19:27 / 10.01.2022
31097

Putin Qozog‘istonda «maydan texnologiyalari» qo‘llanganini aytdi, Lukashenko O‘zbekistonni ogohlantirdi

Aleksey Nikolskiy/RF prezidenti matbuot xizmati/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) Qozog‘istondagi namoyishlar bo‘yicha navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi.

Vladimir Putinning fikricha, Qozog‘iston davlatchiligiga tahdid mamlakatda gaz narxi ko‘tarilishiga norozilik sifatida boshlangan namoyishlar tufayli emas, «vaziyatdan buzg‘unchi ichki va tashqi kuchlar foydalanib qolgani» ortidan yuzaga kelgan.

«Gaz bozoridagi vaziyatni targ‘ib qilganlar bir maqsadli bir xalq, qo‘liga qurol olib, davlatga hujum qilganlar esa butunlay boshqa odamlar bo‘lgan. Shu bilan birga, Maydan usuliga xos norozilik namoyishlarida odamlarni kuch axboroti bilan qo‘llab-quvvatlash elementlari faol ishlatilgan», dedi u.

Putin Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning mamlakatga «terrorchilar» hujum qilgani haqidagi gaplariga qo‘shilgan. Putinning hisoblashicha, Qozog‘istonda «uyushgan va boshqarilayotgan jangarilar guruhlari, jumladan, chet eldagi terrorchilik lagerlarda shug‘ullantirilgan jangarilar»dan foydalanilgan.

Rossiya prezidenti KXShT davlatlari Qozog‘istonga tinchlikparvar kuchlarni «jinoyatchilar, talonchilar va boshqa kriminal elementlar yo‘lini to‘sish» uchun yuborganini aytgan.  Uning qayd etishicha, KXShT kuchlari Qozog‘iston prezidenti qachongacha zarur deb bilsa, shuncha vaqt Qozog‘istonda qoladi.

«O‘z vazifalarini bajarib bo‘lgach, barcha kontingent, shubhasiz, Qozog‘iston hududidan olib chiqiladi. Biz ushbu kontingentni qisqa vaqt ichida to‘liq joylashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Birgalikdagi harakatlarimizni o‘z vaqtida qilingan va mutlaqo qonuniy deb bilamiz.

O‘z uyimizda bunday vaziyat qo‘zg‘alishiga, rangli inqilob deb ataladigan ssenariylar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko esa o‘z nutqida O‘zbekistonni tilga oldi.

«Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak, aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan», dedi Belarus prezidenti.

U Qozog‘istondagi voqealarda G‘arbning qo‘li borligiga ishora qildi.

«Ssenariy tanish… Uzoqqa borish shart emas — Yugoslaviya, Iroq, Liviya, Suriya, Ukraina, Afg‘oniston. Yaqinda Belarus ham xuddi shunday kombinatsiyalashgan shiddatni boshdan kechirdi. Albatta, bu mamlakatlarning o‘ziga xos xususiyatlari bor edi. Ammo umumiy imzo ochiq-oydin», dedi u.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Top