12:33 / 17.01.2022
3801
Andijonda MIB xodimini pichoq bilan jarohatlagan shaxs qamoqqa olindi
Foto: Videodan kadr

Asaka tumanida fuqaro MIB xodimiga pichoq bilan jarohat yetkazganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi. Bu haqda bosh prokuratura ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, FIB Asaka tumanlararo sudining ijro varaqasiga ko‘ra, Asaka tumani, Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish hududida qarzdor A.Jumayev tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi uning hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.

11 yanvar kuni noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazish davomida qarzdorning o‘g‘li S.Jumayev do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. 

Mazkur hodisa bo‘yicha Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan edi.

Top