22:11 / 24.01.2022
59082
Ukraina inqirozi. Tahlillar urush xavfi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda

Kuchlar muvozanati ta’minlanmagan, funksiyasini bajaruvchi xalqaro tashkilot mavjud bo‘lmagan sharoitda aholisi orasida yetarli qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan Rossiya Ukrainada Qrim yoki Abxaziya ssenariylarining takrorini namoyish etishi mumkin.

Foto: Susan Walsh/Associated Press

Ukraina tarixiy, geostrategik va ijtimoiy-etnik jihatdan Rossiya «buyuk davlatchilik» qarashlarining «marvaridi» hisoblanadi.

Tarixan, ilk rus davlatchiligi Ryurikovlar sulolasi tomonidan asos solingan Kiyev Rusi davlatiga borib taqaladi. Shuningdek, Rossiya tarixining eng muhim hodisalaridan biri bo‘lgan pravoslav dinining qabul qilinishi aynan Kiyev Rusi knyazi Vladimir davrida amalga oshirilishi ham mazkur yerlarning rus xalqi uchun qadrini yana bir pog‘onaga oshiradi.

Ijtimoiy va etnik qarashlar esa panslavyanizm yoki «sobiq ittifoqdoshlik» kabi tushunchalarda o‘z aksini topadi. SSSR davriga urg‘u berilganda Ukraina «eng yaqin ittifoqdosh», Rossiyadan keyingi qizil imperiyaning «ikkinchi» davlati sifatida, Chor Rossiyasi va mustaqil Rossiya davri nuqtayi nazaridan esa ukrainlar xuddi ruslar kabi sharqiy slavyan etnosi tarkibidagi millat sifatida qabul qilingan.

Shuningdek, harbiy-strategik jihatdan ham Ukraina hududlari, Polsha va Belarus yerlari bilan birgalikda, Moskva uchun juda muhim rol o‘ynaydi. Aynan G‘arbiy Ukrainaga egalik qilgan Polsha o‘rta asrlar Rossiyasida hokimiyat Ryurikovlardan Romanovlarga o‘tish yillari Moskvaga tahdid sola olgan. Yoki Polshani mag‘lub etgan Napoleon XIX asr boshlarida, Polshaning katta qismini qo‘lga kiritgan Gitler esa Ikkinchi jahon urushi boshlarida Moskva ostonalarigacha yetib kela olgan.

Xalqaro munosabatlardagi neorealizm maktabi vakili, Amerika dengiz akademiyasi va Yangi Amerika xavfsizlik markazi instituti xodimi Robert Kaplan o‘zining «Geografiyaning qasosi»(«Revenge of geography») kitobida Rossiya aynan tabiiy chegaralarga ega emasligi tufayli hududlarini tizimsiz kengaytirib borganini ta’kidlaydi. Shu sabab Rossiya imperiyasi shimolda Shimoliy muz okeanigacha, sharqda Sibir va Uzoq Sharq kengliklari orqali Tinch okeanigacha, janubda Markaziy Osiyo orqali Pomir va Hindikush tog‘larigacha, janubi-g‘arbda Kavkaz tog‘larigacha kengaygan. Ikkinchi jahon urushi yakuniga yaqin, 1944 yilda SSSR chegaralarini tiklagan Stalin qo‘mondonligidagi qizil armiyaning g‘arbda Berlingacha yetib borishi ham Polsha, Napoleon va Gitlerning Sharqiy Yevropa kengliklaridagi istilolar ssenariysining takrori edi.

Moskva xavfsizligi uchun geostrategik ahamiyatga ega bo‘lgan davlatlardan biri hisoblab kelingan Polshani o‘z tarkibiga qo‘shib olgan NATO ikkinchi juda muhim hudud – Ukrainani a’zo sifatida qabul qilishga urinishi Kremlni tashvishga solishi tabiiy holdir.

Kiyevning Moskva uchun tashqi siyosatdagi asosiy raqobatchisi bo‘lgan G‘arb koalitsiyasi tarkibiga o‘tishi Rossiyani tarixiy ildizlaridan uzadi, etnik-madaniy dunyosini yanada parchalaydi hamda NATOni amaldagi poytaxtiga strategik xavf solishi mumkin bo‘lgan nuqtagacha olib keladi. Shu sabab Ukrainaning Shimoliy Atlantika Shartnomasi tashkilotiga kirishga urinishi ayni yuqoridagi o‘ta muhim faktorlarga ko‘ra ham Boltiq davlatlarining ushbu tashkilotga a’zoligiga qaraganda ancha jiddiyroq reaksiyani keltirib chiqarmoqda.

Sharqiy Yevropada vujudga kelgan ushbu vaziyat Rossiyaning chegara yaqiniga harbiy qismlarini olib kelishi bilan inqirozga aylandi. Rus diplomatlarining Ukrainadan evakuatsiya qilinishi fonida ayrim tahlilchilar hattoki Rossiyaning keng ko‘lamli hujumga o‘tish ehtimolini ham aytishmoqda.

Urush bo‘ladimi?

Xalqaro munosabatlar fani aktorlar (siyosiy nazariyalarga ko‘ra farqlanadi) o‘rtasidagi aloqalarni turli nazariyalar yoki metodlar yordamida tahlil qilish va prognozlar berishga imkon beradi. Realizm, liberalizm, marksizm kabi eng mashhur nazariyalar va tarixiy-qiyosiy tahlil metodi orqali ishlab chiqilgan modellar orqali ehtimoliy ssenariy tuzish va rus-ukrain chegarasidagi ayni vaziyatni o‘rganish samarali bo‘lishi mumkin.

Realizm nuqtayi nazaridan olib qaraganda xalqaro munosabatlarning yagona aktori bo‘lgan davlatlar o‘z mustaqilligini saqlab qolish maqsadida kuch to‘playdi yoki kuchli koalitsiyalar tarkibiga kiradi. Bu jarayon kuchlar muvozanati (balance of power) shakllanishiga olib keladi hamda dunyo tartibotida barqarorlik shakllanadi.

Ko‘rinib turibdiki, nisbatan kuchli bo‘lgan raqib Rossiyaga qarshi turish uchun Kiyev ham aynan kuchli tashkilot NATO bilan hamkorlik o‘rnatishga intilmoqda. NATO va Rossiyaning harbiy potensialidagi yaqinlik xalqaro maydonda kuchlar  muvozanatini hamda shu orqali rus-ukrain chegarasida tinchlikni ta’minlashi mumkin bo‘ladi. Biroq urush bo‘lsa, NATO Ukrainaga yordam beradimi?

NATOni tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvning 5-moddasida «NATOning bir a’zosiga nisbatan uyushtirilgan hujum, NATOning barcha a’zolariga nisbatan uyushtirilgan hujum deb qabul qilinadi» deb yozib qo‘yilgan. Lekin Ukraina NATOga a’zo davlat hisoblanmaydi va ayni paytda kuchlar muvozanatini ta’minlashning imkoni yo‘q.

Liberalizm nazariyasiga ko‘ra, xalqaro munosabatlarning aktorlariga davlatlardan tashqari xalqaro tashkilotlar ham kiradi. Ya’ni Rossiya va Ukraina birgalikda a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilot ushbu inqirozli vaziyatda vositachi sifatida rol o‘ynashi va muammoga yechim topish uchun xizmat qilishi mumkin.

Moskva va Kiyev vakillari masalalarni muhokama qilish uchun uchrashishi kerak bo‘lgan tashkilot Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) bo‘lishi mumkin edi. Ammo 2018 yil Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenkoning tashkilotdan chiqish haqidagi bayonotidan keyin bu amalda imkonsiz yechimga aylangan.

Marksizm esa proletariatni kapitalistik «zulmga» qarshi kurashga chaqiradi hamda hozirgi davrda ham xalqaro munosabatlarda prognozlash uchun samarali vosita bo‘lishi mumkin. Bunga sabab, Rossiya aholisi orasida sobiq ittifoq ta’lim tizimi asosida dunyoqarashi shakllangan odamlar mavjudligi va ularning hamon g‘arbiy kapitalizm yurtiga bostirib kelayotganiga ishonishidir. Ular Ukrainaning G‘arb koalitsiyasiga qo‘shilishini bevosita o‘z davlatlariga xavf deb bilishlari muammoga yechimdan ko‘ra, ko‘proq vaziyatni chigallashtirishga xizmat qiladi. Faqatgina Rossiyadagi yosh qatlam keng ko‘lamli urushga qarshi chiqishi mumkin.

Tarixiy-qiyosiy tahlil metodiga ko‘ra o‘xshash voqealarni o‘zaro qiyoslab, o‘xshash oqibatlarni prognoz qilish mumkin bo‘ladi. Yaqin tarixda bu kabi hodisalar ikki marta sodir bo‘lgan: Abxaziya va Qrimda.

Har ikki tarixiy jarayonda NATO bevosita aralashishdan tiyildi va Rossiya yangi «mustaqil» davlat tuzishga yoki yangi yerlarga ega bo‘lishga imkon topa oldi.

Ssenariy

AP Photo/Ivan Sekretarev

Tahlillar Rossiyaning Ukraina bo‘ylab harakatlanishga imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda. Har holda kuchlar muvozanati ta’minlanmagan (realizm), funksiyasini bajaruvchi xalqaro tashkilot mavjud bo‘lmagan (liberalizm), aholisi orasida qo‘llab-quvvatlovchilari yetarli bo‘lgan (marksizm) holda tarixiy tajribaga asoslanib, Qrim yoki Abxaziya ssenariylari takrorlanishini kutish mumkin. Zero, Ukraina atrofidagi ayni vaziyat yangi urush boshlanishi mumkinligiga ishoralar bermoqda.

Ma’lumot uchun, 2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegara yaqiniga 100 ming atrofida harbiy joylashtirgan. G‘arb davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligidan xavotirlanmoqda, rasmiy Moskva esa buni rad etib, chegaraga qo‘shin tashlashini mashg‘ulotlar bilan izohlagan.

Moskvaning talabi: Ukraina va Gruziya hech qachon NATOga qabul qilinmasligi bo‘yicha yuridik kafolat berilishi kerak. Kreml G‘arbni Ukrainani qurollantirish va uni NATOga tortishda ayblayapti. Rossiya–NATO, Bayden–Putin va Blinken–Lavrov muzokaralari vaziyatni yumshatishga yordam bermadi.

Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashishi fonida AQSh va Buyuk Britaniya Kiyevdagi diplomatik missiyalari xodimlarining bir qismi va ularning oila a’zolarini evakuatsiya qilishga kirishgan.

The New York Times gazetasi esa 22 yanvar kuni o‘z manbasiga asoslangan holda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Boltiqbo‘yi va Sharqiy Yevropaga bir necha ming qo‘shin jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqatgan.

Shahboz Jo‘rayev, Doston Ahrorov

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top