08:39 / 09.01.2022
5414

Sirdaryoda Isuzu avtobusi yo‘l chetida turgan Damas bilan to‘qnashib, uni ag‘darib yubordi

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida Isuzu avtobusi yo‘l chetida turgan Damas bilan to‘qnashib, uni ag‘darib yuborgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 5 yanvar kuni soat 13:30 larda, 4R-18A avtomobil yo‘lining Mirzaobod tumani hududida Isuzu avtobusi va Damas ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Gagarin-Guliston yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Isuzu avtobusi  haydovchi D.K. ning ehtiyotsizligi tufayli yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan Damas mashinasining orqa tomoniga urilgan. Damas pastlikka ag‘darilib ketgan.

To‘qnashuv oqibatida, avtobus haydovchisi D.K. va 5 nafar yo‘lovchilari hamda Damas haydovchisi K.K. va yo‘lovchisi Z.Ch. turli daraja tan jarohatlari olgan va ularga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, mazkur YTH yuzasidan Mirzaobod tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Top