14:41 / 24.01.2022
27471

Farg‘ona shahriga yangi hokim tayinlandi

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga o‘tkazilgan Mirzohid Ubaydullayev o‘rniga Vosiljon Nazarov Farg‘ona shahrining yangi hokimi bo‘ldi. U shu vaqtgacha Bog‘dod tumani hokimi edi.

Bugun, 24 yanvar kuni Xalq deputatlari Farg‘ona shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Sessiyada ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar, qilingan ishlar va oldinda turgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Viloyat hokimi Vosiljon Shuhratovich Nazarov nomzodini Farg‘ona shahar hokimi lavozimiga tavsiya qildi.

Vosiljon Nazarov

«Tashabbuskor, izlanuvchan rahbar, befarq emas, harakatchan, fidoyi, yosh kadrlardan biri», dedi viloyat hokimi.

Tavsiya etilgan nomzod shahar kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Vosiljon Nazarov 1984 yil Buvayda tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2006 yildan moliya tizimida mehnat qilib kelgan, 2019-2021 yillarda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2021 yildan Bog‘dod tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Bundan oldinroq Vosiljon Nazarov o‘rniga Farg‘ona viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yusufjon Husainov Bog‘dod tumani hokimi etib tayinlangani xabar qilingandi.

Yusufjon Husainov
  • Farg‘ona shahriga 2021 yil fevralidan hokimlik qilgan Mirzohid Ubaydullayev 2021 yil dekabrida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari – Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlangandi.
Mavzuga oid
Top