15:45 / 17.01.2022
14771

Ronaldu yana besh yil futbol o‘ynamoqchi

Foto: Getty Images

«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu qoniqarsiz natijalar, klubdagi o‘zgarishlar fonida biryo‘la ikki yirik media – Sky Spors va ESPN’ga intervyu berdi. Portugaliyalik 36 yoshli forvard suhbat davomida Ralf Rangnikning faoliyati, klubdagi ichki muhit, APL joriy mavsumidagi maqsadlari, Sulsher hamda Kerrikning klubdan ketishi haqida gapirdi.

Rangnikning klubdagi faoliyati haqida

Jurnalistlar Ronaldu bilan suhbatni Ole-Gunnar Sulsher o‘rniga ish boshlagan vaqtinchalik murabbiy Ralf Rangnikning faoliyati va klubdagi ishi haqidagi savol bilan boshlashdi.

Foto: Getty Images

– Ralf jamoada 4-5 hafta oldin ish boshlagan bo‘lsa-da, ko‘p narsani o‘zgartirishga erishdi. Ammo u o‘z g‘oyalarini o‘yinchilarga singdirishi uchun murabbiyga vaqt kerak. Shunga qaramay, u jamoada yaxshi ish olib borayotganiga guvohman. Biz hozirda eng yaxshi o‘yinlarimizni ko‘rsata olmayotganimizni bilamiz, buning uchun ma’lum jihatlarimizni yaxshilashimiz shart. Fikrimcha, Rangnik kelganidan keyin ayrim o‘yinlarda yaxshi ko‘rindik, biroq unga baribir vaqt talab etiladi. Har holda futbolchilar mentaliteti va ularning madaniyati, qanday o‘ynayotgani, jamoa o‘yin tizimini o‘zgartirish oson emas. Ishonamanki, u buni amalga oshira oladi.

«5-7-o‘rinlarni egallashni istamayman»

Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted»ning ayni damda 7-o‘rinda ekani va kuchli to‘rtlikdan o‘rin olish imkoniyatlari haqida gapirdi.

– Qarashlarimiz o‘zgarmay, to‘rtlikka kirishning iloji yo‘q. «MYu» mentaliteti kamida top-3lik darajasida bo‘lishi kerak, undan kamiga qanoatlanmayman.

Yaxshi nimadir qurmoqchi bo‘lsangiz, ba’zida boshqasini buzishingizga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, nega o‘zgarmasligimiz kerak? Yangi yil, yangi hayot... Umid qilamanki, «MYu» muxlislar istayotgan darajaga qayta oladi. Ular bunga munosib.

Hozirda biz o‘zgarishga qodirmiz. Bu qay taxlit amalga oshishi kerakligini yaxshi bilaman, ammo bu haqda men gapirishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Aytishim mumkin bo‘lgani shuki, biz yanada yaxshiroq o‘ynay olamiz. Hammamiz. Hozirgi vaziyatni o‘nglashimiz shart.

Shaxsan men oltinchi, yettinchi yoki beshinchi o‘rinni egallashni istamayman. G‘alaba qozonish va sovrinlarga kurashish uchun shu yerdaman. O‘ylaymanki, raqobatchilar bilan kurasha olamiz, ammo hali eng yaxshi darajamizga chiqa olmadik. Ko‘p jihatlarimizni kuchaytira olsak va mentalitet jihatdan ham o‘zgarsak, katta yutuqlarga erisha olamiz. 

«Yosh o‘yinchilar tanqidni qabul qilmay qo‘ydi»

«Manchester Yunayted» hujumchisi jamoadagi futbolchilarga maslahat berishi va hozirgi yosh futbolchilar o‘zgargani haqida ham gapirdi.

Foto: Getty Images

– Tarkibdagi yoshi nisbatan katta futbolchilar yosh o‘yinchilarga doim yordam bera oladi. To‘g‘ri, farq bor. Misol uchun, men maslahat beraman, biroq so‘zlarimga amal qilinmasa, bundan naf bo‘lmaydi. Kim bilandir kuni bilan gaplashish mumkin. Biroq uning o‘zida kuchli xohish bo‘lmasa, nimadir o‘zgarishi qiyin.

18, 19, 20 yoshimda klubdagi yoshi katta o‘yinchilar men bilan qanday gaplashgani hamon esimda. O‘shanda o‘zimga: «Krishtianu, bilasanmi, sen o‘sishing, yanada yaxshilanishing kerak. Ular sendan ko‘proq narsani bilishadi, ular sendan ko‘ra tajribaliroq», derdim. Har holda yoshi katta o‘yinchilar eng qiyin damlardan o‘tgan bo‘lishadi.

Ammo hozirgi yosh o‘yinchilar tanqidni qabul qilmay qo‘yishdi. Men buni jamoamizdagi futbolchilarga nisbatan emas, umuman aytayapman. Bolalarim bor, men nima haqida gapirayotganimni yaxshi bilaman. Ba’zida qattiqqo‘lroq bo‘lsang, ular buning aksini qiladilar. Aytmoqchimanki, yosh o‘yinchilar bilan gaplashganda ham to‘g‘ri so‘zlarni topa bilish va oraliqni saqlash kerak.

Shunga qaramay, barchasi eng avvalo futbolchining o‘ziga bog‘liq. Sen o‘zing bilan faxrlanishing, ko‘zguga qarab «Men borimni berdim», deya olishing kerak. Menimcha, hammamiz shunday qilishimiz darkor. Biz hali ko‘p yutuqlarni qo‘lga kirita olishimizga ishonishimiz shart. Aks holda bu dahshatli tushdek bo‘ladi.

Bir-birimizga yordam berish uchun ham shu yerdamiz. Agar jamoada kimgadir yordamim, maslahatim kerak bo‘lsa, bunga doim shayman. Agar mening yordamim kerak bo‘lmasa, o‘z ishingni bajarib, jamoaga yordam berish uchun boringni berishing shart.

«Ole, Maykl menga faqat murabbiy emas, jamoadoshlarim ham edi»

Ronaldu jamoa bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher va undan keyin yordamchi murabbiy Maykl Kerrikning iste’fosi haqida ham to‘xtaldi.

– Ochig‘ini aytsam, o‘sha pallada jamoaga oson bo‘lmagandi. Ole bilan xayrlashdik, keyin esa Kerrik ketishini aytdi va xayrlashdi. Yangi murabbiylar shtabi ish boshladi. Buncha o‘zgarishlardan so‘ng istalgan klubda qiyinchilik bo‘ladi. Jamoadan kimnidir ketishi og‘ir va yoqimsiz holat. Ole, Maykl menga faqat murabbiy emas, jamoadoshlarim ham edi. Ajoyib insonlar. Ole ketganidan hamma xafa edi, ammo iste’folar ham futbolning bir qismi.

Foto: Getty Images

Natijalar hamma kutayotgandek ko‘rinish olmasa, nimanidir o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Bundan xafa edim, lekin klubni ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Bu og‘ir, ammo hayot davom etadi.

Hali ham mavsumni yaxshi o‘tkazishimiz mumkinligiga ishonayapman. Bosh murabbiyning qarashlarini maydonda ko‘rsatish uchun vaqt talab etiladi. Faqat ko‘proq ishlab, birgalikda natijaga erishish mumkin. 

«Ronaldo va Ronaldinodan ko‘proq sovrin yutdim, ammo ular – jahon chempioni»

Krishtianu suhbat davomida braziliyalik futbolchilar — Ronaldo va Ronaldino bilan taqqoslashlari haqida ham gapirdi.

– Kim kuchli? Bu eng yaxshi o‘yinchini qanday tanlashga bog‘liq. Lekin men taqqoslashni yoqtirmayman. Uchalamiz ham tarixda iz qoldirdik. Ulardan ko‘proq shaxsiy sovrinlar qo‘lga kiritdim, ammo Ronaldo va Ronaldino – jahon chempioni.

Ularga xayrixohlik bilan qarayman. Yoshligimda ularning o‘yinlarini tomosha qilganman. Kim yaxshiroq ekanligi muhim emas. Ularning ikkalasini ham kumirim deb bilaman. Ular futbolda ajoyib tarix yozishdi.

«Genetik jihatdan o‘zimni 30 yoshdagidek his qilyapman»

Fevralda 37 yoshni qarshilaydigan portugaliyalik futbolchi 42 yoshgacha o‘ynay olishi mumkinligini aytdi.

– Genetik jihatdan o‘zimni 30 yoshdagidek his qilyapman. Yaqinda tushundim, 33 yoshdan keyin tana istalgan muammolarni hal qilishi mumkin, ammo haqiqiy jang – aqliy kurashdir.

Foto: Getty Images

Hayotda turli vaziyatlarga duch kelasiz – yaxshi, yomon kunlar bo‘ladi, ammo yiqilganingizda qaytadan oyoqqa turishga kuch topa olish – eng muhimi. «MYu»da baxtliman, hali futbolda qolmoqchiman. 40, 41, 42 yoshgacha o‘ynay olamanmi yoki yo‘q, tushunib olishim kerak. Ammo men uchun futboldagi eng asosiy jihat o‘zgarmagan – futboldan zavq olish, - deydi Ronaldu.

Top