15:15 / 08.01.2022
36581

Turkmaniston prezidenti «Do‘zax darvozasi» krateridagi olovni o‘chirishni buyurdi

Berdimuhamedovning ta’kidlashicha, Darvoza regionida ko‘p yillardan buyon yirik miqdordagi gaz yonmoqda va bu ekologiyaga hamda aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Foto: Turkmenportal

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov «Do‘zax darvozasi» deb nom olgan Darvoza gaz krateridagi olovni o‘chirish yo‘lini topishni talab qildi, deb xabar bermoqda Interfaks.

Xabarga ko‘ra, Berdimuhamedov bosh vazir o‘rinbosari Shahim Abdurahmonovga bu masalani hal qilish topshirig‘ini bergan.

Turkmaniston prezidentining ta’kidlashicha, Darvoza regionida ko‘p yillardan buyon yirik miqdordagi gaz yonmoqda va bu ekologiyaga hamda aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Berdimuhamedov bosh vazir o‘rinbosariga olovni o‘chirish uchun olimlarni to‘plashni, zarur bo‘lsa, xorijlik mutaxassislarni jalb etish topshirig‘ini bergan.

Turkmaniston prezidenti yonayotgan kraterni o‘chirish masalasini birinchi marta 2010 yilda ko‘tarib chiqqandi. O‘shanda u krater ko‘mib tashlanishi yoki boshqa chora topilishi kerakligini aytgandi. Ammo vaziyat o‘zgarishsiz qolgan.

Darvoza krateri 1971 yilda yerosti gazi to‘plangan joyda paydo bo‘lgan. Tashqariga chiqayotgan gaz odamlarni zaharlamasligi uchun kraterni yondirishga qaror qilingan. Olov bir necha kunda o‘chishi taxmin qilingan, ammo 50 yildan buyon yonmoqda.

O‘tgan yil noyabrida turkmanistonliklarga «Do‘zax darvozasi»ga yaqin borish taqiqlangani xabar qilingandi.

Top