10:27 / 18.01.2022
22545

«Andijoncha daraxtkushlik» ortida kim turibdi? – viloyat perinatal markazidagi daraxtlar kesilishi haqida

15 yanvar kuni kechasi Andijon viloyat perinatal markazi hududidagi 12 tup daraxt kesib tashlandi. Viloyat perinatal markazi xodimlaridan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda daraxtlar Shuhrat Abdurahmonovning topshirig‘i bilan kesilganini aytgan bo‘lsa, viloyat hokimligi axborot xizmati buni inkor qilmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi e’lon qilgan bayonotda perinatal markaz hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsat so‘rab murojaat qilingani, lekin qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma olmay turib bu ish amalga oshirilgani ta’kidlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, kesib tashlangan 12 tup daraxt «eldor qarag‘ayi» bo‘lib, u hukumat qarori bilan tasdiqlangan «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining ro‘yxati»ga kiritilgan. O‘rganishlar davomida kesilgan eng kichik qarag‘ayning diametri 12 santimetrni, eng kattasiniki esa 40 santimetrni tashkil etishi aniqlangan. Ya’ni ular qurib qolmagan, gurkirab o‘sib turgan.

Qimmatbaho qarag‘aylarni kesish natijasida o‘simlik dunyosiga 100 million so‘mdan oshiqroq zarar yetkazilgan, mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Qo‘mita mas’ulining tushuntirishicha, moratoriy davrida hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan daraxtlar qurilish bo‘layotgan hududda joylashganmi yoki boshqa biror sabab bilan uni kesishga zarurat tug‘ilganmi, bundan qat’i nazar, ularni kesishga hech qanaqasiga ruxsat berilmaydi, aksincha taqiqlanadi. Agar qurilish qilishga xalal beryapti deya daraxtlar kesib yuboraverilsa, moratoriyning moratoriyligi qayerda qoladi, demoqda mutasaddilar.

Shu o‘rinda daraxtlar qirg‘ini tungi vaqtda, ya’ni guvohlar bo‘lmagan paytda amalga oshirilgani ham ko‘plab savollarni tug‘dirmoqda. Aftidan, bu ishga bosh-qosh bo‘lganlar qilmishlarining noqonuniyligini avvalboshdan yaxshi bilishgan. Shuning uchun ham daraxtlarni kesishni tungi soat 10-11larda boshlashgan. Katta ehtimol bilan ular bu jarayonni hech kim ko‘rib qolmasligiga umid qilishgan.

Qonunsizlik shu darajaga yetganki, daraxtlarni kesishga jalb etilgan Andijon shahar obodonlashtirish bo‘limining yuk mashinasidan davlat raqam belgilari yechib olingan.

Aftidan, «daraxt qotillari»ning rejasi faqat 12 tup daraxtni yo‘q qilish bo‘lmagan. Kun.uz muxbiri jamoatchilikdan kelib tushgan xabardan so‘ng voqea joyiga yetib borganida, daraxtlarni qiyratishga bosh-qosh bo‘lgan Akbar ismli shaxs voqea joyidan ketib qolgan, shahar obodonlashtirish bo‘limi xodimlari esa muxbir jarayonni tasvirga olayotganiga qaramay bamaylixotir ishlarini davom ettiravergan.

Xo‘sh, daraxtlarni kesishni taqiqlovchi moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, bunga amal qilmaganlarga otning kallasiday jarimalar belgilangan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan bir paytda kim bunga qarshi borishga jur’at qildi ekan?

Ekologiya qo‘mitasi Andijonda daraxtlarning noqonuniy kesilish holatini atroflicha o‘rganish maqsadida 16 yanvar kuni qo‘mita ishchi guruhi voqea joyiga yetib borgani, holatga guvoh bo‘lgan shaxslar va bevosita huquqbuzarlikka aloqador mas’ul xodimlardan tushuntirish xatlari olinganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, huquqbuzarlikka aloqador mas’ul xodimlarning shaxsini ochiqlamagan.

Viloyat perinatal markazi xodimlaridan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 15 yanvar kuni Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov yordamchilari va boshqa mansabdorlar bilan birga ushbu markazga kelib, qurilish ishlari borishi bilan tanishgani, undan so‘ng daraxtlarni kesishni buyurganini aytmoqda.

Viloyat hokimi matbuot xizmati esa daraxtlarni kesib tashlash to‘g‘risidagi buyruqni hech kim bermaganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, matbuot xizmati mas’ullari sayt muxbirining Shuhrat Abdurahmonov nima maqsadda 15 yanvar kuni viloyat perinatal markaziga borgani, u yerda qanday masalalar muhokama qilingani, agar qarag‘aylarni kesish haqidagi topshiriq viloyat hokimi tomonidan berilmagan bo‘lsa, perinatal markaz xodimi nima uchun bunday ma’lumot bergani haqidagi savollarini javobsiz qoldirgan.

Shu o‘rinda, nima qilib bo‘lmasin viloyat hokimiga gard yuqtirmaslik, nima bo‘lgani ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, bo‘lgan ishni bo‘lmagan deb aytishning hadisini olgan viloyat hokimligi axborot xizmati daraxtlar voqeasida xol qo‘yib qo‘yganini ham aytib o‘tish kerak. Qarag‘aylar kesilgani haqida xabar tarqalganidan so‘ng holatga munosabat bildirgan viloyat hokimligi axborot xizmati uyalmay-netmay kesilgan daraxtlar «o‘z joyida turgani» haqida bayonot berdi. Bu yolg‘on fosh bo‘lganidan so‘ng esa rasmiy munosabat imi-jimida tahrirlandi va «daraxtlar o‘z joyida turgani» haqidagi jumla matndan olib tashlandi.

Haqiqat qachondir yuzaga chiqar, balki chindan ham daraxtlarni kesishga Shuhrat Abdurahmonov buyruq bermagandir. Tez orada oydinlik kiritilishi kutilmoqda – voqeaga allaqachon Bosh prokuratura ham aralashdi.

Viloyat perinatal markazida sodir bo‘lgan holatni o‘rganish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan ishchi guruhi tuzilgan, o‘rganish natijalari jamoatchilikka oshkor etilishi ma’lum qilingan. Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ishchi guruh viloyat hokimining daraxtlarni kesishga aloqasi bor-yo‘qligini ham albatta o‘rganishini ta’kidlagan.

Internetda muhokamalarga sabab bo‘lgan, blogerlar tomonidan ham keng yoritilgan (1, 2, 3, 4, 5) «Andijondagi daraxtkushlik» ortidan Ekoqo‘mita viloyat perinatal markazi atrofidagi 145 tup daraxtni raqamlab chiqib, alohida muhofazaga olgan. Qo‘mitaning bu harakati olqishga sazovor. Faqat bunday ishlar qaysidir hududda daraxtlar kesilganidan keyin emas, balki undan oldinroq qilinsa, respublikadagi barcha daraxtlar raqamlanib, ma’lumotlar bazasi shakllantirilsa, ularni ruxsatsiz kesganlik uchun jarimalar miqdori karrasiga oshirilsa, o‘ylaymizki, Andijondagi kabi voqealar takrorlanishining oldi olinardi.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Top