07:41 / 10.01.2022
9600

O‘zbekistonda koronavirusning omikron shtammi Dubaydan kelgan xorij fuqarosida aniqlangan

Joriy yilning 7 yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi (ITM) laboratoriyasida omikron shtammi aniqlangan.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston hududiga Dubaydan kelgan xorij fuqarosida koronavirusning yangi shtammi omikron aniqlangan. Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mazkur holat, shuningdek, omikron tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Voqeani sharhlar ekan, innovatsion rivojlanish vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova shunday dedi: 

“Omikronning dunyo bo‘ylab tez tarqalishini inobatga olsak, uning O‘zbekistonda paydo bo‘lishi vaqt masalasi edi. Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari sifatida ZF-UZ-VAC2001 sinovlarida va virusli mutatsiyalarni o‘rganishda faol ishtirok etarkanman, mamlakatimizdagi eng ommabop O‘zbekiston-Xitoy vaksinasi ustida olib borilgan tadqiqotlar yangi shtamm bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatayotganini aytishim mumkin. Vaksinaning kuchaytirilgan — buster dozasi omikrondan deyarli 100 foiz himoya qiladi. Xitoylik hamkasblarimiz ham buni tasdiqladilar”.

Maxsus komissiya yig‘ilishida aholini, shu jumladan ZF-UZ-VAC2001’ning kuchaytirilgan dozalari bilan emlashni zudlik bilan tezlashtirish masalasi ham muhokama qilindi.

Top