21:45 / 24.01.2022
22647
O‘zbekistonda “Mehr daftari” ochildi. U nima?

“Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” va “Oltin daftar” qatoriga “Mehr daftari” ham qo‘shildi.

Hukumat qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

“Mehr daftari”ga yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar kiritiladi.

Mehribonlik uylari, bolalar shaharchalari va bolalar mahallalarining bolalari hamda vasiylikdagi bolalar shular jumlasidan.

“Mehr daftari” bilan hokimliklar shug‘ullanadi. Daftarning elektron tizimiga ma’lumot kiritilishini Milliy gvardiya nazorat qiladi.

Yetim bolalar 25 yoshga to‘lganda daftardan chiqariladi.

Buning uchun ularning uyi va ishi bo‘lishi kerak.

Agar shaxs uysiz va ishsiz bo‘lsa, yana 5 yilgacha daftarda turadi.

“Mehr daftari” jamg‘armasi ham tuziladi. Alkogol mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tushumining 3 foizi shu jamg‘armaga o‘tkaziladi. Homiylik va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar ham jamg‘arma manbasi bo‘la oladi.

Jamg‘arma yordamida “Mehr daftari”ga kirgan bolalar:

  • iste’dodi qo‘llab-quvvatlanadi;
  • bandligi ta’minlanadi;
  • sog‘ligi tiklanadi;
  • kommunal qarzlari qoplanadi;
  • bolalarga vasiylik qilgan oilalar qo‘llab-quvvatlanadi.

“Mehr daftari”ning jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Vasiylik kengashi ham tashkil etiladi. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va sarflash Vasiylik kengashi qarori asosida amalga oshiriladi. Daftardagi yoshlarga ko‘rsatiladigan moddiy yordam ham kengash qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Bunda moddiy yordam BHMning 35 baravarigacha bo‘ladi. Biroq muammolarning hajmi va hayotiy muhimligidan kelib chiqib 35 baravar BHMdan ko‘p, lekin BHMning 50 baravaridan oshib ketmagan miqdorda ajratilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top