21:31 / 21.01.2022
17494

Prezident Tashkent Central Park va Tashkent City Mall majmualarining qurilish loyihalari bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Ulardan biri Yunusobod tumani, Shahrisabz va Amir Temur shoh ko‘chalari kesishmasi yonida qurilayotgan Tashkent Central Park majmuasidir. Ushbu investitsiya loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Majmua uchta 15 qavatli binodan tashkil topadi. Ularda besh yulduzli mehmonxona, biznes ofislar, konferensiya zali, savdo shoxobchalari, restoranlar bo‘ladi. Atrofda landshaft dizaynli bog‘, yer ostida ikki qavatli avtoturargoh barpo etiladi.

Bugungi kunda binolarning asosi tiklangan. Majmua 2023 yilda qurib bitkazilishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari qurilish ishlarini jadallashtirish, kelgusida xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident Olmazor ko‘chasida barpo etilayotgan Tashkent city mall majmuasini ham borib ko‘rdi. Bu yerda 29 qavatli mehmonxona, 30 qavatli biznes markazi, 4 qavatli savdo-ko‘ngilochar shoxobchalar binosi bo‘ladi. Ularning qurilishi jadal davom etmoqda va 2023 yilgacha ishga tushirilishi kutilmoqda.

Shu yerda qurilish tashabbuskorlari va investorlar bilan qisqa muloqot bo‘ldi. Majmua mintaqamizdagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lishi, unda va turdosh sohalarda 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi, yaratilgan imkoniyatlar kichik va o‘rta biznes rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimligida barpo etilgan vaziyatlarni boshqarish markazini borib ko‘rdi.

Ushbu markaz aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. 110 milliard so‘m mahalliy budjet mablag‘i hisobidan 4 qavatli bino qurilgan. 60 ta server, katta hajmli kuzatuv ekrani, kompyuterlar bilan jihozlangan.

Markaz elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va issiqlik ta’minoti, yo‘l, transport, jamoat xavfsizligi kabi 60 dan ortiq soha idoralarining billing tizimi va portallari bilan integratsiya qilingan. Bu orqali mazkur sohalardagi ma’lumotlar, barcha mahalla va ko‘chalaridagi holat geolokatsiya orqali yaqqol ko‘rinib turadi. Tumanlarga biriktirilgan mutaxassislar buni onlayn rejimda kuzatib boradi va zarur paytda tezkor xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, situatsion markaz shahar infratuzilmasini tahlil qilish va rejalashtirish kabi strategik masalalar bilan ham shug‘ullanadi. Masalan, qayerda shifoxona, maktab yo bolalar bog‘chasi qurish, qaysi yo‘l yoki muhandislik tarmog‘ini ta’mirlash zarurligi to‘g‘risida xulosa beradi. Markazda 100 nafarga yaqin malakali mutaxassislar ishlamoqda.

Prezident ushbu markaz tajribasini boshqa hududlarda ham joriy qilishga ko‘rsatma berdi.

Shu yerda Toshkent shahrida mahallabay ishlashni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Mamlakatimizda barcha sohalardagi chora-tadbirlar har bir mahallaning o‘zida tashkil etilmoqda. Toshkent shahrida ham Mahallabay ishlash agentligi boshqarmasi, 579 ta mahallada hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyat boshladi.

– Bu ikki tizim vakillari, ya’ni hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari mahalladagi islohotchi bo‘ladi. Aholi hayotini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlarni kasbga o‘rgatib, ishga joylashtirish masalalarida sizlardan umidimiz katta, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga qayerda qanday sohani rivojlantirish, ishsiz aholini qaysi kasblarga o‘qitish bo‘yicha har bir mahallaning iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish topshirildi.

 Joriy yilda Toshkent shahri mahallalarida infratuzilmani yaxshilashga budjetdan 500 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, davlat tomonidan mahallalarda biznesni rivojlantirishga 476 milliard so‘m kredit va subsidiyalar beriladi. Ushbu mablag‘lar hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan, mahalladagi eng dolzarb bo‘lgan ijtimoiy va kommunal masalalarga hamda tadbirkorlik loyihalariga yo‘naltirilishi aytildi.

Toshkent shahar hokimligiga shu paytgacha birorta investitsiya loyihasi bo‘lmagan 271 ta mahalla uchun loyihalar shakllantirib, ularga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi. Yangi sanoat loyihalarini ishga tushirib, shahar eksportini 2 barobarga oshirish mumkinligi qayd etildi.

Mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan suhbatda davlatimiz rahbari ularning eng asosiy vazifasi ish samaradorligini oshirish, mahallalarda har bir oila holidan xabardor bo‘lib, “temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilganlarga qo‘ldan kelgancha yordam berish, inson qadrini ulug‘lash ekanini ta’kidladi.

Yoshlar yetakchilari har kun izlanishlari va o‘z ustida ishlashlari, tuman hokimiga yangi takliflar berib borishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahallalarda qurilishi rejalashtirilgan ijtimoiy inshootlar loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, Tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi natijalari haqida taqdimot ham o‘tkazildi.

Top