18:19 / 11.01.2022
67436
Kreml Lukashenkoning O‘zbekistonni ogohlantirgani mavzusiga aralashmasligini bildirdi

​​​​​​​Dmitriy Peskov bu masalani Minsk va Toshkent o‘zaro muhokama qilishi, Moskva bu muloqotlarda qatnashmasligini aytdi.

Foto: TASS

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonda notinchlik keltirib chiqargan tashqi kuchlarning nazari O‘zbekistonga qaratilganini aytgandi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov O‘zbekiston va Belarusning bu mavzudagi muloqotlarida Rossiya qatnashmayotganini aytdi.

“Bu – Minsk va Toshkent o‘rtasida muhokama qilinadigan mavzu, biz bu rakursda mazkur muloqotlarda qatnashmaymiz”, – dedi Kreml so‘zchisi rus jurnalistlarining savoliga javoban.

Eslatib o‘tamiz, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko KXShTning 10 yanvar kungi sammitida Qozog‘istondagi voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston o‘ziga saboq chiqarishi kerakligini iddao qilgandi.

“Qozog‘istondagi vaziyatdan, avvalo, O‘zbekiston hushyor bo‘lishi kerak, aks holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘polon tashkilotchilarining nigohi, jumladan, O‘zbekistonga qaratilgan”, deya ogohlantirdi u.

Faol o‘zbek jamoatchiligi Belarus rahbarining bu so‘zlarini O‘zbekistonni KXShTga a’zo bo‘lishi uchun qilinayotgan navbatdagi bosim sifatida ko‘rmoqda.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, mamlakat harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi. Rasmiylar mazkur pozitsiyasini xalqaro doirada ham bir necha bor ta’kidlab keladi.

Top