19:04 / 15.01.2022
20173

Rossiyani sanksiyalarning 18 xil ssenariysi va «kuchli og‘riq» kutayotgani aytildi

AQShning nuqtayi nazariga ko‘ra, «diplomatik yechim uchun eshik hali ham ochiq».

Foto: AP Photo/Ivan Sekretarev

AQSh Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirishi ehtimoli uchun sanksiyalarning 18 xil ssenariysini tayyorladi. Bu haqda AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Financial Times nashriga bergan intervyusida aytdi.

«18 xil ssenariy to‘g‘risida oldindan aytmoqchi emasman. Shunchaki agar Rossiya bu tajovuzni amalga oshiradigan bo‘lsa, ittifoqchilarimiz bilan kuchli og‘riq berishga tayyorligimizni aytaman», — dedi u.

Nulandning qo‘shimcha qilishicha, AQSh nuqtayi nazarida «diplomatik yechim uchun eshik hali ham ochiq», Vashington Rossiyaga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha yozma javob tayyorlamoqda.

«Ayrim masalalardagi keskinlikni diplomatiya yordamida pasaytirish mumkin deb hisoblaymiz», — dedi Nuland.

Rossiya o‘tgan yil dekabrda AQSh va NATOga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflarini bergandi. Ushbu takliflar bo‘yicha bir nechta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top