11:32 / 17.01.2022
26085

2014 yilgi ssenariy: Pentagon Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun provokatsiya hozirlayotganini xabar qildi

Pentagon rasmiy vakili Amerika nashrlari ortidan Rossiya Ukrainaga qarshi yangi agressiv provokatsiya tayyorlayotgani haqida gapirdi. Vashingtondagi ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva «boshqa bayroq ostida» harakat qiluvchi diversantlarni Ukraina bilan chegaraga tashlamoqchi. Ularning operatsiyaga kirishishidan esa Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun bahona sifatida foydalanishni rejalashtirgan.

2021 yil oktyabrida AQSh nashrlari mamlakat razvedkasidagi manbalariga asoslanib, Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘playotgani haqida yozgandi. Keyinroq rasmiylar ham bu haqda gapira boshlashdi. Amerika tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya chegarada 100 ming atrofida qo‘shin to‘plagan. Bu Rossiya yana bir marta Ukrainaga bostirib kirmoqchiligidan dalolat sifatida qabul qilindi.

Moskva hech qanday bosqinga tayyorgarlik bo‘lmayotganini aytib, o‘z qo‘shinlarini mamlakat ichida xohlaganicha joylashtirishi mumkinligini iddao qilib keladi. Bu haqda Rossiyaning AQSh, NATO va YeXHT bilan muzokaralarida ham takrorlandi.

Keyinchalik mavzu jiddiylashib, Rossiya o‘z talablarini ilgari surdi. Xususan, mamlakat TIV odatda ommaga oshkor qilinmaydigan hujjatni e’lon qildi. Unda Rossiya AQShdan nima talab qilayotgani keltirilgandi – Rossiya Ukraina va Gruziya hech qachon NATOga kirmasligi bo‘yicha yuridik kafolat so‘ragan.

Bu talabni esa AQSh ham, NATO ham rad etdi. AQSh boshqa mamlakat taqdirini hal qilmasligini aytgan bo‘lsa, NATO hech kimga biror mamlakat alyansga kirishiga qarshi bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. Rossiyaning bu talabi bo‘yicha G‘arb bilan uchta muzokara o‘tkazildi. Jyenevada, Bryusselda, Venada. Uchta muzokarada ham tomonlar kelisha olishmadi. Har safar Rossiyaga «yo‘q» javobi berildi.

Rossiya uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralardan keyin CNN voqealar rivojining yangi ssenariysi haqida insayd ma’lumotlarini e’lon qildi. Unda yozilishicha, Vashington Rossiya Ukraina bilan chegarada provokatsiya uyushtirish uchun diversantlar guruhini tashkil qilgan. Ya’ni ular chegarada «begona bayroq ostida harakat qiladi». Amerika tomonining tusmol qilishicha, bu Rossiya Ukrainaga bostirib kirishiga bahona bo‘ladi. Bu haqda CNN jurnalistlariga AQSh hukumatidagi rasmiy shaxslardan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan ma’lum qilgan.

Suhbatdoshning aytishicha, Rossiya maqsadlari uchun xizmat qiluvchi bu diversantlar shahar sharoitida tayyorgarlik ko‘rgan. Ular qo‘lbola portlovchi vositalar tayyorlab, ishlatishni bilishadi. Diversantlarning provokatsiya qo‘zg‘atish uchun belgilangan nishoni Donbassdagi rusparast harbiylar bo‘lishi mumkin. Bunday ma’lumot Washington Post, Reuters, Bloomberg, France Press nashrlarida ham paydo bo‘ldi. Reuters'da ham xuddi CNN'da bo‘lgani kabi batafsil matn e’lon qilindi.

Ukraina harbiy razvedkasi Rossiya Dnestr bo‘yida rus askarlariga qarshi hujum uyushtirish orqali provokatsiyaga tayyorlanayotgani va hujumda Ukrainani ayblamoqchi ekani haqida xabar tarqatdi. Dnestr bo‘yi Moldaviya Respublikasi tan olinmagan davlat bo‘lib, Ukraina chegarasida joylashgan. Bu hududda Rossiya askarlari bor va yuqorida aytilgan diversantlar rus askarlari artilleriya qurollari saqlanadigan omborlarga soxta hujum uyushtirishi va keyinchalik ayb Ukrainaga to‘nkalishi taxmin qilinmoqda.

AQSh prezidentining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyek Sallivan payshanba kuniyoq Rossiya provokatsiya orqali Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotgani haqida aytgandi. «Bunday rejani 2014 yilda ko‘rgan edik. Ular yana shu rejani tayyorlashmoqda», degandi maslahatchi.

Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ham o‘z bayonotida 2014 yil haqida eslagandi. U rasmiy bayonotda AQShda Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun yangi variantlarni tayyorlayotgani haqida ma’lumotlar borligini aytgandi. Pentagon rasmiysi ham Rossiya Ukrainaga bostirib kirish uchun diversantlar yordamida provokatsiya uyushtirmoqchi ekanini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, diversantlar Donbassdagi ayirmachi guruhlar yoki Ukrainadagi rus millatiga mansub kishilarga hujum qilishi mumkin. Kirbiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda ham bu haqda ig‘vo qo‘zg‘atuvchi ma’lumotlar tarqatilmoqda. Pentagon vakili tafsilotlarga to‘xtalmagan.

VVS'ning Pentagondagi muxbiri Barbara Plett-Asherning aytishicha, amerikalik harbiylar bunday ma’lumotlarni OAV bilan bo‘lishishi noodatiy holat. «Bayden administratsiyasi ochiqchasiga Rossiyaning bu rejalari haqida OAVga xabar chiqarib, keyinchalik Rossiya Ukraina manziliga ushbu mazmundagi tuhmatlar yog‘dirishining oldini olishga intilyapti», deydi muxbir.

Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov bu ma’lumotlarni navbatdagi uydirma deb atadi.

Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki esa AQSh Rossiyaning Ukrainaga yana bir bor bostirib kirishga urinayotganidan xavotirdaligini ma’lum qildi. Uning fikricha, muammo diplomatiya orqali yechilmasa, bosqin ommaviy inson huquqlari buzilishi va harbiy jinoyatlarga yo‘l ochadi.

AQSh va ittifoqchilarining Rossiya bilan xavfsizlik masalasidagi muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Uchta uchrashuvda ham Rossiyaning NATO sharqqa qarab kengaymasligi bo‘yicha talabi qanoatlantirilmadi. Bu borada yangi muzokaralar ham rejalashtirilmagan.

14 yanvar kuni tunda Ukrainada vazirlik saytlariga hakerlar tomonidan buzib kirildi va u yerda tahdid mazmunidagi murojaatlar e’lon qilindi. Ukraina bu ishda Rossiya hamda Belarus xavfsizlik kuchlarining aloqasi borligini ma’lum qildi. Bu holatdan keyin NATO Ukraina bilan kiberxavfsizlik sohasida kelishuv imzolashga tayyorligini bildirdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top