12:37 / 23.01.2022
6859

Berluskoni Italiya prezidentligiga saylanmaydigan bo‘ldi

Italiya sobiq bosh vaziri, 85 yoshli Silvio Berluskoni keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtirok etmaslikka qaror qildi. Italyan o‘ngchilari koalitsiyasi yetakchilarining onlayn-uchrashuvida uning bayonoti o‘qib eshittirilgan.

Foto: Getty Images

La Repubblica gazetasi yozishicha, Berluskoni o‘z bayonotida saylovda g‘olib chiqish uchun yetarlicha mashhur ekani, ammo «mas’uliyat ruhi» tufayli saylovda qatnashmaslikka qaror qilgani haqida aytgan.

«Bugun Italiyaga birlik kerak. Men mamlakatimga boshqachasiga xizmat qilaman. Yevroparlamentariy va siyosiy yetakchi sifatida asossiz ravishda mening nomim bilan bog‘langan tortishuvlardan qochaman», degan sobiq bosh vazir.

Berluskoni amaldagi bosh vazir, so‘rovnomalarda boshqa nomzodlardan oldinda borayotgan Mario Dragini qo‘llab-quvvatlagan. U Dragi hukumati 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan keyingi umummilliy saylovlarga qadar ishlashda davom etishi kerakligini aytgan.

Berluskoni Dragi hukumati Yevroittifoq ajratgan mablag‘lar evaziga soliq va huquq-tartibot organlarida boshlangan islohotlarni yakunlab qo‘yishi kerak deb hisoblaydi.

Rimda rassom Garri Greb tomonidan ishlangan «Terminator-B» graffitisi / Getty Images

Endi o‘nglar yetakchilari, jumladan Berluskoni turli fraksiyalar deputatlarini birlashtira oladigan betaraf nomzod ko‘rsatishga harakat qiladi.

Prezidentlik saylovining birinchi turi 24 yanvarda o‘tkaziladi. Hozircha parlamentdagi o‘nglar ham, so‘llar ham o‘z nomzodini ko‘rsatmagan. O‘nglar koalitsiyasi nomzodi, katta ehtimol bilan, Matteo Salvinining aksilimmigrant «Liga» partiyasi tomonidan ko‘rsatiladi.

Berluskonining intrigasi
Italiya prezidenti dushanba kuni  asosan deputat va senatorlardan tashkil topgan, taxminan ming kishidan iborat saylovchilar kollegiyasi tomonidan tanlanadi. Italiyada prezident mamlakatni boshqarmaydi, ammo ayniqsa inqirozlar vaqtida siyosatdagi muhim moderator sanaladi.

Hozirga qadar Berluskoni katta siyosatga qaytishi masalasi ochiq turgan va ko‘pchilikni qiziqtirib kelayotgandi. Birinchidan, Berluskoni uchun unga qarshi ochilgan jinoiy ishlar to‘siq bo‘lishi aytilayotgandi.

«Yuraklarni sindiruvchi Rubi» laqabli marokashlik voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lganlik ayblovi Berluskonidan olib tashlangan, biroq mazkur ish bo‘yicha ikki guvohni sotib olganlik ayblovi saqlanib qolmoqda. Berluskoni villasida «bunga-bunga» laqabli modellar bilan jinsiy aloqa qilgani haqida esa butun Yevropa biladi.

Tanqidchilari Berluskoniga qarshi ochilgan jinoiy ishlarni unutishmagan / Getty Images

Ikkinchidan, parlamentdagi kuchlar nisbati shundayki, Berluskonining imkoniyatlari yaqqol emas. Prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lish uchun nomzod ovozlarning uchdan ikki qismini qo‘lga kiritishi talab etiladi. «Olg‘a, Italiya» partiyasi Deputatlar palatasi va senatda jami 129 o‘ringa ega hisoblanadi. Shu bilan birga, Berluskonini parlamentdagi ikkinchi yirik kuch, «Liga» populistik partiyasi yetakchisi Salvini va boshqa o‘ngchilar qo‘llashi ayon emas.

Berluskonining bayonoti uning tarafdorlari tomonidan ijobiy munosabat bildirishdi. Salvini sobiq bosh vazir «Italiya va o‘ng markazchilarga katta xizmat ko‘rsatgani, endi ular so‘llarning qarshiligisiz o‘z nomzodini ilgari surishi mumkinligi»ni e’tirof etgan.

Berluskoni hukumatida yoshlar ishlari bo‘yicha vazir bo‘lgan, hozirda «Birodar Italiya» partiyasi raisi hisoblangan Jorja Meloni esa uning uchun eng muhimi o‘ng koalitsiya birligi ekanini qayd etgan.

Top