopolit va ularni Rossiya-Belarus voqealaridagi kabi ssenariy qanoatlantirmaydi», deydi Harvard universiteti qoshidagi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqot instituti ilmiy xodimi Nargis Kasenova. Ammo uning fikricha, mamlakat hozir shunday holatga kelganki, elita qandaydir shart qo‘yadigan ahvolda emas.

«Qozog‘iston tizim bilan bog‘liq jiddiy muammoga duch keldi. Ularni hamma ko‘rmoqda va yechimni ortga surishning endi iloji yo‘q», deydi Kasenova.

Nazarboyev o‘n yillar davomida xalqqa yorqin kelajak va’da qildi, lekin erishilgan natijalar maqtanadigan emas. To‘g‘ri, iqtisod o‘sib bordi, lekin davlatning pullari to‘g‘ri taqsimlanmadi. Mamlakat hamon xomashyo savdosi, Xitoydagi talab va Rossiyadagi vaziyatga bog‘liq.

Foto: AFP 

Mamlakat ushbu omillarga bog‘liq ekanini avvalo 2008 yildagi xalqaro iqtisodiy inqiroz ko‘rsatib qo‘ydi. 2009 yil neft narxi tushishi ortidan tenge qadrsizlandi. 2014 yil Qrim anneksiyasidan keyin esa rubl qadrsizlanishi ortidan tenge yana devalvatsiya bo‘ldi.

Nazarboyev Qozog‘iston-2020 loyihasida mamlakatni dunyodagi korrupsiya eng kam bo‘lgan uchta davlatdan biriga aylantirishga va’da berdi. Ammo mamlakatda korrupsiya gullab-yashnashda davom etdi. Xalqaro korrupsiya reytingida Qozog‘iston 180 davlat orasida 94-o‘rinda turibdi. Hatto Hindiston, Tanzaniya va Marokash ham oldinda.

Mamlakatga islohotlar kerak ekani haqida anchadan buyon gapirishadi, ammo kutilmaganda Nazarboyev vakolatini To‘qayevga topshirdi. O‘rinbosarni «ijtimoiy kamikadze» deb atashdi. Odamlar Nazarboyev o‘ziga quloq soladigan «qo‘l-oyog‘i chaqqon yugurdak topib», unga qora ishlarni topshiradi-da, o‘zi chinakam xalq otasiga munosib koshonada chordana qurib o‘tiradi deb o‘ylashdi.

Nazarboyev ketgach, oradan 2,5 yil o‘tdi. Undan ikki yili koronavirus yili bo‘ldi va u ijtimoiy, tibbiyot sohasidagi ahvol yomonligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa borgan sari mamlakatdagi murvatlar bo‘shashiga olib keldi. Oqibatda esa insonlar shuurida norozilik kuchaya bordi.

Endi hal qiluvchi palla keldi. Xo‘sh, kaltak kimning boshida sinadi: To‘qayevningmi yoki o‘zgarmas rahbarligi bilan Qozog‘istonni hozirgi notinch holatga olib kelgan odamningmi?

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top