16:50 / 10.01.2022
11584

O‘zbekistonda omikron shtammi aniqlangan xorijlik bilan bir samolyotda kelgan barcha yo‘lovchilar karantinga olingan 

Omikron shtammi aniqlangan xorijlik kelgan reysning barcha yo‘lovchilari karantinga olingan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ma’lum qildi.

Foto: SSV

“Omikron shtammi aniqlangan chet el fuqarosi bilan bir samolyotda kelgan barcha yo‘lovchilar karantinga olingan. Ulardan 130 nafari o‘zbekistonliklar bo‘lib, ular uy sharoitida, 70 nafar chet ellik fuqarolar mehmonxona sharoitida karantin o‘tamoqda”, dedi u.

O‘z navbatida, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Umidulla Risqiyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan 16 ta maxsus tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalar soni zarurat tug‘ilsa, 132 ta, koykalar sonini esa 32 mingtaga yetkazish imkoni bor.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimovning aytishicha, omikron shtammi asosan yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi.

“JSST ma’lumotiga ko‘ra, omikron shtammiga chalingan bemorlarning 98 foizi uy sharoitida, 2 foizi esa statsionar tarzda davolanmoqda. Chunki virusning mazkur turi asosan yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi”, dedi u.

Mavzuga oid
Top