20:43 / 08.01.2022
14576
Olimlar «omikron» shtammi pandemiya tugashidan darak berayotganini aytishdi

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, har bir yangi to‘lqinda kasallikning tobora yengil kechishi kuzatilmoqda.

Foto: Xisco Navarro / ZUMA / TASS

Janubiy Afrika Respublikasi olimlari koronavirusning «omikron» shtammi COVID-19 pandemiyasini yakunlashi mumkinligini ma’lum qildi. Tadqiqot natijalari South African Medical Research Council saytida e’lon qilindi.  

Olimlar Tsvane okrugidagi shifoxonaga «omikron» to‘lqini vaqtida olib kelingan 466 va ilgari yotqizilgan 3976 nafar bemorga oid ma’lumotlarni o‘rganib chiqdi.

Ularning aniqlashicha, oxirgi to‘lqinda COVID-19ga chalingan bemorlarning 4,5 foizi vafot etgan – avvalgi o‘rtacha ko‘rsatkich 21 foizni tashkil etgan.

Shifoxonada yotish davomiyligi ilgarigi 8,8 kundan to‘rt kunga qisqargan, intensiv terapiya bo‘limiga yotqizilganlar soni 4,3 foizdan 1 foizga tushgan.

Har bir yangi to‘lqinda kasallikning tobora yengil kechishi kuzatilmoqda, deya qayd etgan olimlar. Bu esa «omikron» shtammi koronavirus pandemiyasi epidemiyadan endemiyaga – ma’lum bir hududga xos kasallikka aylanayotganini bildiradi.

«Omikron» shtammi o‘tgan yil noyabrda Janubiy Afrikada aniqlangandi. Bugunga qadar mazkur shtamm 100dan ortiq mamlakatda qayd etildi.

Top