10:00 / 14.01.2022
6558

Yoshlar - millat va mamlakatning oltin zaxirasi

Bugun yoshlarimizni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy- umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazish barchamizning bosh maqsadimizdir. Xususan, Farg‘ona davlat universitetida tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlarimizni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, jahon yoshlariga namuna bo‘lgudek go‘zal tarbiya va bilim berish, tashabbus va ilmiy intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida harakatdamiz.

 

Umuman, mamlakatimiz yoshlari tomonidan erishilayotgan ulkan yutuqlar zamirida Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida o‘z vazifasiga kirishgan pallalardanoq yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida qaragani bilan baholash mumkin. Chunki jadal va barqaror rivojlanishga qaratilgan siyosat aynan davlat rahbari jonkuyarligida yoshlar masalasidan boshlandi. Bu borada mamlakat yoshlari hayotiga katta o‘zgarishlar olib kirgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun yosh avlod taqdirida islohotlar debochasi sifatida tarixga muhrlandi.

Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, davlat rahbari har gal yoshlar bilan uchrashar ekan, ularning taklif va muammolariga quloq tutib, yangidan-yangi tashabbus va g‘oyalarga qo‘l urmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etilishi, imtiyozli ta’lim kreditlari ajratilishi, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ballarni to‘plagan iqtidorli yoshlarga e’tibor, yosh olimlar uchun tanlovlar, grant mablag‘lar, startap loyihalar, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishni ko‘chirishdagi o‘zgarishlar, qulay test jarayonlari, bir vaqtning o‘zida 5 ta OTMda bilimini sinab ko‘rish imkoniyati va shu kabi ko‘plab masalalar buning yorqin ifodasidir.

Yoshlar iqtidorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti, “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi. Iqtidorli qizlar uchun beriladigan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti har bir viloyatdan ikki nafardan qizlarga topshiriladigan bo‘ldi. Sovrindor qizlarga beriladigan imtiyozlar yanada ko‘paytirildi.

Jumladan, Farg‘ona davlat universitetida yoshlar bilan ishlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, ilm-fanga bo‘lgan rag‘batini kuchaytirishga alohida e’tibor berilyapti. O‘tgan bir yil ichida mazkur sa’y-harakatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etishimiz zarur. Zotan, 15 ta fakultet, sirtqi ta’lim va magistratura bo‘limlariga jam bo‘lgan o‘ttiz mingdan ortiq talaba-yoshlar, 700 nafarga yaqin yosh olim-izlanuvchilar bilan ulkan marralarga intilayotgan o‘z qadriyatiga ega universitet yildan yilga taraqqiy etib, yoshlikka xos shijoat, hayotsevarlik, intiluvchanlik bilan evrilib bormoqda.

2021 yilda universitetimizning 51 nafar olimlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgan bo‘lsalar, ularning 30 nafardan ortig‘ini yosh olimlar tashkil etadi. Shuningdek, yoshlarga yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlardan samarali foydalangan yuzlab yoshlarimiz xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari bo‘lishdi. Birgina Jismoniy madaniyat fakultetida Osiyo va respublika chempionati sovrindori bo‘lgan talabalarimiz 23 nafarga ko‘paydi. Zootexniya fakultetining 11 nafar iqtidorli talabalari ilmiy innovatsiya yo‘nalishlarida grantlarni qo‘lga kiritishdi. Yosh filolog, matematik, fizik olimlarimizning iqtidorlari xalqaro anjumanlarda munosib e’tirof etilayotgani ana shunday samaralardan biridir.

Bu yil mamlakatimizda yoshlarning ilmiy faoliyatiga keng yo‘l ochishga qaratilgan e’tibor tufayli tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilikka ajratilgan kvotalar soni sezilarli darajada oshdi. Joriy yilda 58 nafar izlanuvchan yigit-qizlarimiz universitet tayanch doktorantlari sifatida ilmiy izlanish olib bormoqda.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, 2022 yildan mamlakatimizda 35 ta davlat oliy ta’lim muassasalari qatori Farg‘ona davlat universitetiga ham moliyaviy va akademik mustaqillikning berilishi oliygoh hayotidagi muhim voqelik bo‘ldi. Mazkur ishonch zimmamizga katta mas’uliyat yuklash barobarida universitetimizning o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlari, xususan, ilmiy salohiyatni oshirish, talabalar uchun har tomonlama zamonaviy ta’lim olish sharoitlarini yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni yanada jadallashtirish, bu borada mustaqil qarorlar qabul qilishimizga keng yo‘l ochdi.

Ayni vaqtda Farg‘ona tumanidagi o‘quv-tajriba agrouchastkasi, Oltiariq tumanidagi dala o‘quv maydonlari faoliyatini kuchaytirish borasidagi ishlar, universitetning barcha fakultetlarida bosqichma-bosqich olib borilayotgan bunyodkorlik sa’y-harakatlari yanada qizg‘in tus oldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka qayta saylanib, inauguratsiya marosimida so‘zlagan nutqida yoshlarga oid davlat siyosati izchil davom ettirilishini ta’kidlab, “Sizlar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda doimo oldingi safda bo‘lasizlar”, deya yuksak ishonch bilan yuzlandi. Chunki bugundan bunyod bo‘layotgan, ota-bobolarimiz asrlar davomida orzu qilib o‘tgan O‘zbekistonning faol yaratuvchilari, yashnatuvchilari va ertangi egalari ham shubhasiz yoshlardir.

Bahodirjon Shermuhammadov  
Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Ⓣ

Top