13:33 / 19.01.2022
108973
Boshi uchun $50 mln tikilgan terrorchi: Usoma bin Lodin qanday yo‘q qilingan?

Usoma bin Lodin shaxsi uzoq vaqt terrorchilik uchun o‘ziga xos timsol, bunday harakat vakillari uchun esa dohiy vazifasini o‘tab keldi. O‘n yildan ortiq vaqt davomida u dunyoning manaman degan davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan qidirilgan edi.

Fotokollaj: Kun.uz

Usomaning boshi, aniqrog‘i qayerdaligi haqidagi asosli ma’lumot evaziga 25 million dollar va’da qilindi va keyinchalik AQSh Senati bu mablag‘ miqdorini 50 millionga qadar ko‘tarishni yoqlab ovoz berdi. Ammo juda ko‘p operatsiyalarga qaramay, birinchi raqamli nishon omon qolaverdi. Faqat 2011 yilning 2 mayidagina AQSh maxsus xizmatlari maqsadga erishdilar va Usoma bin Lodin o‘ldirildi.

Yangi asrdagi eng uzoq va qimmatbaho urush AQSh va ittifoqchilarining Afg‘onistonda olib borgan harbiy harakatlari hisoblanadi. 20 yil davom etgan bu urush AQSh soliq to‘lovchilariga 2,3 trln dollarga tushgani hisoblab chiqilgan. Yakunda ketish ancha uyatli bo‘lgan, hokimiyat baribir “Tolibon” ixtiyoriga qolgan bo‘lsa-da, 2001 yilda boshlangan bu harbiy harakat konkret maqsadni ko‘zlagan, AQSh terrorizmga qarshi global kurash doirasida Usoma bin Lodinni qo‘lga olishni rejalashtirgandi. Xo‘sh, bin Lodin qanday qilib AQShning birinchi raqamli dushmaniga aylanib qolgan?

Usoma 44 yoshida. 1998 y., Afg‘oniston. Foto: Rahimulloh Yusufzay / AP

Usomaning bolaligi

1954 yilning 10 martida Saudiya Arabistonining ar-Riyod shahrida, qurilish magnati Muhammad bin Lodin oilasida chaqaloq dunyoga keladi va unga Islom olamida juda qadrli ismlardan biri – Usoma deb nom berishadi. Onasi Hamida Muhammad bin Lodinning joriyasi bo‘lib, ko‘p o‘tmay ular ajrashishadi va Usoma onasi bilan qoladi. Hamida qayta turmushga chiqadi va yana to‘rt farzand ko‘radi. Buning ahamiyatli jihati, Usoma o‘z otasidan ayro ulg‘ayadi va bu uning tarbiyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Biznesda katta muvaffaqiyat qozongan, podshoh oilasiga yaqin bo‘lgan Muhammad bin Lodinning boyligi 5 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. 22 xotin va 56 farzandga ega Muhammad bin Lodin rasmiy juftlari sonini to‘rttadan oshirmagan va doim oldingi xotinlariga javob berib, yangisiga uylangan.

U qanday boy bo‘ldi?

Muhammad bin Lodin 1967 yilda, 23-marta uylanish uchun samolyotda ketayotgan vaqtda halokatga uchrab vafot etadi. 13 yoshli Usomaga otasidan 25-30 mln dollar atrofida meros qoladi. Usoma o‘smirligidayoq katta mablag‘ va mustaqillikka, shaxsan o‘zi qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lgan.

Usoma yaxshi joylarda o‘qitiladi, diniy bilimlarni ham puxta egallaydi. Uning she’rlar yozgani, qora otlarga qiziqqani, Londonning “Arsenal” klubiga ishqibozlik qilgani haqida ma’lumotlar bor. Jiddadagi shoh Abdul Aziz universitetiga kirgan Usoma iqtisod va biznes boshqaruvi bo‘yicha tahsil oladi. Ammo universitetni tugatmay, Afg‘onistonga yo‘l oladi.

Radikallashuv sari qadamlar

1979 yilda sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishi dunyo geosiyosatida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. SSSRning siyosiy raqiblari bu davlatda sovet qo‘shinlariga qarshi turli tuzilmalar tuza boshladilar. Afg‘onistonning o‘zida ham SSSRning bu harakati aksariyat aholi tomonidan bosqinchilik deya baholandi va juda ko‘pchilik mujohidlar safiga qo‘shildi.

Kun sayin kengayib borayotgan mujohidlarni tayyorlash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash zarur edi va qator davlatlar o‘z maxsus xizmatlari orqali bu jarayonga bosh qo‘shishadi. Ayni shu davrda Usoma bin Lodin ham g‘ayridinlarning ashaddiy dushmani sifatida maydonga chiqadi va Afg‘onistonga borib, o‘z mablag‘larini ayamay ishlata boshlaydi.

U bu paytga kelib otasi kabi qurilish firmasi ochgan, qator texnika va boyliklarga ega edi. Pokistonda u salafiy peshvolardan bo‘lgan Abdulla A’zam bilan uchrashadi va ular 1984 yilda “Hidomat maktabi” tuzilmasiga asos solishadi. Tuzilmaning asosiy vazifasi mujohidlar ta’minotiga ko‘maklashish edi.

Ammo keyinchalik Usoma Afg‘onistondagi arablar alohida harakat sifatida shakllanishi zarurligi haqidagi g‘oyani ilgari suradi va 1988 yilda “Al-Qoida”ga asos soladi.

Teraktlar va mashhurlik

Usoma bin Lodin Afg‘onistonning Jalolobod viloyatida, 1989 yil / Foto: EPA

1989 yilda Afg‘onistondan Saudiyaga qaytgan Usoma ulkan imperiyani yenggan qahramon sifatida kutib olinadi. Sovet qo‘shinlari Afg‘oniston hududini tark etgan paytda arab olamida ziddiyatlar kuchayib borar, ayniqsa Iroqning Kuvaytga bostirib kirishi jiddiy urushlarga ulanib ketadi.

Iroq prezidenti Saddam Husaynning arab davlatlarini birlashishga chaqiriqlari qabul qilinmaydi. Nafaqat qabul qilinmaydi, balki Iroq va Saudiya o‘rtasida katta jarlik paydo bo‘ladi. Shu paytgacha ham ixtilofda bo‘lib kelganiga qaramay, Saudiya Eron–Iroq urushida Iroqni moliyaviy qo‘llagandi. Ammo Iroqning Kuvaytga to‘satdan bostirib kirishi hududdagi eng katta kuzir – neft iqtisodiyotiga soya solishi tabiiy edi. Vaziyatni o‘zicha baholagan va katta armiya hamda tiyiqsiz prezidentga ega Iroq timsolida jiddiy xavfni ko‘ra bilgan Saudiya monarxiyasi oilasi o‘z ittifoqchisi AQShdan ko‘mak so‘raydi.

Usoma podshohlik oilasining AQShdan yordam so‘raganini qabul qila olmaydi va podshoh bilan muqaddas shaharlarni himoyalashni o‘zi kabilar zimmasiga olishi kerakligini aytadi. Ammo podshoh Fahd al-Saud uning bu taklifini qabul qilmaydi va AQSh harbiy bazasini mamlakat hududiga joylashtiradi. Usoma bin Lodin bu harakatni xiyonat deb hisoblaydi va podshohni Saudiyani AQSh koloniyasiga aylantirishda ayblaydi.

Usoma bin Lodin jiddiy chaqiriqlari tufayli 1992 yilda Saudiyadan badarg‘a qilinib, Sudanni doimiy vatan tutadi hamda jangarilar lagerini tashkil qiladi. 1994 yilda esa Saudiya fuqaroligidan mahrum qilinadi va oilasi tomonidan ajratiladigan yillik 7 mln dollar ko‘makdan ham mosuvo bo‘ladi. Tez orada u Sudandan ham badarg‘a qilinadi va Afg‘onistonga yo‘l oladi.

Boyligining katta qismi va muqim joyidan ayrilgan Usoma haqiqiy alamzadaga aylanadi, endi uni ortga qaytarib bo‘lmasdi.

Pokistonlik jurnalist Usoma Bin Lodindan intervyu olmoqda. Ortdagi Kalashnikov avtomati (AKS-74U) – mujohidinlarning sovetlar ustidan g‘alabasi ramzi. Avtomatlar sovetlarning spetsnaz guruhlaridan tortib olingan.
 Foto: Hamid Mir (suratdagi jurnalist)

1990 yillardayoq uning tarafdorlaridan birining uyidan baland minoralar va markazlarga zarba berishga oid rejalar topiladi. Bu uning bu harakatiga oid dastlabki dalillar edi. Kichik portlashlardan keyingi eng jiddiy harakat 1998 yilda AQShning Keniya va Tanzaniya elchixonalaridagi portlatishlar bo‘ldi. Yuzlab odamlar halok bo‘lgan teraktlardan keyin bin Lodin AQSh tomonidan qidirilayotganlar ro‘yxatida yetakchilardan biriga aylandi va uning ortidan jiddiy ov boshlandi.

Keniya poytaxti Nayrobi shahridagi AQSh elchixonasida ro‘y bergan portlashdan keyin. “Al-Qoida” uyushtirgan terakt oqibatida 200dan ortiq odam halok bo‘lgan. / Foto: AFP

11 sentabr. Burilish nuqtasi

2001 yilning 11 sentyabri tarixning eng esda qolarli sahifalaridan biri bo‘lib qoladi. Nyu-Yorkdagi egizak binolar, Pentagon va boshqa obektlarga fuqarolik samolyotlari yordamida uyushtirilgan total hujum oqibatida rasman 2997 kishi halok bo‘lgan. Hodisa dunyoni shu qadar larzaga keltiradiki, odamlar samolyot ko‘rsa oyog‘i titraydigan bo‘lib qolishadi.

Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazidagi portlashdan keyingi yong‘in Bruklin ko‘prigi manzarasida. 2001 yil 11 sentyabr / Foto: Reuters

Darhol Usoma bin Lodinga shubha tushadi va AQSh Afg‘oniston hukumatidan uni tutib berishni talab qiladi. Ammo bu talab rad qilinadi, bin Lodinning o‘zi esa bu teraktlarga aloqadorligini rad etadi. Faqat 2004 yilga kelibgina u 11 sentyabr voqealarini uyushtirganini tan oladi va “buni xohlamagandim, lekin majbur qilishdi” deya izoh beradi.

Teraktdan bir oy o‘tmay AQSh o‘z ittifoqchilari bilan Afg‘onistonga bostirib kiradi va birinchi nishon sifatida bin Lodinni izlay boshlaydi. Shu bilan boshlangan jarayon keng qamrovli urushga aylanib ketadi va aytarli natija bermaydi. Ko‘pchilik o‘ylaganidek bin Lodin tutib olinmaydi, hatto Usoma yashiringan deb taxmin qilingan Tora-Bora g‘orining ishg‘ol qilinishi ham samara bermaydi, nishon topilmaydi. Asta-sekin urush cho‘ziluvchan va doimiy tus oladi, Usoma shaxsi esa AQSh dushmanlari uchun haqiqiy timsolga aylana boradi.

Chapda – Usoma bin Lodin, o‘ngda – Ayman al-Zavohiri (“Al-Qoida”ning 2011 yilda Lodin o‘ldirilganidan keyingi rahbari) . 2001 yil, noyabr, Afg‘oniston / Foto: EPA

Uning boshi uchun 25 mln dollar pul tikiladi, AQSh uchuvchilar uyushmasi bunga qo‘shimcha yana 2 mln dollar va’da qiladi. Vaqt o‘tib Kongress Senati bu mukofotni 50 mln dollarga qadar oshirishni yoqlab ovoz beradi, ammo qo‘shimcha mablag‘ ajratishga ulgurilmaydi.

“Neptun nayzasi”

Klinton davrida boshlangan bin Lodin qidiruvi Bush davrida urush va haqiqiy ovga aylanadi hamda Obama prezidentligidagina yakuniga yetadi. 2011 yil 2 mayida “Neptun nayzasi” nomi bilan o‘tkazilgan operatsiya chog‘ida nihoyat Usoma bin Lodin yo‘q qilindi.

Usomaning telefondan foydalanmasligi, ovozi tufayli raketa zarbasiga uchragani maxsus xizmatlarga ma’lum edi. Shu sabab terrorchilar yetakchisi tashqi dunyo bilan aloqa qilish uchun kurerlar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lgan. Maxsus xizmatlar mana shu yo‘nalishda ish olib boradilar va bu natija beradi.

Maxsus xizmatlar, shuningdek, Afg‘oniston hududida qolish uning uchun xavfsiz emasligini ham anglab yetgan, shu mantiq va reja asosida taxminiy kurer ortidan qo‘shni davlatlarning chegara hududlari o‘rganiladi hamda Pokistonning Abbotobod shahri yaqinidagi bir uyga e’tibor qaratiladi.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, bu uyga internet, telefon kabi kommunikatsiyalar ulanmagan, yashaydiganlar deyarli ko‘rinish berishmaydi, atrofdagilar ham bu uyda kim yashashidan bexabar bo‘lgan. Eng qizig‘i – atrofdagilarning barchasi uylaridan chiqadigan chiqindilarni tashqariga olib chiqishsa, bu uydagilar yoqib yuborishar va bu izlarni yo‘qotishga harakat deyish mumkin edi.

Usoma bin Lodin yashagan va yo‘q qilingan uy. Abbotobod shahri yaqini, Pokiston / Foto: Sajjad Ali Qurayshiy

Uy Hindiston chegarasidan 30 km, Afg‘onistondan esa 160 km masofada, shahardan esa 3 km narida joylashgan. Eng muhimi, bu hovlining atrofdagilardan farqli ravishda 3,5–5,5 metrli beton devor bilan mustahkam qilib o‘ralishi ham unda juda muhim shaxs yashiringaniga ishora qilardi. Uy 8 oy davomida kuzatiladi va bu vaqt oralig‘ida maxsus operatsiya rejalari ishlab chiqiladi.

Dastlab hovli qiruvchi samolyot orqali qariyb bir tonnalik JDAM bombasini tashlab bombardimon qilib yuborish taklif etiladi. Ammo AQSh prezidenti Obama bu taklifga rozi bo‘lmaydi, tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish bilan birga Usoma bin Lodinning yo‘q qilinganiga oid rad etib bo‘lmas dalillar zarur edi.

Usoma bin Lodin yashagan va yo‘q qilingan uy. Abbotobod shahri yaqini, Pokiston / Foto: AQSh Mudofaa vazirligi

Operatsiya yarim tunda amalga oshiriladi, AQSh vertolyotlarining Afg‘onistondan Pokiston hududiga sezdirmay kirishi maqsadida Oy yorug‘ligi iloji boricha kamroq tunlardan biri tanlangan. “Neptun nayzasi”da maxsus xizmatning 24 nafar askari bevosita ishtirok etadi (jami 79 askar va it). Ular tungi soat 1lar atrofida devorni portlatib ichkariga kirishadi va qarshilik qilgan bir necha kishini birma-bir yo‘q qila boshlaydilar.

Bin Lodinning o‘zi ikkinchi qavatdagi xobgohiga yashirinadi va ikki xotini uni gavdalari bilan to‘sib chiqishadi. Biroq askarlar bir ayolni yaralab, ikkinchisini otib tashlab, o‘zlariga yo‘l ochadilar. Maxsus xizmatning ismi oshkor qilinmagan vakili Usoma endigina avtomatga qo‘l cho‘zganida ko‘ksiga qarata o‘q uzadi, yiqilganida esa boshini ham nishonga oladi.

Oq uydagi situatsion xona “Neptun nayzasi” operatsiyasi vaqtida / Foto: Oq uy

Barak Obama boshliq butun qo‘mondonlik onlayn kuzatib borgan, 38 daqiqa davom etgan bu operatsiya chog‘ida jami 5 kishi o‘ldiriladi: bular – bin Lodinning o‘g‘li Hamza, kureri, kurerning akasi (yo ukasi) va uning xotini Bushralar edi.

Usoma bin Lodinning jasadi zudlik bilan olib ketiladi va “Karl Vinson” kemasida identifikatsiya qilinadi. Usomaning bo‘yi 1,93 metr ekanligi ma’lum edi. O‘lchov asboblari yo‘qligi uchun shunday bo‘yga ega askar yoniga yotadi va bu fakt o‘z tasdig‘ini topadi. Bu orada Pentagonga yo‘llangan suratlar jasadning aynan bin Lodinga tegishli ekanligini 95 foizgacha aniqlik bilan tasdiqlaydi. Olingan DNK namunalari ham keyinchalik bin Lodinning singlisinikiga mos tushadi. Barcha dalillar jasad aynan unga tegishli ekanini tasdiqlaganidan so‘ng, tezkor janoza o‘qiladi va Usoma bin Lodinning jasadi dengizga tashlab yuboriladi.

“Karl Vinson” aviatashuvchisi Fors ko‘rfazida. 2011 yil 4 aprel / Foto: AQSh harbiy dengiz kuchlari

Dafnning bu usuli hech bir davlat mayitni qabul qilishni istamagani bilan izohlansa-da, ko‘pchilik tomonidan bu birinchi raqamli terrorchi yerga ko‘milsa, qabri ziyoratgohga aylanib ketishidan qo‘rqish deya ta’riflangan.

Abror Zohidov

Top