23:00 / 26.01.2022
23513

CIT: rossiyalik desantchilarni Ukraina chegarasi yaqiniga olib kelish boshlandi

Conflict Intelligence Team (CIT) surishtiruv guruhi rossiyalik desantchilar Ukraina chegarasi yaqiniga tashlanayotgani haqida xabar qildi.

24 yanvar kuni TikTok ijtimoiy tarmog‘ida temir yo‘l bo‘ylab tashilayotgan harbiy texnikalar videosi paydo bo‘lgan. Mazkur rolik Belarus va Ukraina chegarasida joylashgan Bryansk oblasti hududida tasvirga olingani aytilgan.

Videoda texnikalar ortilgan va brezent bilan yopib qo‘yilgan temir yo‘l tarkibini ko‘rish mumkin. Tadqiqotchi Robert Lining xabar qilishicha, tarkib 31ta «BMD-4M» jangovar desant mashinalari va sakkizda «BTR-MDM» zirhli transportyorini olib kelgan.

«Bundan tashqari, poyezd tarkibidan beshta yo‘lovchi vagoni ham o‘rin olgan bo‘lib, u 250 dan ortiq kishini tashish imkonini beradi. Shuningdek, biz platformalarda havo-desant kuchlari uchun mo‘ljallangan sakkizta qisqartirilgan ikki o‘qli «KamAZ-43501» yuk mashinalarini sanadik», deya xabar beradi CIT.

Rossiya temir yo‘llari ma’lumotlar bazasi ma’lumotiga ko‘ra, poyezd Ivanovo oblastidagi «Tekstilniy» stansiyasidan harakatlangan, 98-havo-desant diviziyasining 217-gvardiya parashyut-desant polki aynan shu yerda joylashgan. «Bu desantchilarning Ukarina chegarasi yaqiniga joylashtirilayotganini isbotlovchi ilk video», deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Keyinroq Belarus mudofaa vazirligi Brestga «Ittifoqchilik jasorati» qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun «rossiyalik desantchilar esheloni» kelganini ma’lum qildi.

  • Yanvar oyida Belarusda Ittifoq davlatining javob qaytarish kuchlarini tekshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlandi. Rossiyalik harbiylar mamlakatda 9 fevralgacha qolishi ko‘zda tutilgan, 10-20 fevral kunlari Rossiya-Belarus harbiylarining «Ittifoqchilik jasorati — 2022» qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlarda Belarus Qurolli kuchlari to‘liq tarkibda harakatlanadi, Rossiya esa Sharqiy harbiy okrug, Havo-kosmik kuchlari va Havo-desant kuchlarini jalb etgan.
  • 2021 yil kuzidan Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida harbiylarini to‘play boshladi, bu esa G‘arb davlatlarida Ukrainaga hujum tayyorlanayotgani bo‘yicha xavotirlar paydo qildi. Rossiya hukumati harbiylarning harakatini mashg‘ulotlar bilan izohlagan va hech kimga hujum qilmoqchi emasligini bildirgan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top