12:05 / 25.01.2022
22428
Qozog‘iston va Qirg‘izistonning bir qancha yirik shaharlari ham elektr ta’minotisiz qolgan

Qirg‘izistonning Norin, Bishkek, O‘sh va Issiqko‘l, Qozog‘istonning Olmaota, Chimkent, Taroz, Jambil va Turkiston viloyatlarida ham «svet» o‘chgan.

Foto: Kun.uz

Qozog‘iston janubidagi yirik shaharlarda ham «svet» o‘chgan. Bu haqda Orda.kz portali xabar bermoqda.

«Olmaota, Chimkent, Taroz, Jambil, Turkiston va mamlakat janubidagi boshqa shaharlar elektr energiyasidan uzilib qoldi. Olmaotada elektr quvvati yetishmasligi shaharning barcha tumanlarida kuzatilmoqda.

Xuddi shunday muammolar O‘zbekiston va Qirg‘iziston shaharlarida ham uchrab turibdi. Toshkentda suv ta’minotida muammolar bor, svetoforlar, metro ishlamayapti. Qirg‘izistonning Norin, Bishkek, O‘sh va Issiqko‘l viloyatlarida ham elektr energiyasi o‘chirilgan», deyiladi xabarda.

Taxminan soat 11:00 lardan boshlab O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida elektr energiyasi tizimida uzilishlar kuzatilmoqda. Energetika vazirligiga ko‘ra, ayni paytda o‘rganish ishlari olib borilyapti va tez orada ta’minot tiklanishi bo‘yicha ma’lumot beriladi.

Xpress'ning yozishicha Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiya tizimi o‘zaro muvofiqlikda faoliyat yuritadi, shu sababli bir mamlakatda sodir bo‘lgan yirik avariyalar bir lahzada boshqa davlatlar elektr ta’minotida ham seziladi. Mintaqadagi elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi «Energiya» nomli muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi Toshkentda joylashgan.

Yalpi uzilish boshlanganiga qariyb 1 soat o‘tgan bo‘lsa-da, biror elektr stansiyasida katta avariya ro‘y bergani haqida aytilmayotganidan kelib chiqib, muammo tizim boshqaruvida ekanini taxmin qilish mumkin.

Mavzu
O‘zbekistonda blekaut
25 yanvar kuni O‘zbekiston bo‘ylab svet o‘chib qoldi. Bu barcha sohalarga jiddiy ta’sir qildi.
Barchasi
Top