08:52 / 10.01.2022
90704

«Maskasiz» yurish uchun 1 mln 350 ming so‘m jarima - Bu qanchalik real?

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni ortayotgani fonida ko‘chalarda va jamoat joylarida tibbiy niqobsiz harakatlanayotganlarga nisbatan yana ma’muriy jarima qo‘llanilishi haqida xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lmoqda.

Foto: TASS

Qayd etib o‘tish kerak, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi hukm surganidan so‘ng bir qancha barcha muassasalarning ishlashiga ruxsat berildi. Lekin sanitariya va gigiyena qoidalarini hech kim bekor qilgani yo‘q.

Chindan ham, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) birinchi bandiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

BHMning besh baravari aynan 1 mln 350 ming so‘m bo‘ladi. Lekin bu qat’iy jarima emas. Kodeksda ham besh baravariGAChA deb yozib qo‘yilgan.

Unda, mish-mishlarda jon bor bo‘lib chiqsa va jarimalar yana qo‘llanila boshlasa «maskasiz» yurish qancha jarimaga sabab bo‘ladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 25-moddasi (Jarima) ning ikkinchi qismida fuqarolarga solinadigan jarimaning eng kam miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ellikdan bir qismi (5400 so‘m)dan, mansabdor shaxslarga esa — o‘ndan bir qismi (27000)dan kam bo‘lmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Demak, hozirgi sharoitda jamoat joyida niqob taqmaslik 5400 so‘mdan 1 mln 350 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi. Jarima miqdorini vakolatli shaxs belgilaydi.

Kun.uz o‘tgan yil yozida o‘z manbasiga tayanib bir statistikani e’lon qilgandi: karantin boshlangan 2020 yil bahoridan boshlab 2021 yil iyul oyigacha 1 mln 139 ming 872 nafar shaxs tibbiy niqob taqmagani uchun jarima to‘lagan. Jarimalarning umumiy summasi 279 mlrd so‘mdan oshgan. Bu bitta bayonnomaga o‘rtacha 245 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yili bazaviy hisoblash miqdori aynan 245 ming so‘m bo‘lganini inobatga olsak, amaliyotda niqob taqmaslik uchun 1 BHM jarima qo‘llanayotgani ma’lum bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 270 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Top