21:33 / 17.01.2022
27400

SSV koronavirusga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash bo‘yicha tavsiyalarini berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Koronavirus infeksiyasi aniqlangan bolani uy sharoitida qanday davolash mumkin? Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon Abduqayumovning tavsiyalarini keltirdi.

Koronavirusning yangi shtammi aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda yengil kechmoqda. U asosan tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i belgilari bilan namoyon bo‘ladi.

Ta’m va hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi deyarli kuzatilmaydi. Bolalarda ba’zi hollarda turli toshmalar ham paydo bo‘lishi mumkin. 

Tana harorati bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda 38,0, bir yoshdan oshgan o‘g‘il-qizlarda esa 38,5 darajadan oshmaguncha, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi.

Tana harorati yuqoridagi o‘lchovlardan oshganda, ibuprofen yoki paratsetamol ichirish tavsiya etiladi. Kichik yoshli bolalarga isitma tushiruvchi svechalarni ham qo‘llasa bo‘ladi. 

Uy sharoitida koronavirusga chalingan bolalarga: 

  • 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi; 
  • darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;
  • o‘z vaqtida va me’yorida uxlashi hamda sovqotib qolmasligi choralari ko‘riladi;
  • turli vitaminlar iste’mol qilinadi.

Agar bolalarda kasallik davomida: 

  • nafas yetishmovchiligi;
  • hansirash;
  • lablarning chetlari ko‘karishi; 
  • holsizlik;
  • chuqur yo‘tal belgilari paydo bo‘lsa, oilaviy shifokor yoki mahalliy pediatr bilan maslahatlashgan holda bemorning statsionar tarzda davolanishi masalasi ko‘rib chiqilishi kerak. 

«Shu o‘rinda farzandlariga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan ota-onalardan ortiqcha xavotir va sarosimaga berilmay, shifokor tavsiyalariga amal qilishlarini so‘raymiz», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Top