17:46 / 23.01.2022
11440
Musulmonlar idorasi Umra-2022 safarini tashkil etishda nega arzonroq narx taklif etgan shirkat tanlanmaganiga izoh berdi
Foto: Kun.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kun.uz saytida Umra-2022 safarini tashkil etish bo‘yicha tender natijasi asosida tayyorlangan maqolaga munosabat bildirdi.

«O‘zbekistonliklar uchun Umra-2022 arzonroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo...» sarlavhali maqolada «Umra-2022» safarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan «Abu Sarhad» shirkati haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, ushbu safarni tashkil etish istagini bildirgan «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» shirkatlar guruhi ilgari surgan takliflar ochiqlanib, Musulmonlar idorasiga quyidagi savollar yo‘llangan edi:

  1. 2022 yil uchun Haj va Umra safarlarini tashkil etish bo‘yicha hamkor kompaniyani tanlab olish uchun tender qanday tartibda o‘tkazildi?
  2. Tender o‘tkazilishi haqida qaysi platformada e’lon qilingan? OAVda-chi?
  3. Tenderda ishtirok etishni istagan shirkat qay tartibda, qaysi idoraga murojaat qilgan?
  4. Tenderda ishtirok etish istagini bildirgan shirkatlar qay tartibda saralangan?
  5. Tender g‘olibi qaysi asoslarga ko‘ra g‘olib deb e’tirof etilgan?
  6. Umra-2022 safarini tashkil etish tenderida nechta shirkat qatnashish istagini bildirib, taklif yo‘llagan?
  7. Ularning nomlari va litsenziya raqamlari haqida ma’lumotlar taqdim etishingizni so‘raymiz.
  8. Tenderda «Abu Sarhad» transport-logistika kompaniyasi tanlab olingani ma’lum. Uning Haj-Umra safarlarini tashkil etishdagi imkoniyatlari haqida ma’lumotlar bersangiz;
  9. Uning boshqaruvida yoki xususiy mulkida qancha mehmonxona va katering xizmatlari mavjud?
  10. «Abu Sarhad» kompaniyasining tenderdagi takliflarini ochiqlasangiz.
  11. «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» tenderda qatnashish uchun qanday takliflar bergan?
  12. «Manazel Al-Mukhtara Trading Co»ning tanlov g‘olibi deb topilmasligi sabablariga izoh bersangiz.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasi munosabat e’lon qildi. Unda «Abu Sarhad» kompaniyasi sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda kanallari havolalari keltirilgan. Ma’lum qilinishicha, «Abu Sarhad» shirkati Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining haj va umra ziyoratlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olgan shirkatlar ro‘yxatida mavjud, «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» esa bu ro‘yxatda yo‘q.

Quyida Musulmonlar idorasi munosabati matni to‘liq keltiriladi.

«Shu yil 22 yanvar kuni ilk o‘zbekistonlik ziyoratchilar ikki yillik tanaffusdan so‘ng umra ibodati uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga yetib bordilar. Murakkab vaziyatga qaramay yurtimiz mo‘min-musulmonlari shunday ulug‘ ne’matga yetishganlari boisidan butun diyorimiz shodlikka to‘ldi.

Taassufki, xalqimiz mana shunday xursanchilikni nishonlayotgan bir pallada Kun.uz tahririyati muxbiri tomonidan masalani chuqur o‘rganmay, ikkinchi tomon javobiga sabr qilmay e’lon qilingan biryoqlama ma’lumotlar xalqimizni haqiqiy voqelikdan chalg‘itishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra masalasidagi avvalgi bayonotlarida ham qayd etganidek, umra safarini tashkil qilish bo‘yicha Saudiyadagi bir necha shirkatlar imkoniyatlari o‘rganildi. Eng avvalo, Haj va umra vazirligi talabiga asosan umra xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha podshohlikda amaldagi qonunchilikka to‘la mos keladigan litsenziyaga ega bo‘lgan shirkat bo‘lishiga katta e’tibor qaratildi. Keng qamrovli o‘rganishlar natijalarida, Saudiya Arabistonidagi «Abu Sarhad» shirkati o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun munosib, deb topildi.

Ushbu shirkatni tanlashda quyidagi asoslar, imkoniyatlar va tajribalarga tayanildi:

  • «Abu Sarhad» shirkati Saudiya Arabistonining Haj va umra vazirligining haj va umra ziyoratlari xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziya olgan shirkatlar ro‘yxatida mavjuddir!
  • Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, shirkat tashkil etilganiga 40 yil bo‘lgan. «Abu Sarhad Group» rahbari Nosir bin Abdulloh Abu Sarhad, umra shu’basi rahbari Said Umar Bahashvan va mas’ul xodimlari umra xizmatlarini ko‘rsatishda 20 yillik tajribaga ega;
  • 2020-2021 yillardagi pandemiya davridagi haj mavsumida 1500 nafarga yaqin mahalliy hojilarga xizmat ko‘rsatgan;
  • Arab davlatlari, Nigeriya, Turkiya, AQSh, Kanada, Turkiya, BAA, Italiya, Janubiy-G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlari ziyoratchilariga umra xizmatlarini ko‘rsatgan;
  • «Abu Sarhad Group» tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari uchun zamonaviy keytering xizmatlari kompaniyasi faoliyat ko‘rsatadi. Yiliga 3 million dona qadoqlangan oziq-ovqat, yana shuncha salqin ichimlik tayyorlash quvvatiga ega;
  • «Abu Sarhad Group» tarkibida shtat bo‘yicha jami 35 000 xodim mavjud. Shundan 250 nafari Umra tadbiri (avtobus, keytering, oziq-ovqat, yer usti xizmatlari)ga jalb qilingan;
  • 950 yengil avtomobil, 15 tez tibbiy yordam avtomobili, 350 ta mikroavtobus, 8 ming atrofida avtobus (shundan 1400 tasi 2022 yil modeli), yuqori darajadagi delegatsiyalarni Saudiya Arabistonida qabul qilish va olib yurish uchun premium toifadagi 25 yengil avtomobil mavjud;
  • 10 kunlik umra dasturi, Madina shahrida 5 yulduzli («Masjid un-Nabaviy» bilan 50 metr masofada) «Pullman Zamzam» mehmonxonasi, Makkada 5 yulduzli («Al-Haram» masjidiga 150 metr) «Hilton-Makka-Konvenshn» mehmonxonasi xizmat qiladi. Har ikki mehmonxona dunyoning yetakchi mehmonxonalar tizimiga mansubdir;
  • Har bir ziyoratchi uchun sovg‘a (termos, sumka, to‘shak, soyabon va h.k) beriladi. Vatanga qaytishda Zam-zam suvi, xurmo va joynamoz tuhfa etiladi.

Mana shunday imkoniyatlarning amaldagi isboti sifatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan sayt va ijtimoiy tarmoqlarda maqolalar va videoroliklar e’lon qilindi.

Avvalgi bayonotlarimizda, ijtimoiy tarmoqlarda nisbatan maqbulroq va arzonroq takliflar bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar tegishli talablarga javob bermasliklari haqida mo‘min-musulmonlik jihatidan muxtasar to‘xtalish bilan kifoyalangan edik. Biroq, mavjud vaziyat, mo‘min-musulmonlarga haqiqatni ma’lum qilish, ayniqsa, «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» shirkati nomidan yelib-yugurayotgan birodarlarning xatti-harakatlari mazkur shirkat tanlanmaganining sabablari va omillarini oshkor etishga majbur qildi:

«Manazel Al-Mukhtara Trading Co» shirkati Haj va umra vazirligining umra ibodati uchun litsenziya olgan shirkatlar ro‘yxatida mavjud emas!

2018 yilda kompaniya Haj va umra vazirligidan umra ziyorati xizmatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan. Biroq, 2020 yil iyun oyida ushbu litsenziya ma’lum sabablarga ko‘ra bekor qilingan. Shu bois, ayni kunlarda ushbu shirkat haj va umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatishi taqiqlangan.

Shirkat vakilining tanishiga tegishli «Toriq Marzuqi Al-Matrafi» umra xizmati shirkati orqali o‘zbekistonlik fuqarolarga umra-viza rasmiylashtirish va xizmatlar ko‘rsatish taklif etilgan. Lekin, ushbu taklif asosida umra xizmatlarini ko‘rsatish Haj va umra vazirligi tomonidan tasdiqlangan va amaliyotga joriy etilgan «1443 hijriy yil umra mavsum qoidalari va ish mexanizmlari» to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaning 2-bo‘limi 4-bandi bilan qat’iy taqiqlangan. Bu haqda mazkur shirkat vakillariga qayta-qayta tushuntirilgan.

Shirkat 2012 yilda Saudiya Arabistoni Savdo vazirligi tomonidan «Turar joy binolarining umumiy qurilishi» va «Maktablar, shifoxonalar, mehmonxonalar kabi noturar joylar qurilishi» yo‘nalishi uchun litsenziya berilgan. Shirkat 2016 yilda Savdo vazirligi tomonidan «Oziq-ovqat xizmatlarini ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish faoliyati»ni amalga oshirish uchun olgan litsenziyasining amal qilish muddati 2020 yilda tugagan.

Mana shu kabi sabablar va omillarga ko‘ra, «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» shirkati tanlanmadi. Eng zarur va muhim hujjatlarga ega bo‘lmagandan keyin bunday shirkatning har qanday takliflari kuchga ega bo‘lmaydi!

Shunday bo‘lsa-da, «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» shirkati mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish kabi faoliyat turlarini olib borishini tushungan holda kelgusida umra xizmatlari uchun ham tegishli litsenziyaga ega bo‘lishi va ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish ishlarida Alloh taolodan muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Kun.uz tahririyati muxbiri mazkur mavzudagi o‘z chiqishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi sha’niga nisbatan aytgan so‘zlari durust bo‘lmadi. Aniqroq ta’kidlaydigan bo‘lsak, «Manazel Al-Mukhtara Trading Co» podshohlikda amalda bo‘lgan umra xizmati ko‘rsatishga oid litsenziyaga ega emasligini yana bir bor ta’kidlaymiz. «Toriq Mazruqi Al-Matrafi» shirkati esa mazkur shirkat nomidan xizmat ko‘rsatishi qayd etganimizdek, qonunan taqiqlangan.

Shuningdek, ushbu muxbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi shartnoma imzolagan «Abu Sarhad» shirkati haqida ham turli asossiz ma’lumotlarni bayon etgani jurnalistik etikasiga to‘g‘ri kelmasligini alohida ta’kidlaymiz. Masalan, shirkatning sayti yo‘q deb iddao qildi. Lekin shirkatning rasmiy internet sayti innovatsion xizmatlar bilan faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yuqori sifat va zamonaviy xizmatlarni o‘z ichiga olgan sahifasi faol ishlamoqda. Bundan tashqari, Instagram, Twitter, Telegram kabi tarmoqlarga ham egaligini bilib olish kerak.

To‘g‘risi, Kun.uz tahririyati muxbiri shuncha asossiz ma’lumotlarni keng ommaga e’lon qilish va asl vaziyatdan mo‘min-musulmonlarni chalg‘itishga nima turtki bo‘lganini tushunmadik. Lekin, bizning maqsadimiz – ikki yildan beri orziqib kutgan hamyurtlarimiz Ikki Harami Sharif ziyoratiga yetishsin, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini faqat toat-u ibodatga sarflasin va fikr-u xayoli duo-iltijoda bo‘lsin!

Mazkur masalada uch marta munosabat bildirdik, boshqa bu mavzuga qaytish niyatimiz yo‘q, holat qanaqa ekanini ziyoratchilarning o‘zlaridan bilib olishni tavsiya etamiz», deyiladi munosabatda.

Kun.uz jurnalisti ushbu munosabatda keltirilgan havolalar va ma’lumotlar bo‘yicha yangi o‘rganishlarini olib bormoqda. Tez orada natijalar e’lon qilinadi.

Top