07:23 / 21.01.2022
9685
Toshkentda pnevmatik quroldan mashinaga o‘q uzgan shaxs ushlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘l o‘rtasida bir fuqaro “VAZ-2199” rusumli transport vositasiga qarata o‘q uzgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Qayd etilishicha, joriy yilning 20 yanvar kuni soat taxminan 11:35 larda 1990 yilda tug‘ilgan Z.S. (“Spark” rusumli avtomobil haydovchisi) Mirzo Ulug‘bek tumani Feruza dahasi, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yo‘lning qatnov qismida tanishi, 1985 yilda tug‘ilgan G.A.ni ko‘rib qolgan. 

Bildirilishicha, u bilan oldindan turmush o‘rtog‘ini rashk qilish oqibatida o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lganligi sababli Z.S. G.A. bilan o‘zaro gap talashib, uning boshqaruvidagi “VAZ-21099” rusumli avtomobilning g‘ildiragiga tepib, so‘ng yonida bo‘lgan pnevmatik quroldan avtomobilga bir marotaba o‘q uzgan. Buning natijasida hech kim jarohatlanmagan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan shaxsga nisbatan qat’iy qonuniy chora ko‘riladi, deyiladi xabarda.

Top