19:03 / 12.01.2022
12089

Xitoy AQShni Guantanamo qamoqxonasini zudlik bilan yopishga chaqirdi

Guantanamo qamoqxonasi 2002 yilda tashkil etilgan. Unga Afg‘onistondagi va boshqa antiterror operatsiyalarda asirga olinganlar tashlangan.

Foto: U.S. Navy

Xitoy AQShni Guantanamo qamoqxonasini zudlik bilan yopish va mahbuslarni qiynoqqa solgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqiradi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin ma’lum qildi.

"Guantanamo qamoqxonasi – inson huquqlari tarixidagi qora sahifa", - dedi diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Guantanamo qamoqxonasiga dastlabki mahbuslar keltirilganidan buyon o‘tgan 20 yil davomida mahbuslarning qiynoqqa solinishi to‘g‘risidagi maqolalar gazetalar sahifalarida ko‘p marta chop etilgan. 

"Aslida, Amerika tomonidan tashkil etilgan maxfiy qamoqxonalar butun dunyoda bor, Guantanamo – aysbergning uchi xolos", - dedi Van Venbin.

U AQSh Guantanamo va butun dunyodagi maxfiy qamoqxonalarni yopishi, jabrlanganlardan uzr so‘rab, kompensatsiya to‘lashi, qiynoq qo‘llashga buyruq bergan va bu buyruqni ijro etganlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Guantanamo qamoqxonasi 2002 yilda tashkil etilgan. Unga Afg‘onistondagi va boshqa antiterror operatsiyalarda asirga olinganlar tashlangan.

2009 yilda kichik Jorj Bush o‘rnini egallagan prezident Barak Obama qamoqxonani 12 oy ichida yopish to‘g‘risidagi buyruqni imzolagandi. Ammo Guantanamo qamoqxonasi hozirgacha faoliyat yuritmoqda.

Top