19:14 / 26.01.2022
6635
2021 yilda budjet tashkilotlarida ishlovchi 3050 kishi korrupsiyaga qo‘l urdi

2021 yilda davlat organlari va tashkilotlarida ishlovchi 3050 nafar xodim tomonidan 4 186 ta holatda korrupsion jinoyat qayd etilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hisobotida ma’lum qilindi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Durdona Ochilova 2021 yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid statistik raqamlarni Kun.uz'ga taqdim etdi.

Qayd etilishicha, yil davomida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 26 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan va hozirda ushbu hujjatlardan 8 tasi qabul qilingan.

2021 yilda Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi buzilganligi bilan bog‘liq 142,7 mlrd so‘m miqdoridagi moddiy zarar yetkazilishiga doir holatlar aniqlangan. Aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan umumiy 49 ta jinoyat ishi va 24 ta ma’muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilning o‘tgan 12 oyi mobaynida 6 294 nafar shaxslar tomonidan 7 953 ta korrupsion holatlar bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan.

Shundan, davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishga oid 3 050 nafar shaxs tomonidan 4 186 ta korrupsion holat bilan bog‘liq jinoyatlar hisobga olingan.

Shuningdek, Aksilkorrupsiya agentligiga 2021 yilda kelib tushgan 4 901 ta murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qonunbuzilish holatlari yuzasidan 53 ta taqdimnoma, 9 ta ogohlantirish hamda 58 ta so‘rovnomalar kiritilgan.

“Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan eng ko‘p ta’lim, sud, qurilish sohasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qilingan.

O‘rganishlar natijasida, qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan 32 ta qaror bekor qilindi, taqdim etilgan hujjatlarga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 11 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 24 ta ma’muriy javobgarlik hamda 8 ta intizomiy javobgarlik choralari qo‘llanildi”, – deyiladi agentlik matbuot kotibi Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 yil davomida xalqaro hamkorlikka oid 10 ta hujjat (memorandum, hamkorlik dasturlari) imzolangan.

Mavzuga oid
Top