13:00 / 09.01.2022
117393
Tog‘da topilgan skeletlar: sirli qotillik qanday fosh qilingandi?
Fotokollaj: Kun.uz

Sirli qo‘shaloq skelet

1993 yilning erta bahorida Tojikistonning Isfara shahridan taxminan 10 km masofada joylashgan tog‘ bag‘ridan cho‘ponlar odam suyaklarini topib olishadi. Bu haqda darhol Isfara tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar beriladi. Biroq suyaklar topilgan joyga yetib kelgan tojikistonlik tezkor xodimlar bu hudud qo‘shni O‘zbekiston Respublikasiga tegishli ekanini aniqlaydi. Shu tufayli, tartibga muvofiq Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIBga xabar beriladi.

Voqea joyiga viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari, tuman prokurori, prokuror-kriminalist, prokuratura tergovchisi, sud-tibbiyot eksperti va IIB tezkor xodimlari zudlik bilan yetib boradi.

Tergov guruhi qiziq manzaraga duch keladi – Sho‘rsuv aholi punktidan taxminan 14 km uzoqlikdagi tog‘ cho‘qqilari orasidagi qo‘lbola qabr Tojikistonning Isfara tumani bilan chegara joyda qazilgan edi. Bu tergovni chalg‘itish uchun qilinganmikan?

Yaqin orada aholi yashash punkti yo‘q bo‘lib, Isfaraga qarashli eng yaqin qishloq bu yerdan 7 km masofada joylashgandi.

Qabr atrofidagi 10 kvadrat metr masofada odam qovurg‘alari sochilib yotar, qabrning o‘zidan ham suyaklar chiqib turardi. Balki, yovvoyi hayvonlar hid olib, ko‘milgan joyni qazib tashlamaganida yopiqlik qozon yopiqligicha qolib ketarmidi...

Ko‘zdan kechirish chog‘ida ikkita bosh suyagi topildi.

Jasadlar chuqurlikka noodatiy usulda – xuddi o‘yin kartalaridagi figuralar kabi oyoqlari bir-birlariga uzatilgan holda ko‘milgandi.

Tabiiy o‘limmi yoki qotillik?

Skeletlar ehtiyotkorlik bilan chuqurlikdan chiqarib olindi. Marhumlarning jinsini, yoshini, shaxsini, vafot etish vaqti va sababi, dafn etish vaqti kabilarga aniqlik kiritish maqsadida ekspertiza tayinlandi.

Voqea joyini ko‘zdan kechirish va keyingi tergov bosqichlarida ham tezkor xodimlar tomonidan «Bu – tabiiy o‘lim va oddiy dafn qilish» degan fikrlar bir necha bor yangraydi. Darhaqiqat, tog‘li joylarda daydilarni vafot etgan joyida dafn etish holatlari bir necha bor kuzatilgandi. Lekin tergovchining ichki ishonchi bu jinoyat ekanini aytib turardi. Hali bir qarorga kelish uchun yetarli fursat bo‘lsa-da, ushbu ichki ishonch shu kuniyoq Jinoyat kodeksining 80-moddasi (Kodeksning avvalgi tahririda qasddan odam o‘ldirish jinoyati 80-moddada nazarda tutilgan edi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga turtki bo‘ldi.

Bedarak yo‘qolganlardan «najot» bo‘lmadi

Tergovning dastlabki kunlaridanoq holat bo‘yicha ma’lumot to‘plash uchun O‘zbekiston tumani IIBning deyarli barcha tarmoq xodimlari va keng jamoatchilik jalb etildi. Mahalliy matbuotda e’lonlar joylandi. Barcha qo‘shni tumanlar, shuningdek Andijon, Namangan, Xo‘jand va O‘sh viloyatlarida fuqarolarning bedarak yo‘qolganligi faktlarini o‘rganish uchun IIB tezkor xodimlari xizmat safarlariga jo‘natildi.

Sud-tibbiyot eksperti o‘rganish uchun olingan skeletlarda ayrim suyaklar yo‘qligini ma’lum qildi. Bunga qo‘shimcha ravishda ko‘milgan joydan hech qanday kiyim detallari topilmagani sababli voqea joyini qayta ko‘zdan kechirishga zarurat tug‘ildi.

«Qabr»ga qayta tashrif buyurgan guruh ertalabdan kechgacha yon-atrofni to‘g‘ri ma’noda elakdan o‘tkazdi. Ya’ni atrofdagi har bir tuproq zarrasi elakdan o‘tkazib chiqildi. Sinchkovlik bilan olib borilgan izlanishlar o‘z samarasini berdi – skeletlarga tegishli yana 49ta qoldiq topildi. Ular orasida 5ta tabiiy va bitta metall qoplamali tish ham bor edi.

Qayta o‘rganish jarayonida ham birorta kiyim bo‘lagi yoki unga tegishli detal topilmagani – jasadlar kiyimsiz ko‘milgani to‘g‘risida xulosa beradi. Bu xulosa marhumlar qotillik qurboni bo‘lgan, degan fikrni yanada mustahkamladi.

Yagona belgi – metall tish

Hozircha qo‘lga kiritilgan yagona farqlovchi belgi – bu marhumlardan biriga tegishli bo‘lgan metall qoplamali jag‘ tishi edi. Qolgan narsalar barcha odamlarda bo‘ladigan suyaklar bo‘lib, ulardan marhumni ajratib olish imkonsiz edi.

Qolaversa, qo‘shni tuman va viloyatlarda bedarak yo‘qolgan shaxslar bo‘yicha ishlarni o‘rganib chiqish hech qanday natija bermadi. Bedarak yo‘qolganlar orasida hikoya qahramonlari bo‘lgan skeletlarga o‘xshashi topilmaydi.

Somon ichidan igna qidirish

Ko‘plab choralar samarasiz yakunlanganiga qaramay, jinoyatni fosh etish maqsadidan bir qadam ham ortga chekinmagan tergovchilar tezkor-qidiruv faoliyatini yangi yo‘nalishga ko‘chiradi. Endilikda bor e’tibor skeletlar topilgan hudud atrofidagi aholi punktlarida ishlashga qaratiladi.

Keng qamrovli tadbirlar jarayonida fuqarolarning bedarak yo‘qolishi, hududlarga mehmonlarning kelib-ketishi, qishloqdagilarning safarlarga borib kelishi bilan bog‘liq har bir fakt, voqea chuqur o‘rganib chiqiladi.

Kalavaning uchi

Yon-atrofdagi hududlarda bedarak yo‘qolganlik haqidagi e’lonlar bilan skeletlarga aloqadorlik mavjud emasdi. Bu holat tergovchilarni hududlarga uzoqroq o‘lkalardan mehmonlarning kelish-ketish tarixini o‘rganishga undadi.

To‘g‘ri yo‘nalishga tushgan izlanishlar o‘z natijasini bera boshladi. Uzoq davom etgan surishtiruv va so‘roqlar doirasida Farg‘ona vodiysida joylashgan Oftobro‘y qishlog‘i (Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Isfara tumanidagi qishloq)da yashovchi Sobit G‘aniyev (ismlar o‘zgartirilgan)ning xonadoniga 1992 yili rossiyalik ikki nafar yosh yigit mehmon bo‘lib kelgani ma’lum bo‘ladi.

Dastlabki so‘roq jarayonida mezbon «uyiga rossiyalik «Gena» va «Sasha» ismli do‘stlari mehmon bo‘lib kelishgani, 2-3 kun turib, Rossiyaga qaytib ketishgani, Isfaraga kelishdan maqsadlari o‘rik qoqisini xarid qilib, Tver shahriga jo‘natish bo‘lgani»ni xotirjam so‘zlab beradi. Shu bilan u «boshqa hech narsani bilmasligi»ni aytib turib oladi.

Shuning o‘zi tergov uchun katta ma’lumot edi. Zudlik bilan Rossiyaning Tver shahridan bedarak yo‘qolgan fuqarolar haqida ma’lumot so‘raladi. Ichki ishlar boshqarmasiga 1964 yilda tug‘ilgan Ignatiy Mojayskiy va 1968 yilda tug‘ilgan Aleksandr Peskov bedarak yo‘qolgani haqida ma’lumot yetib keladi.

G‘isht qolipdan ko‘chdi

Rus yigitlarning ikkisi ham «Agrostroybiznes» kichik korxonasida ishlagani va 1992 yilda poyezd bilan Markaziy Osiyoga jo‘nab ketganicha bedarak yo‘qolgani ma’lum bo‘ladi. Ignatiy Mojayskiyning belgilari orasida yuqori jag‘ida metall qoplamali tishi borligi aytiladi. Skeletlardan biri Ignatiyga tegishliligi oydinlashadi.

Mojayskiy va Peskovning qarindoshlari Farg‘ona viloyat prokuraturasiga taklif etiladi.

Skeletlar topilganidan 35 kun o‘tib, 1993 yil 15 may kuni Tojikiston fuqarosi, 1968 yilda tug‘ilgan, ishsiz Sobit G‘aniyev Tojikiston prokuraturasi roziligi bilan jinoyat ishiga gumon qilinuvchi sifatida jalb qilinib, hibsga olinadi.

Shu kuniyoq uning xonadonida tintuv o‘tkazilib, marhumlarga tegishli bir necha buyum topiladi. Jumladan, Ignatiyning otasi o‘g‘liga tegishli bo‘lgan hamyonni, Aleksandrning otasi esa o‘g‘liga sovg‘a qilgan cho‘milish kiyimini tanib oladi...

Shu tariqa, jabrlanuvchilarning shaxsiga to‘la aniqlik kiritiladi. Lekin hali G‘aniyevni ayblash uchun dalillar yetarli emas edi.

Dastlab G‘aniyev tergovni chalg‘itish uchun boshqacha ko‘rsatmalar beradi. Biroq yolg‘on ko‘rsatmalar voqelikka mos kelmagani hamda isbotlab berilmagani uchun tergovchilar tomonidan puchga chiqariladi. Oradan 2 kun o‘tib, G‘aniyev o‘z jinoiy qilmishini tan oladi.

Pul uchun juvonmarg bo‘lganlar

G‘aniyev tergovga o‘z jinoyatining maqsad va tafsilotlarini aniq qilib so‘zlab beradi.

1992 yilning 11 iyun kuni o‘rik qoqisi xarid qilish va Tverga jo‘natish uchun kelgan tanishlari Mojayskiy va Peskov o‘zlari bilan 300 ming so‘m (o‘sha davrda katta pul) olib kelganini eshitgan G‘aniyevning niyati buziladi. O‘sha kuni mehmonlarning iltimosiga binoan ularni o‘z mototsiklida tog‘ga dam olish uchun olib chiqadi.

G‘aniyev mehmonlar uchun tabiat qo‘ynida kichik ziyofat tashkil etadi. U mehmonlarini ayniqsa aroq bilan rosa «siylaydi». Yigitlar ichkilikdan o‘zlarini bilmaydigan holatga kelganidan foydalangan G‘aniyev ularni pichoq bilan o‘ldiradi. Jinoyatni yashirish uchun yigitlarni o‘zi qazgan chuqurga ko‘mib tashlaydi va iz qoldirmaslik uchun ularning kiyimlarini nariroqda yoqib yuboradi. Hamyondagi pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatgan G‘aniyev e’tiborsizlik qilib, kamarni o‘z uyida qoldirgan edi.

Gumon qilinuvchining so‘zlari voqea joyiga olib chiqib, tekshirib ko‘riladi. Voqealarni jonlantirish orqali uning ko‘rsatmalari reallikka mos kelishi ma’lum bo‘ladi.

Jinoyat uchun jazo

Prokuror, tergovchi va tezkor xodimlarning mahorati bilan ishga oid ko‘plab dalillar to‘planadi. Jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan jami 17 turdagi ekspertiza, mutaxassislarning xulosalari, tezkor-qidiruv ma’lumotlari natijasida jinoyat ishi anchagina «semirgan» edi.

G‘aniyev o‘z aybiga to‘la iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildiradi. Tergov unga nisbatan I.Mojayskiy va A.Peskovni g‘arazli niyatda qasddan o‘ldirganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilib, ishni sudga oshiradi.

Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchi S.G‘aniyevni aybdor deb topib, uni oliy jazo – otib o‘ldirishga hukm qiladi (O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yildan bekor qilingan). Ish apellyatsiya sudida ham ko‘riladi va o‘zgarishsiz qoldiriladi. Yakunda jazo ijro etiladi. Pul uchun ikki navqiron yigitni o‘ldirgan jinoyatchining qismati ham ayanchli yakun topadi.

Abbos Salaydinov tayyorladi

Top