16:17 / 10.01.2022
4084
Namangan va Surxondaryo viloyatlarida fuqarolarning o‘qishini ko‘chirib berishni aytib, pul olganlar ushlandi
Foto: Prokuratura departamenti

Namangan viloyati Chust tumani va Termiz shahrida fuqaroning o‘qishini ko‘chirib berishni aytib pul olganlar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, “S.E.” MChJ rahbari I.M. fuqaro D.ning O‘sh davlat universitetidagi o‘qishini 2700 dollar evaziga tanishlari yordamida O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga ko‘chirish haqida buyruq chiqartirib berishni va’da qilib, kelishilgan puldan 1100 dollar va 4,6 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, departamentning Termiz shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali talabasi Sh.N. va boshqalar fuqaro O.ning ishonchiga kirib, uning ukasi Xarkov milliy tibbiyot universiteti talabasi J.ning o‘qishini tanishlari yordamida Buxoro Davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berishi evaziga 4000 AQSh dollari olgani aniqlangan.

Tekshiruv davomida, Sh.N. tomonidan ixtiyoriy qaytarilgan 100 AQSh dollari va 400 ming so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top