10:39 / 21.01.2022
9762
Nurobodlik o‘quvchiga eski noutbuk berilishi ortidan tuman hokimining o‘rinbosari ham ishdan bo‘shatildi

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 41-maktab o‘quvchisi Sardor Sattorovga eski noutbuk berilishi ortidan tuman hokimining o‘rinbosari ham ishdan bo‘shatilgan. Bu haqda viloyat kengashi sessiyasida Erkinjon Turdimov ma’lum qilgan.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, 21 yanvar kuni Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazilmoqda. Sessiyada viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Nuroboddagi eski noutbuk masalasiga munosabat bildirgan. Uning ma’lum qilishicha, tanlovni o‘tkazishga mas’uliyatsizlik qilgan Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosatiga mas’ul o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinov ishdan bo‘shatilgan.

«Mana shu masalani ko‘tarib chiqqan jurnalist va blogerlarga rahmat. Bundan rahbarlar xulosa qilishi kerak. Tanqid qilgan odamni yomon ko‘rish kerak emas, ko‘tarilgan muammoni hal etish lozim. Tanlovni o‘tkazishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun tuman hokimining yoshlar siyosatiga mas’ul o‘rinbosariga dastlab hayfsan berilgandi. Ammo kecha vazifasidan ozod etdik. Bunday tadbirlarni soxta obro‘ orttirish, kimlargadir yaxshi ko‘rinish uchun o‘tkazmaslik kerak», — degan Erkinjon Turdimov.

Ma’lumot uchun, Sardor Sattorovga eski noutbuk berilishi ortidan Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga avvalroq hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangandi.

Bundan tashqari, Nurobod tumani XTB ta’lim jarayoniga AKTni joriy etish shu’basi bosh mutaxassisi Asliddin Dangalov va viloyat XTB pedagogik-psixologik tashxis faoliyatini tashkil etish shu’basi mudiri Xurshid G‘oziyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingandi.

Mavzuga oid
Top