18:15 / 08.01.2022
21074
«Roma» - «Yuventus», «Real» azaliy raqibi, «MYu» Jyerrardga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi
Foto: Getty Images

Qishki kichik tanaffus yakunlanib, nihoyat Angliyadan boshqa mamlakatlarda ham futbol boshlandi. «Bavariya» va «Real» yangi yilni mag‘lubiyat bilan boshladi, Italiyada yana ikkita top-uchrashuv bor, Angliyada esa yana bir turnir – kubok bahslarida APL klublari o‘z ishtirokini boshladi. Albatta, zerikishga vaqt yo‘q. Faqat shuni e’tirof etish kerakki, quyidagi uchrashuvlar belgilangan vaqtda bo‘lib o‘tishiga kafolat yo‘q, zero koronavirus balosi futbolga ham ta’sir etishni yana boshladi. Ba’zi uchrashuvlar boshqa vaqtga qoldirilish ehtimoli yo‘q emas.

Bundesliga. 18-tur
8 yanvar (shanba)
AYNTRAXT – BORUSSIYa D
O‘yin boshlanish vaqti:
22:30
TV-translatsiya: MatchTV

«Bavariya»ning kechagi mag‘lubiyati Bundesligada sal bo‘lsa-da, intrigani qaytarishi mumkin, zero dortmundliklar agar g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, peshqadam bilan farqni olti ochkogacha qisqartirib olishlari mumkin. Mavsum o‘rtasida bu u qadar katta masofa emas.

Foto: Getty Images

«Borussiya» tanaffusga Berlindagi (2:3) mag‘lubiyat bilan chiqib ketgandi, ammo o‘sha o‘yinda, ya’ni uch hafta oldin jamoaning bir qator yetakchilari maydonga tusha olmagandilar. Hozirda Marko Roys ham, Torgan Azar ham tiklangan, Holand ham yaxshi sport formasiga kirib olgan bo‘lishi lozim. «Ayntraxt» esa dekabrdagi so‘nggi uch uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan holda, turnir jadvalida 6-o‘ringa ko‘tarilib olgandi. G‘alabalar «Bayyer» va «Borussiya M» kabi jamoalar ustidan qo‘lga kiritilgani ham frankfurtliklarning jiddiy raqib ekanini ko‘rsatadi. Bu o‘yindagi g‘alaba Oliver Glasner shogirdlarini hatto uchinchi o‘ringa ham ko‘tarishi mumkin.

Mavsum boshidagi o‘yinda «Borussiya» o‘z maydonida 5:2 hisobida g‘alaba qozongan, ammo o‘tgan mavsumda «Ayntraxt» safarda raqibini yengganini ham unutmaslik kerak. Aynan Frankfurtdagi so‘nggi 4 uchrashuv durang bilan yakunlangani ham ushbu to‘qnashuv ancha shiddatli kechishi mumkinligidan dalolat qiladi.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, Dortmund safidagi muammolar biroz chekindi, lekin shunday bo‘lsa ham, maydonga tusha olmaydigan nomlar bor – Zagadu, Reyna, Akanji. Shmalser mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa, Marius Volfda koronavirus aniqlangan. Mezbonlar tarkibida yo‘qotishlar ko‘p emas, aytish mumkinki, asosiy tarkib va unga yaqin futbolchilar orasida jarohatlar yo‘q.

La Liga. 20-tur
9 yanvar (yakshanba)
ReAL – VALeNSIYa
O‘yin boshlanish vaqti:
01:00
TV-translatsiya: FutbolTV / UzReportTV

«Real» go‘yoki ta’qibchilardan yetarlicha masofada ilgarilab ketgan va La Ligada chempionlik kurashidan umid qolmagandi. Madrid jamoasining ishonchli o‘yini va ta’qibchilardagi beqarorlik Ispaniya chempioni nomini aniqlab bo‘lgandek tuyulgandi. Ammo «Real» kutilmaganda dastlab, «Kadis» bilan o‘z maydonida durang o‘ynadi, yangi yilni esa «Xetafe»ga qarshi derbida mag‘lubiyat bilan boshladi. Natijada hozir Anchelotti shogirdlari bir o‘yin ko‘p o‘tkazgan holda «Sevilya»dan atigi 5 ochko oldinda xolos. Boshqacha qilib aytganda, agar «Real» birgina mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha 2-o‘ringa tushib ketishi mumkin.

Foto: Getty Images

«Valensiya» ham juda yaxshi formaga kirib, barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz seriyasini 9 o‘yinga yetkazgan va La Ligada qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozongandi. Lekin kutilmaganda o‘z maydonida «Espanol»da o‘z uslubida mag‘lubiyatga uchradi. Uslub deganda, «Valensiya» juda ko‘p o‘yinlarda iroda namoyish etayotgandi – bu o‘yinda esa g‘alaba qozonayotgan jamoa so‘nggi daqiqalarda ikki gol o‘tkazib yubordi. Ushbu mag‘lubiyat natijasida «Valensiya» top-4 ga yaqinlashish imkoniyatini boy berdi va 28 ochko bilan 9-o‘ringa tushib ketdi.

O‘zaro o‘yinlarga e’tibor qaratilsa, «Real»ning ustunligi yaqqol seziladi. Oxirgi ikki o‘yin madridliklar g‘alabasi bilan tugagan, umuman aynan Madridda o‘tgan o‘yinlarni alohida e’tiborga oladigan bo‘lsak, valensiyaliklar oxirgi marta 2008 yilda 3:2 hisobida g‘alaba qozongan ekan. 14 yildan beri «Valensiya» Bernabeuda maksimum bir ochko olishning uddasidan chiqyapti xolos. Endi «Valensiya» muxlislariga umid beruvchi ma’lumot – jamoa 6 o‘yindan beri safar uchrashuvlarida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. «Valensiya» oxirgi marta safarda oktyabr oyida «Betis»ga mag‘lubiyatga uchragandi.

Tarkiblarga kelsak, «Real» virusli davrdan o‘tib oldi va deyarli barcha asosiy tarkib futbolchilari maydonga tusha oladilar. Faqat Yovich hamon davolanmoqda, lekin u doim ham maydonga tushmasdi. Karvaxal, Beyl va Diaslarning jarohatlariga esa o‘rganib qolganmiz. Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar jiddiyroq – Soler va Fulke jarohatda. Shuningdek, qanot yarimhimoyachisi Ugo Duro «Espanol»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan va diskvalifikatsiyasi bor.

A Seriya. 21-tur
9 yanvar (yakshanba)
ROMA – YuVeNTUS
O‘yin boshlanish vaqti:
22:30
TV-translatsiya: Sport TV

O‘tgan turda har ikki jamoa ham markaziy o‘yinlarda maydonga tushdi va aytish mumkinki, u qadar yaxshi taassurot qoldira olmadi. Rimliklar barcha jabhalarda «Milan»dan mag‘lub bo‘ldilar va hisob yanada yirikroq ko‘rinishga kelishi ham mumkin edi. «Yuventus» esa o‘z maydonida harakat qilgan bo‘lishiga qaramasdan, «Napoli»ni mag‘lub eta olmadi va ko‘proq tashabbus mehmonlarda bo‘lganini ham alohida e’tirof etish kerak.

«Napoli» bilan durang «Yuventus»ning kuchli to‘rtlikka qaytish ehtimolini keyinroqqa surdi va albatta ruhiy zarba ham bo‘lishi mumkin. «Roma»ning beqaror o‘yinlari esa Joze Mourinodan ushbu mavsumda jiddiy natijalar kutmaslik kerakligini ko‘rsatmoqda. Rimliklar bir qaraganda hujumkor o‘yin namoyish qilayotgan bo‘lishsa-da, ayniqsa, top-raqiblarga qarshi u qadar ishonchli ko‘rinishmayapti. «Atalanta» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba ham ko‘proq tasodif bo‘lgani «Sampdoriya» va «Milan»ga qarshi o‘yinlarda o‘z isbotini topdi.

Foto: Getty Images

«Roma»ning yana bir ojiz jihati vaziyatlardan foydalana olmaslikdir. Yozda klub ikki nafar hujumchini sotib olgan bo‘lsa-da, gol urish bo‘yicha A Seriyada 9-o‘rinda borishmoqda. Xavfli vaziyatlar yaratish bo‘yicha esa rimliklar 2-o‘rinni band etishgan. Ya’ni bu holatda murabbiydan ko‘ra, hujumchilarning xatolari ham ko‘proq, deyish mumkin.

Tarkiblarga to‘xtalsak, «Roma»ning Milandagi o‘yinida birdaniga ikki futbolchi qizil kartochka oldi. Karsdorp va Manchini diskvalifikatsiya tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mayoral va Fuzatoda kovid aniqlangan, uzoq muddatga safdan chiqqan Spinatsolla esa hali mashg‘ulotlarga qaytgani yo‘q va sobiq jamoasiga qarshi maydonga tusha olmaydi. Turinliklar safida himoya markazida Kellini (kovid) va Bonuchchi (jarohat) juftligini ko‘rmaymiz. Ammo aytish mumkinki, De Ligt – Rugani juftligi u qadar yomon ko‘rinmayapti. Chap qanotdagi Daniloning yo‘qligini ham Kuardado bildirmayapti.

A Seriya. 21-tur
9 yanvar (yakshanba)
INTeR – LATsIO
O‘yin boshlanish vaqti:
00:45
TV-translatsiya: Sport TV

O‘tgan yilning oktyabr oyida ushbu raqiblar Rimda to‘qnash kelgandilar va o‘shanda «Latsio» 3:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘sha mag‘lubiyat «Inter» uchun A Seriyada oxirgisi bo‘lib turibdi va jamoa keyingi 11 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi, peshqadamlarni quvib o‘tib, chempionatda yaqqol yetakchiga aylandi. Yangi yilda ham ushbu ijobiy seriyani davom ettirish va «Milan»ni o‘ziga yaqinlashtirmaslik uchun tabiiyki, «Inter» g‘alaba uchun maydonga tushadi. Simone Indzagi murabbiy sifatini o‘zini olamga tanitgan «Latsio»ga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rishi ham qiziq, albatta.

«Latsio» mavsum boshida peshqadamlar safida borgan va hatto hujumkorlik ko‘rsatkichlarida yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, Sarrining uslubi to‘liq moslashib ketishi uchun biroz vaqt kerak. Rimliklar hozirda 8-o‘rinda bormoqdalar, lekin birgina g‘alaba ularni 5-o‘ringa olib chiqish ehtimoli ham bor. Shuningdek, «Roma»ni quvib o‘tib imkoniyati ham mavjud.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, so‘nggi yillarda mutlaqo tenglikni ko‘rish mumkin. Oxirgi 24 uchrashuvda har ikki tomon 10 martadan g‘alaba nashidasini surishgan. O‘tgan mavsumda aynan Milanda bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda esa mezbonlar 3:1 hisobida ustun kelgan. O‘sha o‘yinda dubl qayd etgan Romelu Lukaku esa allaqachon jamoani tark etib, hozirda «Chelsi» safida to‘p surmoqda.

Katta ehtimol bilan bu o‘yin gollarga boy bo‘lishi kerak. Zero «Inter» ligada eng ko‘p gol urgan jamoa sanalsa, «Latsio» bu ko‘rsatkich bo‘yicha, uchinchi o‘rinda bormoqda. Shuningdek, rimliklarning himoyada u qadar ishonchli emasligini ham ta’kidlash kerak. Turnir jadvali so‘ngidagi 4 jamoagina mavsum davomida «Latsio»dan ko‘proq gol o‘tkazib yuborgan xolos.

«Inter»ga ustunlik beradigan yana bir jihat shundaki, milanliklar oxirgi marta 22 dekabrda maydonga tushishgan. «Bolonya»ga qarshi o‘tishi kerak bo‘lgan o‘yin kovid tufayli qoldirildi. «Latsio» esa uch kungina oldin «Empoli»ga qarshi qiyin (3:3) uchrashuvda ishtirok etishdi. Tabiiyki, jismoniy tarafdan mezbonlar yaxshiroq holatda bo‘lishadi.

Angliya kubogi. 3-raund.
10 yanvar (dushanba)
MYu – ASTON VILLA
O‘yin boshlanish vaqti:
00:55
TV-translatsiya: Match TV

Bu o‘yin APL doirasidagi o‘yinlar sirasiga kirmaydi, kubok o‘yini bo‘lsa-da, alohida e’tiborga arziydi. Birinchidan, ushbu bosqichdagi eng nomdor juftlik aynan mana shu. Ko‘pgina top-klublar raqib sifatida quyi liga vakillariga duch kelishdi. Ikkinchidan, «Manchester Yunayted»ning oxirgi o‘yindagi mag‘lubiyati, shundan keyin chiqayotgan turli xabarlar, go‘yoki, futbolchilarning Rangnikka nisbatan norozilik kayfiyati paydo bo‘lgani kabi mish-mishlarga javob berish uchun ayni muddao. Bundan tashqari, ushbu jamoalarning «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan so‘nggi o‘yinida mehmonlar so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga uch ochko egasiga aylangandilar. To‘g‘ri, o‘sha uchrashuvda shogirdlarini maydonga olib tushgan murabbiylar iste’foga chiqishgan – Smit «Norvich» boshqaruvida, Sulsher esa Norvegiyada. Shunday bo‘lsa-da, futbolchilarning aytadigan so‘zlari bor. Buning ustiga «Aston Villa» ham yangi yilning ilk uchrashuvi Brentfordda mag‘lubiyat alamini totgan.

Foto: Getty Images

Jyerrard qo‘l ostida «Aston Villa» ancha o‘nglandi, bir qator chiroyli g‘alabalarga erishdi, lekin aynan top-klublarga qarshi o‘yinlarda ochko qo‘lga kirita olmayapti. «Liverpul», «Chelsi» va «Siti»ga qarshi o‘yinlarda birminhemliklar u qadar yomon ko‘rinishmagan bo‘lsa-da, oqibatda mag‘lubiyatga uchrashdi. Hozircha «Manchester Yunayted»ni turnir peshqadamlari safiga qo‘shib bo‘lmaydi, lekin «Old Trafford» ayniqsa, Stiven Jyerrard uchun o‘zgacha motivatsiya beradi, bunga shubha yo‘q.

Tarkiblarga kelsak, mehmonlar safida Traore va Trezege Afrika Millatlar kubogiga ketishgan, xuddi shunday statusdagi futbolchi mezbonlar safida Erik Bayi, Mejbri va Amad ham bor, lekin ular shundoq ham asosiy tarkibdan uzoq edilar. Shuningdek, «Aston Villa»da Leon Beyli jarohatda, Eshli Yang mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi so‘roq ostida. «Barsa»dan Birminghem klubiga ko‘chib o‘tgan Koutinoda koronavirus aniqlangan, u ham yangi sheriklariga yordam bera olmaydi. Mezbonlar safida esa Bayidan tashqari, Harri Maguayr ham dushanba kuniga tayyor bo‘lmasligini Ralf Rangnik ma’lum qildi. Lekin Viktor Lindelyof koviddan davolanib ulgurdi va bu o‘yinda maydonga tusha oladi.

BOShQA O‘YINLAR

8 yanvar. Granada – BARSeLONA (22:30), CheLSI – Chesterfild (22:30).

9 yanvar. Venetsiya – MILAN (16:30), LIVeRPUL – Shrusberi Taun (19:00), NAPOLI – Sampdoriya (20:30), Udineze – ATALANTA (20:30), Nottingem – ARSeNAL (22:10). Lion – PSJ (10 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45) Vilyareal – ATLeTIKO (10 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00).

Top