17:39 / 11.01.2022
8509

Soliq, Fuqarolik va Mehnat kodekslariga o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Bugun, 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston respublikasining Soliq, Fuqarolik va Mehnat kodekslariga hamda bir qancha qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan loyihalar ko‘rib chiqildi.

Parlament quyi palatasi majlisi bu safar spiker Nurdinjon Ismoilov tomonidan emas, balki uning o‘rinbosari Akmal Saidov raisligida bo‘lib o‘tdi.

Majlisda dastlab «O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 565-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ikkinchi o‘qishda muhokama qilinib, qabul qilingan ushbu hujjat avtomototransport vositalarini ijaraga berish bilan bog‘liq munosabatlarni yengillashtirishi va ijara bozorini rivojlantirishi kutilmoqda.

Deputatlar, shuningdek, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga hamda Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Qonun loyihasida bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash, bolani parvarishlash vaqtining hammasini jamlanganda ko‘pi bilan 6 yillik davrni ish stajiga qo‘shib hisoblash belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada respublika hududida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan davrda amal qilib turgan pensiya olish huquqi vujudga kelgan fuqarolar, ushbu tadbirlar (cheklovlar) davrida yoki tugagandan so‘ng bir oy ichida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan taqdirda, ularga pensiya uni olish huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlash taklif etilgan. Majlisda qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Parlament quyi palatasi birinchi o‘qishda «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasini ham ko‘rib chiqdi va qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, xo‘jalik shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash amaldagi qonunchilikda belgilanmagani tadbirkorlik sub’yektlari uchun amaliyotda bir qator muammolar vujudga kelishiga sabab bo‘layotgan edi.

«Xususan, koronavirus pandemiyasi sababli ko‘plab tadbirkorlik sub’yektlari mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlashni so‘rab Savdo-sanoat palatasiga murojaat qilgan. Lekin Palata bunday vakolatga ega bo‘lmagani sababli, fors-major holatlarini tasdiqlovchi sertifikatlar berilmagan va tegishli idoralar yoki xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga faqatgina xat chiqarish bilan cheklanilgan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan mahalliy shartnomalar doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vakolatining Savdo-sanoat palatasiga berilganligi munosabati bilan ushbu normani qonunda belgilab qo‘yish taklif etilmoqda”, - deyiladi rasmiy relizda.

Shuningdek, mamlakatda oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadida Soliq kodeksining 483-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonun bilan o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma hamda ularni olib kirish 2022 yil 30 aprelga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Top