15:30 / 14.01.2022
3866
Energetika vazirligi: “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2021 yilda yuqori kuchlanishli podstansiyalar quvvati 1855 MVAga oshirildi

Energetika vazirligi tizimidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2021 yilda olib borilgan tizimli ishlar natijasida yuqori kuchlanishli 19 ta podstansiya quvvati qo‘shimcha 1 855 MVAga (megavolt amper) oshirildi. Vazirlik xabariga ko‘ra, 2022 yilda ham bu jarayon izchil davom ettiriladi.

Mamlakatimiz aholisi sonining oshib borishi, yurtdoshlarimizning elektr uskuna va jihozlaridan foydalanish ko‘lamining yildan yilga kengayib borayotgani, shu bilan birga, respublikamizda kichik biznes va tadbirkorlikka keng imkoniyatlar berilayotgani, qator investitsiya dasturlari hisobiga yirik sanoat korxonalari ochilayotgani — elektr energiyasi iste’moli kun sayin oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash tarmoqlari izchil rivojlanib borishi, yangi obektlar qurilib, mavjudlari yangilanib borilishini talab qiladi.

O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘idagi yuqori kuchlanishli — 110, 220 va 500 kilovolt magistral elektr uzatish tarmoqlari uzunligi 2005 yildan 2022 yilgacha izchil oshib borgan. Taqqoslash va tahlil uchun shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2005–2016 yillar davomida, ya’ni 11 yil davomida 898,8 km yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari yangidan qurilgan bo‘lsa, 2017–2021 yillarda, ya’ni oxirgi 5 yil davomida uzunligi 1833,2 km bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirilgan.

Xuddi shunday o‘sish dinamikasini yuqori kuchlanishli podstansiyalar soni oshib borishida ham kuzatishimiz mumkin.

O‘zbekiston elektr energetika balansidagi 110, 220 va 500 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar soni 2005–2021 yillar oralig‘ida 17 taga ko‘payib, elektr ta’minotining ishonchliligi oshirib borilgan. 2005–2016 yillarda, ya’ni 11 yil davomida 8 ta podstansiya qurilgan bo‘lsa, 2017–2021 yillar davomida 8 ta yuqori kuchlanishli podstansiya foydalanishga topshirildi. Respublikaning barcha viloyatlaridagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarning quvvat o‘tkazish qobiliyati birmuncha yaxshilandi.

Aniqroq raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan 2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 125 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida jami 200 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Buxoro viloyatida elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladigan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari evaziga 128 MVA quvvat yaratilishiga erishildi.

Jizzax viloyatidagi 110 kVli “DNS-2” podstansiyasi rekonstruksiya qilinib, 220 kV kuchlanishli podstansiyaga aylantirilgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 220 kVli “Amir Temur” podstansiyasi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi va viloyatda 125 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Bu esa boshqa podstansiyalar yuklamasini me’yorga keltirish barobarida 110 kVli “Yakkabog‘–1” va “Yakkabog‘–2” havo elektr uzatish tarmoqlarida o‘ta yuklama hosil bo‘lishi holatlarining oldini oldi.

Shuningdek, elektr energiyasiga bo‘lgan talab jadal o‘sib borayotgan Samarqand viloyatida ham bir nechta modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, elektr tarmoqlari kapital ta’mirdan chiqarildi. Samarqandliklar elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida viloyatda jami bo‘lib 359 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi.

Navoiy viloyatida 243 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilib, Karmana tumanida joriy yilda foydalanishga topshirilgan 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi yagona energetika tizimiga ulandi. Namangan viloyatida esa 200 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilib, viloyatning Chortoq, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari elektr ta’minotidagi ishonchlilik birmuncha oshirildi.

Sirdaryo viloyatida yangi bunyod etilgan metall quyish zavodining tashqi elektr ta’minoti yaxshilanishi uchun bir qator amaliyotlar bajarildi. Bu esa, o‘z navbatida, kichik va o‘rta biznes korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi.

Farg‘ona viloyatidagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarda olib borilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari natijasida 125 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Bunday amaliyotlar Xorazm viloyatida ham bajarilib, “Xorazm” podstansiyasining quvvati 75 MVAga oshirildi. Joriy yilning aprel oyida Xorazmda reaktiv quvvat manbai qurilmasining ishga tushirilishi elektr tarmoqlarida hosil bo‘ladigan reaktiv quvvat sarfini kompensatsiya qilib, iste’molchilarga yetkazib beradigan kuchlanish pasayib ketishining oldi olindi.

Toshkent viloyatidagi mavjud yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari kapital ta’mirlanib, modernizatsiya va rekonstruksmya ishlari natijasida viloyatda 150 MVa qo‘shimcha quvvat yaratildi.  Toshkent shahrida ham kapital ta’mirlash, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Jizzax viloyatidagi “DNS-2” podstansiyasida 85 MVAga qo‘shimcha quvvat yaratildi va 2021 yilda yuqori kuchlanishli 19 ta podstansiyalarda jami qo‘shimcha 1855 MVAga oshirildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston MET” AJ tasarrufidagi podstansiyalarda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq choralar ko‘rilgan bo‘lib, 165 dona havo o‘chirgichi zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirildi.

Qiyosiy tahlilni o‘tgan 3 yilda o‘tkazsak, 2019–2021 yillar davomida yuqori kuchlanishli podstansiyalarda 4347 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi. Mazkur yaratilgan quvvatlar respublikaning o‘rtacha maksimal iste’mol quvvatiga (11500 MVA) nisbatan 37,8 foizga oshirildi.

Agar tahlil va taqqoslashni 5 yilliklarga bo‘lib ko‘rsak, yuqori kuchlanishli elekr tarmoqlari va podstansiyada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami izchil ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, 2012–2016 yillarda 680 MVA qo‘shimcha quvvat yaratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2017–2021 yillarda 5 605 MVAni tashkil etgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda elektr energiyaga bo‘lgan talab ortib borgani sari ham magistral elektr tarmoqlari, ham yuqori kuchlanishli podstansiyalardagi o‘sish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan uning quyidagi elektron manzillari orqali tanishishingiz mumkin:

Veb-sahifa: uzbekistonmet.uz

Telegramt.me/uzmetaxborotxizmati    

Facebookfacebook.com/elektrtarmoq

Twittertwitter.com/uzbekistonmet     

Instagraminstagram.com/uzbekistonmet.uz   

Utube: utube.uz/ru/users/7208

YouTube: youtube.com/channel/UC6cRpsasTIKnReaCXXqccdg

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati Ⓣ

Top