20:10 / 14.01.2022
10056

Toshkent metrosida yana vagonlardan biri tutab ketdi

«Turkiston» metro bekatida yong‘in chiqqani haqidagi xabar yuzasidan izoh berildi.

Foto: Videodan kadr

Telegram kanallarida 14 yanvar kuni Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishidagi «Turkiston» bekatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida videolavha tarqaldi. Videoda metro bekati atrofida bir nechta maxsus mashinalar to‘xtab turgani, o‘t uchiruvchilar shlanglarni metro stansiyasiga tortib olib ketishayotgani, bekatdan odamlar shoshib tashqariga chiqayotgani ko‘rinadi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqov yong‘in sodir bo‘lmagani, vagonlarning birida simlarning sodir bo‘lgan qisqa tutashuvidan so‘ng xuddi yong‘in bo‘lgan vaqtdagidek quyuq tutun tarqalganini ma’lum qildi.

«Vagonlarning birida simlarning qisqa tutashuvi yuz bergan. Shuning natijasida vagonga quyuq tutun kirgan, ammo yong‘in sodir bo‘lmagan. Hodisa joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv otryadlari jalb etilgan.

Yuzaga kelgan holat sababi ma’lum bo‘lgach, tutun chiqishiga sabab bo‘lgan muammo bartaraf etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek, metro bekati yongani yo‘q. Qolaversa, qisqa tutashuv natijasida vagonda ham o‘t chiqmagan.

Qisqa tutashuv ro‘y bergan vaqtda xuddi yong‘in bo‘lgan vaqtdagidek quyuq tutun chiqadi. Odamlar shuning uchun yong‘in chiqdi deb o‘ylashgan. Hodisa natijasida qurbonlar yoki jabrlanganlar yo‘q. Ayni paytda metro bekatida poyezdlar belgilangan grafik asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni davom ettirmoqda», degan u.

FVV vakili Kun.uz’ga bergan izohida yong‘in chiqmagan joyga 4ta yong‘in-qutqaruv brigadasi jalb etilganini, yong‘in chiqmagani keyinroq ma’lum bo‘lgani va metro ko‘p odam to‘planadigan obekt bo‘lganini hisobga olib, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini himoyalash maqsadida bir nechta brigada bir vaqtning o‘zida hodisa oqibatlarini bartaraf etishga yuborilganini aytdi.

Avvalroq, 23 dekabr kuni «Kosmonavtlar» metro bekatida vagonlardan biri tutab ketgan, poyezd texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun depoga yuborilgandi.

2021 yil mobaynida metroda juda ko‘plab ko‘ngilsizliklar kuzatilgan, bu esa ilgari eng xavfsiz transport turi deya e’tirof etiladigan metropolitenning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qator savollarni tug‘dirgandi.

Top